Maktab ustaxonasida uyg‘ongan biznes

Mebelchilikka maktabda o‘qiyotgan paytimda qiziqish uyg‘ongan. Samarqand tumanidagi 33-maktabda 6-sinfda mehnat darslarida hunarmandchilikni o‘rgana boshladik. Bu dars menga shu qadar yoqib qoldiki, 8-sinfga kelib, darsdan keyin o‘qituvchimiz Rustam Naimovning ustaxonasiga borib, mebel yasashni o‘rgana boshladim.

Maktabni tamomlagach, kasb-hunar bilim yurtida, keyin Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida o‘qidim, bir vaqtda mebel yasashni ham davom ettirdim.
Dastlabki mijozlar ham ko‘p emas, uyimdagi sexga qo‘shnilar, tanishlar, do‘stlar kelib, uyiga mebel buyurtma qilardi. 1993 yilda xususiy korxona ochib, ishlab chiqarishni kengaytirib bordim. Yangi dastgohlar, yangi mutaxassislar, yangi buyurtmalar paydo bo‘ldi. Mahsulot turlari ko‘paydi, ishlab chiqarish hajmi ortdi.

Keyinchalik “GULOBOD MEBEL” MChJ butunlay boshqa miqyosdagi korxonaga aylandi. Bu yerda qariyb 500 nafar ishchi mehnat qiladi, 200 dan ortiq turdagi mebel ishlab chiqariladi. Korxonamiz mahsulotlari Samarqand, Buxoro va Toshkentdagi firma do‘konlarida xaridorlarga taklif etilmoqda. Bir vaqtlar kichik xonadondagi ustaxonada tayyorlangan mebel bugun O‘zbekiston chegaralaridan ancha olislarga — Rossiya, Qozog‘iston va Tojikistonga eksport qilinmoqda.
Yaqinda, Tadbirkorlar kuni arafasida mehnatimiz munosib e’tirof etilib, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu mukofot ko‘p yillik mehnatim, izlanishim, qat’iyatim va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi yutuqlarimga berilgan baho bo‘ldi.
Oldinda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish maqsadlari turibdi. Demak, yangi loyihalar, yangi mahsulotlar va yangi marralar bor.

Farhod Rahmatov,
Samarqand tumanidagi “GULOBOD MEBEL” MChJ direktori, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi.