Urushning yangi davri: Ukraina ilk bor jangda robotni qo‘lladi

Og‘ir yuk ko‘taruvchi dron Rossiya pozitsiyalari ortiga tankka qarshi mina bilan jihozlangan robotini tashladi. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, bu tarixda birinchi marta bir robot ikkinchi robotni jang maydoniga yetkazgan holat hisoblanadi.

Bunday usul texnikani harbiylar hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan front chizig‘idan ancha uzoqqa yuborish va yer usti robotlarining asosiy muammosi — ularning cheklangan harakatchanligini bartaraf etish imkonini beradi.
 
AQSh bunday konsepsiyani o‘nlab yillar davomida sinovdan o‘tkazgan, ammo uni amalda qo‘llashgacha yetib bormagan. Ukraina esa allaqachon robotlarni old chiziqdagi harbiy xizmatchilarning 30 foizigachasini almashtirish vositasi sifatida ko‘rib chiqmoqda.

So‘nggi kunlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi jangovar harakatlar yanada keskinlashdi. Bir necha kun avval Krasnodar o‘lkasidagi Gelenjik yaqinidagi sohilga Ukraina dronining qoldiqlari qulashi oqibatida kamida yetti kishi, jumladan, bolalar halok bo‘lgan va o‘nlab kishi jarohat olgan. Bundan tashqari, Moskva oblasti hamda boshqa hududlarga qilingan hujum natijasida bir necha fuqaro halok bo‘lgani ma’lum qilindi.

Rossiyaning ham Ukraina shaharlariga raketa va dron zarbalari oqibatida insonlar halok bo‘lmoqda, infratuzilma hamda turar joy ob’yektlariga katta zarar yetkazishda davom etmoqda. Xususan, 5 avgustga o‘tar kechasi Rossiya dronlar va ballistik raketalar yordamida Kiyevga amalga oshirgan ommaviy hujum oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgan, yana 51 kishi turli darajada jarohat oldi.