Mashinaga almashtirilmagan kitoblar
Qishlog‘imizda faxriy pedagog, qalbi ma’rifat nuri bilan yo‘g‘rilgan tabarruk inson — Zayniddin domla yashar edilar. Bolalik va o‘smirlik yillarimda bu fayzli xonadonga tez-tez yo‘lim tushar, kitob olardim.
Go‘yo har safar u yerdan qo‘limda kitob bilan emas, butunlay yangi bir olamni kashf etgan holda qaytardim. Domlaning kamtargina, ammo fayzu barakasi arimaydigan xonadoni, javonlarga sig‘may terilgan kitoblari, muborak yuzlaridagi sokin tabassum hali-hamon xotiramda. Domla kitobni hech qachon shunchaki qo‘lingizga tutqazib qo‘ymasdilar. Asarning mazmuni, muallifning hayot yo‘li, ijodiy olami haqida shunday maroq va mehr bilan so‘zlar edilarki, ularni tinglab to‘ymasdingiz. Kitobni o‘qib qaytarganingizdan keyin esa o‘qiganlaringiz haqida siz bilan tengdoshdek fikrlashar, kutilmagan va teran savollari bilan mushohadaga chorlardilar. U kishining huzurida o‘tgan har bir daqiqa — saboq, har bir suhbat esa hayot darsi edi.
Bir kuni bu xonadonga mahallaning o‘ziga bino qo‘ygan, mol-dunyosi bilan maqtanishni xush ko‘radigan bir boyvachcha yigit kirib keldi. Xonadagi javonlarda taxlanib yotgan, yillar davomida yig‘ilgan minglab nodir kitoblarni ko‘rib, cho‘ntagidan o‘sha davrning eng havasli ulovi — yangi «Jiguli»ning kalitini chiqardi.

Kalitni chir aylantirib, domlaning oldiga qo‘ydi.
— Domla, keling, shu uydagi hamma kitoblaringizni menga bering. Mana, bu mashina sizniki bo‘ladi. Kalitni oling-da, maza qilib minib yuring! — dedi u o‘z taklifidan mamnun holda.
Xonada bir zum sukut cho‘kdi.
Atrofdagilarning nafasi ichiga tushib, domlaning javobini kuta boshladi. Kimdir bu taklifdan hayratga tushdi, kimdir ustozning kamtarona hayotini o‘ylab, ich-ichidan: «Rozi bo‘la qolsalar edi», deb qo‘ydi.
Ammo Zayniddin domla zarracha hayajonga tushmadi. Xotirjamlik bilan yigitga qarab, mayin tabassum qildi.
— Bolam, sen bugun maqtanib ko‘rsatayotgan bu temir matohning ham umri bor. Vaqt o‘tib eskiradi, zanglaydi, buziladi va oxir-oqibat temir-tersakka aylanadi. Ammo bu kitoblardagi ilm hech qachon eskirmaydi. Uning qiymati yillar o‘tgani sari ortib boraveradi.
Domla bir lahza javonlarga qarab oldilar.
— Men butun umrimni, yoshligimni, kuchimni va sog‘lig‘imni shu ma’naviy xazinani yig‘ishga bag‘ishladim. Ayt-chi, bolam, qalbimning bir bo‘lagini qanday qilib o‘tkinchi, erta-indin yo‘q bo‘lib ketadigan buyumga almashtiraman, — dedilar.
Bu shunchaki rad javobi emas edi. Bu — butun umrini ilmga bag‘ishlagan insonning hayot falsafasi edi. Shu kuni xonada hozir bo‘lganlar bir haqiqatni yana bir bor anglab yetdilar: asl boylik — qo‘ldagi mol-dunyoda emas, insonning ongida, ma’rifatida va yuksak qalbidadir.
Zayniddin domlaning kamtargina uyi aslida qishlog‘imizning eng bebaho xazinaxonasi edi. Uning ostonasidan kitob so‘rab kirgan har bir inson qo‘lida ilm, qalbida esa ziyo bilan chiqardi. Yillar oqar suvdek o‘tib ketdi. O‘sha paytda ko‘z-ko‘z qilingan «Jiguli»lar allaqachon zanglab, temir-tersakka aylandi. Ularning o‘rnini yangi-yangi, zamonaviy mashinalar egalladi. Zayniddin domlaning kitoblari-chi? Ular hali ham yashamoqda. U kitoblar orqali qalblarga singgan ma’rifat, o‘qilgan asarlardan olingan saboqlar, insonlar ongiga ekilgan ezgulik urug‘lari hanuz meva bermoqda.
Shuhrat Normurodov.