Samarqandda startap loyihalar bormi? Yoki mahalliy byujetdan ajratilgan 3,5 milliard so‘m qaysi maqsadlarga sarflanayotgani xususida

Muayyan masala yechimi yuzasidan taklif, tashabbus ko‘pchilikda bo‘lishi mumkin. Biroq uni amalga oshirishga kelganda uni asoslantirish hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Agar asoslantirilgan taqdirda ham navbatdagi muammo – moliyalashtirish masalasini barcha tashabbuskorlar, taklif beruvchilar hal qilolmaydi.
Shu bois, keyingi paytlarda yurtimizda yoshlar tadbirkorligi, xususan, startap loyihalarni byudjet mablag‘laridan moliyatirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, joriy yil mart oyida 22 ta loyiha akselleratorga saralanib olindi. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumanida yapon uslubidagi IT akademiyasini tashkil etish, PayFly.uz – aviabiletlar, sayohat turpaketlari va sayyohlik sug‘urtalarini bronlash platformasini rivojlantirish hamda DietCake – qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar va sportchilar uchun qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari 272 million so‘mga moliyalashtirildi.
Muammolarni hal qiluvchi loyihalar bor
Hududda mavjud muammolar yechimiga qaratilgan tayyor ilmiy ishlanmalar va yangi buyurtmalar bo‘yicha ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda «Tayyor ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda tadqiqot ishlarini bajarish to‘g‘risida» 3 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. Shu asosda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti tomonidan 150 million so‘m mablag‘ asosida “E-ziyorattourism in Samarkand” onlayn platformasi yaratilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan mahalliy byudjetdan ajratilgan 56 million so‘mga «Audio ertaklar» loyihasi amalga oshirilyapti. «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida yaratilayotgan Samarqand shahridagi ziyorat turizmi ob’yektlarining geolokatsiyalari asosida internet xaritalarini yangilash va turistik marshrutlarni differensiyallash loyihasiga 40 million so‘m mablag‘ taqdim qilindi.
Aslida viloyatimizda yana o‘nlab loyihalar zaxiraga olingan. Ular amaliyotga tatbiq qilishga tayyor bo‘lishi bilan mahalliy byujetdan moliyalashtiriladi.
Urgut innovatsion hudud bo‘ladi
Davlatimiz rahbari 15-16 aprel kunlari Samarqandga tashrifi davomida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish yuzasidan topshiriqlar va vazifalar belgilab bergandi. Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan viloyat mahalliy byujetining qariyb 2,5 milliard so‘m mablag‘i evaziga turli innovatsion loyihalar va startaplar amaliyotga joriy qilinmoqda.
Xususan, Urgut tumanida sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi yordamida yer osti suv quvurlaridagi ko‘rinmas nosozliklarni aniqlash va yer osti infratuzilma ob’yektlarini (suv, gaz, kanalizatsiya quvurlari, telekommunikatsiya va elektr tarmoqlari) xaritalash loyihasi uchun 1 milliard so‘m ajratilgan. Loyiha doirasida “Maya International Infrastructures” MChJ tomonidan Urgutda tegishli ishlar boshlangan.
Hozirgi kunda ko‘zi ojizlarga qulaylik yaratuvchi mahsulotlarning aksariyati faqat xorijdan - import evaziga keltiriladi. Shu bois Urgut tumanida bu boradagi loyiha uchun 520 million so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratilgan. Loyiha doirasida “Yusupov Lazizbek” korxonasi tomonidan ko‘zi ojizlar uchun brayl displey, brayl klaviatura hamda smart hassa ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilyapti.
Hozirgi kunda «Uztelekom»AJ tomonidan Urgut tumanining 16 ta hududidagi aholi gavjum nuqtalar hamda turistik ob’yektlarda Wi-Fi zonalari tashkil qilinyapti. Qiymati 1 milliard so‘m bo‘lgan loyiha to‘liq yakunlangach yuqorida qayd etilgan hududlarda aholi hamda sayyohlar internetga bepul ulanishi mumkin bo‘ladi.
Imkon bor, rejalar katta
Joriy yilning 21-24 iyun kunlari viloyatning barcha oliy ta’lim muassasalarida “Youth Startups Week – 2021” talabalar va yosh olimlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash haftaligi tashkil qilindi.
Unda oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari, yosh olimlari hamda magistrlari bilan interaktiv uchrashuvlar o‘tkazildi.
26 iyun kuni «Samarqand viloyatida yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi»ning 2-to‘lqini saralash intervyulari bo‘lib o‘tdi. Dastlabki to‘lqinda 25 ta loyihadan 3 tasi 271 milion so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirilgan edi. Ushbu to‘lqinda esa 23 ta loyiha saralab olindi.
Bugungi kunda viloyat startap ekomuhitini tashkil qilish, uni rivojlantirish va tizimli ishlashini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi qoshida doimiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Kengash har oyda kamida bir marotaba brifinglar tashkil qiladi.
Umuman, turli loyihalar va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatllashga katta e’tibor qaratilmoqda. Asosiy maqsad yaqin kunlarda Samarqand viloyatini startap loyihalar uchun qulay hududga aylantirishdan iborat.
Abdulaziz SUYaROV,
viloyat hududiy innovatsion rivojlanish boshqarmasi matbuot bo‘yicha mas’ul xodimi.