Atigi 10 daqiqa rasm chizish asab tizimini tinchlantirishi mumkin
Ko‘pchilik rasm chizishni bolalikdagi mashg‘ulot yoki ijodkorlik bilan bog‘laydi. Ammo keyingi yillarda rasm chizish va bo‘yash kabi oddiy faoliyatlar stressni kamaytirish uchun ham qo‘llanila boshladi.
Buning uchun rassom bo‘lishingiz shart emas. Hatto chiroyli rasm chizish ham shart emas. Oddiy chiziqlar, shakllar, spirallar, doiralar yoki xohlagan narsangizni qog‘ozga tushirishning o‘zi yetarli.
Stress paytida miya ko‘pincha bir xil fikrlarni qayta-qayta aylantiradi: «Nima bo‘ladi?», «Agar bu ish o‘xshamasa-chi?».
Bunday fikrlar asab tizimini yanada qo‘zg‘atishi mumkin. Rasm chizish esa diqqatni ichki fikrlardan tashqi harakatga yo‘naltiradi. Qalam qayerga harakat qilayotgani, chiziqning shakli, qog‘ozda paydo bo‘layotgan tasvir - bularning barchasi miyaga konkret sensor va motor vazifa beradi.
Natijada inson bir muddat o‘zining xavotirli fikrlaridan uzilishi mumkin. Asosiy g‘oya - insonning qisqa vaqt davomida diqqatini bir nuqtaga jamlashi va ijodiy jarayonga kirishi. Rasm chizish jarayoni asta-sekin «oqim holati»ga yaqinlashtirishi mumkin. Inson natija haqida emas, jarayonning o‘zi haqida o‘ylay boshlaydi. Chiroyli rasm chizish, xatolarni o‘chirish yoki natijani mukammal qilishga harakat qilish kerak emas. Shunchaki xayolingizga kelgan narsani chizing, doiralar, chiziqlar, shakllar yoki oddiy naqshlar yarating.
Tadqiqotlarda ijodiy faoliyatdan keyin ayrim ishtirokchilarda stress bilan bog‘liq fiziologik ko‘rsatkichlar, jumladan kortizol, pasaygani kuzatilgan. Eng oson usul: qog‘oz va qalam oling, telefonni chetga qo‘ying, 5–20 daqiqa vaqt ajrating, istagan narsangizni chizing, rasmingizni baholamang!
Ba’zida miyaga yana bir video, xabar yoki ijtimoiy tarmoq emas, shunchaki 10 daqiqa qog‘oz va qalam kerak bo‘ladi.