Bizni kuzating

Yosh startapchilar sanoat korxonalari muammolariga innovatsion yechimlar taklif etdi

Samarqand tumanidagi “RegStone” zavodida respublikamizdagi yosh startapchilar uchun “StartupFest Catalyst” dasturi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va ularning innovatsion g‘oyalarini yirik sanoat korxonalari bilan integratsiya qilish maqsadida tashkil etilgan tadbir yosh startapchilarga sanoat sohasidagi g‘oyalarini real biznes yechimlariga aylantirish hamda bevosita yirik ishlab chiqarish maydonlarida tajriba orttirish imkonini berdi.

“StartupFest Catalyst” dasturining asosiy maqsadi O‘zbekistondagi yirik sanoat korxonalari va texnologik startaplar o‘rtasida barqaror hamkorlik ekotizimini shakllantirish, mahalliy innovatsion mahsulotlarning real iqtisodiyotga kirib borishini tezlashtirish hamda yosh startapchilarni korxonalardagi real muammolarga yechim topuvchi faol ishtirokchiga aylantirishdir, – deydi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “StartupFest” loyihasi rahbari Munisa Murodova. – Bunda yoshlar sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishib, mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganadi. Aniqlangan muammolarning zamonaviy yechimi bo‘yicha takliflarini korxona rahbariyati va mutaxassislarga taqdim etadi. Shundan so‘ng yoshlarning eng yaxshi, innovatsion va amaliyotga joriy etish mumkin bo‘lgan loyihalari saralab olinadi.

Shu paytga qadar mazkur dastur doirasida o‘nga yaqin korxonada loyihalarimizni amalga oshirib, yoshlar tomonidan 410 ming AQSh dollari investitsiya kiritildi. Samarqanddagi “RegStone” zavodi faoliyati bilan tanishib, loyihada ishtirok etish uchun 1500 dan ziyod ariza kelib tushdi va ulardan 35 nafar tashabbuskor yoshlar saralab olindi.

«RegStone» Samarqand tumanidagi yangi avtoklav gazobeton zavodi bo‘lib, bu yerda uy qurish uchun zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Zavod yillik 500 ming metr kub quvvatga ega bo‘lib, kuniga kafolatlangan 500 metr kub mahsulot yetkazib berish salohiyatiga ega. Omborida doimiy 20 ming metr kub tayyor mahsulot zaxirasi saqlanadi.

– Korxonamizda 160 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritadi, – deydi «RegStone» zavodi savdo bo‘limi boshlig‘i Mahmud Abduvoitov. – Ishlab chiqariladigan gazobeton bloklarimiz odatiy materiallardan 55 foiz yengil bo‘lib, issiqlikni 2-3 baravar yaxshi saqlaydi va qurilish xarajatlarini 35 foizgacha kamaytiradi. Shuningdek, bloklarning 2 baravar tez terilishi hamda qorishma sarfini 48 foizga tejashi qurilish jarayonini sezilarli darajada yengillashtiradi. Bugun yosh startapchilar mazkur jarayonlar bilan tanishib, o‘zlari aniqlagan va biz aytgan muammolar yechimi bo‘yicha takliflarini bildirdi. Endi ushbu loyihalarni ko‘rib chiqib, ma’qul bo‘lgan dasturlarni moliyalashtirish ustida ishlaymiz.

Tadbir davomida ishtirokchilar uchun zavod bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi va muammolarni hal qilish bo‘yicha vazifalar taqdimoti o‘tkazildi.

– Zavoddagi o‘rganishlarimiz davomida ish jarayonlarining aksariyati qo‘l mehnatiga asoslanganiga guvoh bo‘ldik, – deydi Samarqand shahridagi School 21 raqamli texnologiyalar maktabi o‘quvchisi Jasur Shukurov. – Bunday jarayonlarni sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda avtomatlashtirish ish samaradorligini oshirish va vaqtni tejashda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, sun’iy intellekt ovozli yoki matnli muloqot orqali berilgan so‘rovlarni tahlil qilib, qaysi vazifa qancha vaqt talab etishini oldindan baholashi, zarur tahlil va hisobotlarni shakllantirishi mumkin. Buning uchun ishlab chiqarish jarayonlaridagi vazifalar, qurilmalar hamda dasturiy tizimlarni o‘zaro integratsiya qilgan holda, sun’iy intellekt asosida avtomatlashtirish zarur.

Bundan tashqari, zavodda ayrim jarayonlarning qo‘l mehnatiga bog‘liqligi yangi ishga qabul qilingan xodimlarni o‘qitish va ularni ish jarayoniga moslashtirish uchun ham ko‘p vaqt talab etadi. Shu nuqtai nazardan, sun’iy intellekt asosidagi maxsus platforma yoki virtual yordamchini joriy etish maqsadga muvofiq.

Fazliddin Ro‘ziboyev.