Bizni kuzating

Raqamli kelajak sari: SamDUda yangi muhandislik fakulteti

Texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda kuchli muhandislarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Endi Samarqandda ham bu ehtiyojga mos zamonaviy kadrlar tayyorlanadi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Telekommunikatsiya va kompyuter injiniringi fakulteti tashkil etildi. Yangi fakultet zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallagan, amaliy ko‘nikmalarga ega va raqamli iqtisodiyot talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
 
Zamonaviy ta’lim — yangi imkoniyatlar
Bugun raqamlashtirish ta’lim, tibbiyot, sanoat, bank-moliya, transport, energetika va davlat boshqaruvi kabi ko‘plab sohalar rivojining muhim omiliga aylangan. Bu esa raqamli infratuzilmani yaratish va boshqarishni biladigan, zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan muhandislarga talabni oshirmoqda.
Yangi fakultet faoliyati aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu yerda talabalarga nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalar berish, real loyihalar ustida ishlash va muhandislik muammolariga yechim topish imkoniyatini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Fakultetning asosiy yo‘nalishlaridan biri — telekommunikatsiya tizimlari. Internet, mobil aloqa, optik tolali kommunikatsiya, ma’lumotlar uzatish tizimlari va simsiz texnologiyalar zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylangan. Shu bois talabalar aloqa tarmoqlarini loyihalash, boshqarish va zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallaydilar.
Yana bir muhim yo‘nalish — kompyuter injiniringi. Unda informatika, dasturlash, elektronika va muhandislik bilimlari uyg‘unlashadi. Bu yo‘nalish bitiruvchilari nafaqat IT sohasida, balki telekommunikatsiya, sanoat, avtomatlashtirish, bank-moliya va boshqa tarmoqlarda ham faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
 
Nazariyadan amaliyotga
Zamonaviy mutaxassisni faqat auditoriyada tayyorlab bo‘lmaydi. Shuning uchun fakultetda amaliy ta’lim, laboratoriya mashg‘ulotlari, loyihaviy faoliyat va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikka alohida ahamiyat beriladi.
Talabalar o‘z bilimlarini real loyihalarda sinab ko‘rish, texnologik jarayonlarni modellashtirish va amaliy muammolarga yechim ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, bakalavr va magistrantlarning ilmiy loyihalari, startaplari, innovatsion ishlanmalari va texnologik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash ham fakultetning muhim vazifalaridan biri bo‘ladi. Bu esa yoshlarni tayyor bilimni o‘zlashtiruvchi emas, balki yangi g‘oya va texnologiyalar yaratuvchi mutaxassislar sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Telekommunikatsiya va kompyuter injiniringi sohalarining jadal rivojlanishi SamDU yoshlari uchun yangi kasbiy imkoniyatlarni ochmoqda. Yangi fakultet bitiruvchilari kelgusida mamlakatimiz raqamli infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Abdug‘afur Hotamov,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsenti.

Jamshid O‘rinov,
universitet assistenti.