Ikki yarim soat to‘y haqida gaplashdik...
Natija esa o‘zimizga bog‘liq.
Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasida o‘tkazilgan matbuot anjumani ikki yarim soat davom etdi. Aslida, unda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, isrofgarchilikning oldini olish, giyohvandlikka qarshi kurashish, sog‘lom oila, sog‘lom yoshlar va xavfsiz mahalla masalalari muhokama qilinishi kerak edi. Ammo suhbatning deyarli asosiy qismi to‘y mavzusiga bag‘ishlandi.
Sababi oddiy: aynan shu masala bugun Samarqandning og‘riqli nuqtalaridan biriga aylangan.
Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, siyosiy partiyalar vakillari, nuroniylar, xotin-qizlar faollari, huquq-tartibot idoralari xodimlari, imom-xatiblar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda to‘y va ma’rakalarning kimo‘zarga aylanayotgani, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikning oldini olish borasida fikr-mulohazalar bildirilib, qator takliflar o‘rtaga tashlandi.
– Maqtanishga arzigulik ishlar amalga oshirilgani yo‘q, ammo targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish orqali muayyan natijalarga erishyapmiz, – deydi rRespublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev. – Masalan, Samarqand tumanidagi Chorshanba mahallasi faollari tashabbusi bilan hududda to‘ylar ancha ixchamlashdi. Endi ana shunday mahallalarni boshqalarga ham o‘rnak qilib ko‘rsatishimiz kerak. Eng muhimi, bu ishni avvalo o‘zimizdan boshlashimiz lozim. Xususan, rahbar xodimlar to‘ylarni ixcham va isrofgarchiliksiz o‘tkazib, boshqalarga namuna bo‘lsa, ko‘pchilik ularga ergashadi, deb o‘ylayman.
Anjuman davomida mahalla raislarining mavqeini oshirish, ularni ortiqcha va qo‘shimcha ishlarga jalb etishni kamaytirish, namunaviy to‘y o‘tkazgan xonadonlar va mahallalar haqida ko‘rsatuvlar tayyorlash, bu kabi masalalarni xotin-qizlar o‘rtasida kengroq muhokama qilish, belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda ortiqcha xarajat bilan to‘y o‘tkazganlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish va bu jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish kabi ko‘plab takliflar bildirildi.
Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bu borada zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishini, tashabbuskorlik va jonbozlik ko‘rsatgan mahalla faollari hamda fuqarolarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish choralarini ko‘rishini ma’lum qildi.
Albatta, ikki yarim soatlik muhokamadan keyin yana ko‘p gaplarni aytish mumkin. Ammo eng asosiysi – aytilgan fikrlar qog‘ozda qolib ketmasligi, takliflar amaliy natija berishi kerak.
Zero, to‘yni ixchamlashtirish ham, isrofgarchilikka barham berish ham, bu borada jamoatchilikda to‘g‘ri munosabatni shakllantirish ham, avvalo, o‘zimizga bog‘liq.
Kunning ikkinchi yarmida Toyloq tumani Yangi hayot mahallasida «Ekologik madaniyatni yuksaltirish va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida: daraxt ekishdan parvarishlashgacha» mavzusida media-tadbir tashkil etildi. Unda ishtirokchilar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida turli daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishdi.
To‘lqin Siddiqov.