Moskvaga hujumlar kuchaymoqda: qurbonlar bor, eng yirik Wildberries ombori yo‘q qilindi
16 avgust kuni Ukraina Moskva va Moskva viloyatiga ommaviy dron hujumini amalga oshirdi. Hujum oqibatida Podolsk yaqinidagi Koledino hududida joylashgan Wildberries’ning yirik logistika majmuasida kuchli yong‘in chiqdi.
Bu kompaniya majumalariga birinchi zarba emas. Moskva viloyatidagi Domodedovo hududida joylashgan kompaniyaning yana bir logistika ob’yekti ham zararlangan. Ukraina Mudofaa vazirligi esa Rossiyadagi Wildberries’ning 10 ta yirik logistika markazidan 7 tasi ishdan chiqarilganini bildirdi.
Dronlar hujumi sabab Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlarida parvozlar vaqtincha cheklandi. Rossiya Mudofaa vazirligi bir kechada 200 dan ortiq dron urib tushirilganini ma’lum qildi.
Rossiyaning Belgorod oblastida qurbonlar haqida xabar berildi. Koloskovo shahriga raketa zarbasi oqibatida 6 nafar tinch aholi halok bo‘lgani, yana 4 kishi, jumladan 14 yoshli o‘smir jarohatlangani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Rossiyaning Kiyevga qilgan navbatdagi havo hujumi oqibatida shaharning yirik kitob bozorlaridan biri yondi. Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlarida ham tinch aholi orasida qurbonlar va jabrlanganlar borligi xabar qilingan.
Hujumlar fonida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 22-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. YeI tashqi siyosati rahbari Kaya Kallasning aytishicha, yangi paket 2022 yildan beri eng yirik sanksiyalar to‘plami bo‘ladi.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.