Kecha Moskva, bugun Yaroslavl: Ukraina urush davomidagi eng yirik hujumlardan birini amalga oshirdi, Rossiya yadroviy mashqlar boshladi

Kecha Moskva viloyati so‘nggi bir yil ichidagi eng yirik dron hujumlaridan biriga duch keldi, deya xabar qildi poytaxt va viloyat rasmiylari. Ma’lum qilinishicha, 500 dan ortiq dron uchirilgan. Mamlakatning asosiy aeroportlari vaqtincha yopildi.

Ukraina dronlarining Moskvaga hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, ular orasida Hindiston fuqarosi ham bor. 15 nafardan ortiq kishi yaralangan. Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya telekanallari hujum ko‘lamini kamaytirib ko‘rsatgani aytilmoqda.

Bugun esa Ukraina dronlari Yaroslavlga ommaviy zarba berdi. Shahardan chiqish yo‘llari ikki soatga yopilgan, bu haqda viloyat gubernatori Mixail Yevrayev ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlarning aksariyati urib tushirilgan, “ammo sanoat ob’yektiga zarba yetgan”. Hodisa joyida yong‘in chiqqan, jabrlanganlar yo‘q.

Ukraina maxsus xizmati “Moskva neftni qayta ishlash zavodi” hamda “Solnechnogorskaya” neft nasos stansiyasiga zarba berilganini ma’lum qildi hamda Kiyev va boshqa shaharlarga qilingan Rossiya hujumlariga javob qaytarganini bildirdi. Kiyevdagi hujumlar oqibatida 24 kishi halok bo‘lgan edi.

Ukraina prezidenti esa ushbu hujumni “Rossiyaning urushni cho‘zishi” va Ukraina shaharlariga berilayotgan zarbalarga “adolatli javob” deb atadi.

Endi Rossiya poytaxti doimiy ravishda hujum ostida qoladimi — bu ochiq masala bo‘lib qolmoqda.

O‘z navbatida bugun ertalab Rossiya Dnepropetrovsk viloyatidagi “Naftogaz” ob’yektlariga raketa zarbalari bergan.

Ayni paytda Rossiya Qurolli kuchlari ballistik va qanotli raketalarni uchirish orqali yadroviy mashg‘ulotlar boshlaganini ma’lum qildi. Uch kunlik mashg‘ulotlarga 64 mingdan ortiq harbiy, 7800 dan ziyod qurol-yarog‘ va maxsus texnika, jumladan 200 dan ortiq raketa uchirish qurilmasi hamda sakkizta strategik raketa suvosti kemasi jalb qilingan.