“Sihat tilasang, kam ye...”

Uzoq yillik do‘stim, viloyat Kengashi deputati O‘ktam Saidmurodov har yili shu paytda Samarqand shahrining Bog‘ibaland mahallasidagi anjirzorga, aniqrog‘i, Sharof boboning bog‘iga sinfdoshlari va safdoshlarini chorlaydi.

Bu galgi davrada jurnalistlar, oshpazlar, diyetolog va tadbirkorlar jam bo‘ldik.

“Zarafshon”da O‘ktam Saidmurodovning o‘z o‘rni bor: gazetamizni muntazam o‘qiydi, takliflar aytadi, maqolalar yozib turadi. Bu gal suhbat mavzusini ham o‘zi belgiladi. Gap oqilona ovqatlanish, sog‘lom turmush va uzoq umr ko‘rish sirlari haqida bordi.

- Dunyoni anglash, avvalo, o‘zini anglashdan boshlanadi, - so‘z boshladi O‘ktam Saidmurodov. - O‘zini anglash esa oqilona ovqatlanishdan boshlanar ekan. Masalan, bobom, otam nonushta paytida tuxum bilan sutni birga yemaslik zarurligini aytardilar. Mevalarni ovqatdan oldin, alohida taom sifatida tanovul qilardik. Bugun esa ularni hazmi taom sifatida berishyapti.

Go‘shtli ovqat haftada bir marta pishirilardi. Moshxo‘rda, qayish kabi taomlar bo‘lardi. Kam yeyish, me’yorni bilish - salomatlikning muhim shartlaridan biri ekanini kattalarimiz yaxshi bilgan. Yahudiy bir tanishim aytishicha, ular Ibn Sino bobomizning “Tib qonunlari” kitobidan odam mijozi, taomlarning issiq-sovuqligi to‘g‘risidagi tavsiyalarni o‘zlariga moslab, soddalashtirib chiqarib olishgan va har bir oilada bu kitob bor ekan.

Suhbatga ko‘p yillik tajribaga ega usta oshpaz Ravshan Vohidov qo‘shildi:

- Katta onam kuniga ikki mahal ovqat yerdilar. Meva-cheva, qovun-tarvuz alohida taom sifatida yeyilardi. 100 yoshdan o‘tib vafot etdilar. Onam esa 97 yil yashadilar. Umuman, inson umri, salomatligi ko‘p jihatdan uning tanovul qiladigan ovqatiga bog‘liq. Esimda, Samarqand shahrida ikki joyda haftada bir kun tovuq savdosi bo‘lardi. Yahudiylar o‘sha yerdan tovuq olishardi. So‘yishdan oldin tovuqni o‘zlarining qassobiga ko‘rsatishardi. U qassob tovuqni tekshirib ko‘rib, sog‘lom bo‘lsa, so‘yib yeyishga ruxsat berardi. Mabodo kasallik topsa, uni arzonga bo‘lsa ham qayta sotib yuborishardi. Yahudiylar o‘z sog‘ligiga ana shunday mas’uliyat bilan qarashardi. Bizning qassoblar esa ba’zan qari mol go‘shtini yosh molning go‘shti, deb sotishadi. Hatto, o‘lib qolgan mol go‘shtini sotganlar ham uchrayapti.

- Bu gaplarda jon bor, - suhbatga qo‘shildi tadbirkor Rahmatjon Egamberdiyev. - Biz mijozimizni, tanovul qiladigan ovqatimizning foyda-zararini yaxshi bilmaymiz. Vaholanki, ota-bobolarimiz, momo-onalarimiz buni yaxshi bilishgan. Bu haqda hamma tushunadigan maxsus kitobchalar qilib, har bir oilaga tarqatish kerak. Tibbiyotda ham diyetologlar obro‘sini ko‘tarish zarur.

- Ha, otangizga balli, haq gapni aytdingiz, - deydi Soli oqsoqol. - Inson sog‘lig‘ini kasal bo‘lganidan keyin emas, kasal bo‘lmay turib o‘ylashi kerak. Parhez degani och qolish yoki o‘zini qiynash emas. Bu - nima, qancha va qachon yeyishni bilish, me’yorni saqlash demak. Ortiqcha ovqatdan tiyilish, yog‘li va shirin taomlarni me’yorlash, ko‘proq sabzavot va mevalar iste’mol qilish tanaga yengillik beradi. Parhezga rioya qilish ortiqcha vaznning oldini oladi, qand miqdorini nazorat qiladi.

Oqsoqol bir lahza anjirzorga nazar tashladi.

- Mana, anjirning o‘zi ham tabiatning katta ne’mati. Anjirni mavsumida me’yorida tanovul qilish salomatlik uchun foydali. Uning tarkibida kletchatka, vitamin va minerallar bor. Hazm jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi, organizm uchun zarur bo‘lgan bir qator moddalar bilan ta’minlaydi. Shuning uchun ota-bobolarimiz dasturxonida anjir alohida o‘rin tutgan. Lekin har qanday ne’mat singari anjirni ham me’yor bilan yeyish kerak. Axir, «Sihat tilasang, kam ye», deb bejiz aytilmagan-da.

Davra qizg‘in suhbat, o‘zaro bahslashish bilan davom etdi. Mavzu esa o‘zgarmadi: sog‘lom ovqatlanish katta va murakkab qoidalardan emas, avvalo, me’yordan boshlanishi bot-bot takrorlandi. Nimani yeyishni bilish qanchalik muhim bo‘lsa, qancha yeyishni bilish ham shunchalik muhim. Tabiat bergan ne’matlardan, jumladan, anjirdan bahramand bo‘lish, ammo me’yorni unutmaslik - sog‘lom va barakali umrning oddiy, ammo muhim shartlaridan biri.

“Sihat tilasang, kam ye...” degan xalqona hikmatning qadrini esa kishi yillar o‘tishi bilan yanada chuqurroq anglaydi.

Farmon Toshev.