Startap loyihalar bo‘yicha Samarqand tajribasi o‘zini oqlaydimi?
2020 yil 8 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident taklifi bilan yoshlarning startap loyihalari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Samarqand tajribasini yaratish belgilangan edi. Buning uchun mahalliy byudjetdan har chorakda 1 milliard so‘m ajratilishi va ushbu mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish vazifasi berilgandi. Xo‘sh, bu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirildi?
- Avvalo, viloyat hokimligi va tashkilotimizning qo‘shma qarori imzolandi, - deydi yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mutaxassisi M.Otmurodov. – Shuningdek, yoshlar ishlari agentligi hududiy boshqarmasi qoshida hay’at tarkibi tuzilib, yoshlarning startap loyihalarini va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi nizomi tasdiqlandi. Bugungi kunda ariza topshirish jarayonlari yakunlanib, 161 nafar yigit-qizdan turizm, texnika, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar kelib tushdi. Ular orasida “first2college” loyihasi ham bor.
Bu O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilari uchun ijtimoiy to‘siqlarni yengib o‘tish va xorij oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tayyorlovchi mobil dasturidir.
Samarqandda iqtidorli yoshlar ko‘p. Ularning turli yo‘nalishdagi loyihalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, hayotga tadbiq etiladi. Bu borada Samarqand tajribasi o‘zini oqlaydi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati.