Bizni kuzating

Uchinchi Renessans tongi nurafshon ilm dargohlaridan otadi

Samarqand ilm-fan beshiklaridan biridir. Bundan roppa-rosa 606 yil muqaddam, ya’ni 1420 yilning 21 sentyabrida buyuk mutafakkir bobomiz Mirzo Ulug‘bek madrasasida yoqilgan ilm-ma’rifat mash’alasi bugungi kunda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining zamonaviy auditoriya va innovatsion laboratoriyalarini yoritmoqda.

Ana shu muqaddas dargohda Ulug‘bek vorislari sifatida milliy kimyo maktabining dovrug‘ini butun dunyoga tarannum etayotgan, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining chinakam innovatsion markaziga aylangan jamoa — Polimerlar kimyosi va kimyoviy texnologiya kafedrasidir.
Dunyo ilm-fani poyoni ko‘rinmas, to‘lqinlari sarkash va tubsiz ulkan bir ummondir. Bu ummonda maqsad sari ishonch bilan suzish, kashfiyotlar durdonasini topish va Vatan sha’nini yuksaltirish uchun mustahkam iroda, hamjihatlik va zakovatli jamoa kerak.

2020 yilda tashkil etilgan mazkur kafedra qisqa vaqt ichida intellektual markazga, tom ma’nodagi innovatsion mo‘’jizalar yaratiladigan ilmiy dargohga aylandi.
Kafedraning bugungi erishgan mislsiz yutuqlari va ilmiy salohiyati har qanday xorijiy ilmiy markazlarni havas qildirish darajasidadir. Bu yerda umumiy kimyoviy texnologiya, polimerlar kimyosi, nanomateriallar, kimyoviy injenering, katalitik jarayonlarni modellashtirish kabi eng zamonaviy fanlar nafaqat o‘qitiladi, balki shu yo‘nalishlarda jahonni lol qoldiradigan ilmiy natijalar va innovatsion yechimlar yaratilmoqda.

Kafedra olimlari tomonidan mahalliy xomashyolardan oqilona foydalanish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash va ikkilamchi polimerlarni resurs tejamkor usulda qayta ishlash bo‘yicha olib borilayotgan fundamental va amaliy izlanishlar mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim omillardan biriga, milliy sanoatimizning yangi qon tomiriga aylanmoqda. Kafedra laboratoriyalarida tug‘ilgan har bir g‘oya, har bir texnologik yechim real iqtisodiyotga katta naf keltirish qudratiga egadir.

Mazkur muazzam ilm dargohining jahon miqyosida tan olinishi va erishayotgan salmoqli yutuqlari bevosita kafedra mudiri, dunyoning eng kuchli 2 foiz olimlari qatoridan munosib joy olgan kimyo fanlari doktori, professor Normurot Fayzullayev nomi bilan chambarchas bog‘liq. Uning rahbarligida bugungi kunda nafaqat respublika, balki global miqyosdagi yirik ilmiy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Professor Normurot Fayzullayevning qalami va tafakkuri mahsuli bo‘lgan ilmiy ishlar bugun jahonning ilg‘or ilmiy markazlari, universitetlari va laboratoriyalarida o‘rganilmoqda. Olimning 550 dan ortiq ilmiy maqolasi, 32 ta darsligi, 20 ta o‘quv qo‘llanmasi hamda 20 ta monografiyasi — Vatan ilm-fani yo‘lidagi tinimsiz izlanish va ulkan ilmiy jasoratning yorqin mevasidir.
Alohida g‘urur bilan qayd etish joizki, uning 6 ta darsligi, 4 ta o‘quv qo‘llanmasi va 12 ta monografiyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijda, xalqaro talablar asosida chop etilib, jahon kimyogarlarining ish stolidan joy olgan. Bu o‘zbek olimining jahon ilm-faniga qo‘shayotgan beqiyos hissasining yorqin ifodasidir.

Ushbu mislsiz mehnatlar e’tirofi sifatida olim Qozog‘istonning Safi Utebayev nomidagi Atirau neft va gaz universitetining Faxriy professori degan yuksak maqomga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, jahon miqyosidagi nufuzli Scopus bazasida indekslanadigan jurnallarning tahrir hay’ati a’zosi sifatida xalqaro ilmiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, SPIE va AMOP kabi global ilmiy platformalar va kongresslarning ilmiy qo‘mitalari faoliyatida ishtirok etib, xalqaro ilmiy integratsiyani mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.
Xing Fan va Alsultan Abdulkarim G‘assan kabi xorijlik yetakchi professorlar bilan qo‘shma ilmiy maqolalar tayyorlash hamda ularni ta’lim jarayoniga jalb etish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik kafedraning global ilmiy makonga integratsiyalashuvini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ustoz rahbarligida 18 nafar falsafa doktori (PhD) va 12 nafar magistr o‘z ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bugun kafedra erishayotgan yutuqlar ortida ustozlarning boy tajribasi va ilmiy maktabi turibdi.

Ushbu ilmiy dargohning mustahkam ustunlaridan biri — 1978 yildan buyon Samarqand davlat universitetida o‘zining butun hayoti va faoliyatini ilm-fanga bag‘ishlab kelayotgan fidoyi olim, kimyo fanlari nomzodi, dotsent Rustam Muradovdir. Uzoq yillik ilmiy-pedagogik tajribaga ega ustozning bilim va maslahatlari yosh mutaxassislar uchun chinakam mahorat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Olim 60 dan ortiq salmoqli ilmiy maqolalar muallifidir.

Ilmiy maktabning zakovatli vakillaridan biri — dotsent Nargiza Tursunova o‘zining noyob tadqiqotlari bilan milliy kimyo sanoatida o‘ziga xos innovatsion yondashuvlarni ilgari surmoqda. Uning ilmiy izlanishlari mahalliy xomashyolardan olingan katalizatorlar ishtirokida metanni oksikondensatlash jarayonining ilmiy-texnologik asoslarini ishlab chiqishga qaratilgan. Bu yo‘nalish tabiiy gazdan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar olish va zamonaviy gaz-kimyo texnologiyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Olimaning 50 dan ortiq ilmiy ishlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek, 15 ta maqolasi ilmiy jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.

Texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Shamsiddin Xolliyev ham mazkur ilmiy maktabning faol va ilg‘or tadqiqotchilaridan biridir. U kimyoviy texnologiya va uglevodorod xomashyolarini qayta ishlash yo‘nalishlarida izlanishlar olib borib, o‘quv qo‘llanmalar, fundamental monografiyalar hamda o‘nlab ilmiy maqola va tezislar muallifiga aylandi. Uning qator ishlari xalqaro ilmiy bazalarda indekslanadigan jurnallarda chop etilib, kafedraning ilmiy salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Kafedraning faxrli olimlaridan yana biri — dotsent To‘lqin O‘razov qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoatining eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri — innovatsion mineral o‘g‘itlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli va salmoqli ilmiy-tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli olib bormoqda. Uning mahalliy xomashyolar asosida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga xizmat qiluvchi yangi avlod o‘g‘itlarini yaratish borasidagi tinimsiz izlanishlari mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Ekologiya va resurslardan oqilona foydalanish butun insoniyat oldidagi umumbashariy muammoga aylangan bir davrda texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Samida Ernazarovaning tadqiqotlari alohida ahamiyat kasb etadi. Uning ilmiy faoliyati polietilentereftalatni modifikatsiyalash, ikkilamchi polimer xomashyosidan tolalar olish va ularning xossalarini boshqarishga qaratilgan bo‘lib, chiqindilarni qayta ishlash va ekologik toza materiallar yaratishga xizmat qilmoqda. Olimaning o‘quv qo‘llanmalari, monografiyasi va o‘nlab ilmiy maqolalari buning yaqqol dalilidir.

Ushbu zabardast ilmiy maktabning yana bir porloq va umidli yulduzi, izlanuvchan yosh olima, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shahnoza Atavullayeva ham kafedraning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Yaqindagina u zamonaviy kimyoning dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan tadqiqotlari asosida dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, ilmiy jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ldi va 2026 yildan e’tiboran mazkur kafedrada o‘qituvchi sifatida o‘z faoliyatini boshladi. Olimaning 30 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari, xususan, xorijiy jurnallarda chop etilgan 6 ta maqolasi uning ilmiy salohiyatini namoyon etadi.
Noyob iste’dod egasi Jasur Shukurov yosh bo‘lishiga qaramay, o‘z izlanishlari bilan kimyo sohasida salmoqli natijalarga erishayotgan yosh olimlardan biridir. U 2025 yilda «Xom ashyolar asosida sintez-gazdan dimetil efir olish jarayonini modellashtirish hamda energiya va resurs tejamkor texnologiyasi» mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qildi.

Uning mahalliy xomashyolardan toza yoqilg‘i va qimmatbaho kimyoviy mahsulot hisoblangan dimetil efir olish texnologiyasini tadqiq etishi milliy sanoat uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Olimning ilmiy qudratini uning natijalari ham ko‘rsatib turibdi: 50 dan ortiq ilmiy maqolasi nashr etilgan bo‘lib, ularning 18 dan ortig‘i xorijiy nufuzli nashrlarda chop etilgan. Bu ko‘rsatkich yosh avlod olimlarining intellektual salohiyati va professor Normurot Fayzullayev rahbarligida shakllangan ilmiy maktabning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Samarqand davlat universitetining 606 yillik tarixi bizga abadiy bir haqiqatni qayta-qayta uqtiradi: ilmning haqiqiy qadri va boqiyligi avlodlar o‘rtasidagi vorisiylik, izlanishdan to‘xtamaslik va yaratilgan bilimni Vatan taraqqiyotiga, xalq farovonligiga xizmat qildirish bilan o‘lchanadi.
Mirzo Ulug‘bek madrasasida yoqilgan mash’ala hech qachon so‘ngan emas. U bugun Polimerlar kimyosi va kimyoviy texnologiya kafedrasining fidoyi olimlari, vatanparvar va izlanuvchan yoshlari qalbida, ular yaratayotgan yangi texnologiyalar va ilmiy kashfiyotlarda yashamoqda.
Toki shunday zabardast ilm maskanlari va millat fidoyilari jamoasi bor ekan, Yangi O‘zbekistonning intellektual va milliy salohiyati rivojlanaveradi. Uchinchi Renessans tongi aynan mana shunday nurafshon ilm dargohlaridan otadi.

Xurshida ERNAZAROVA