Samarqandda Ipak yo‘li muzeyi qurilishi sohada yangi bosqichni boshlab beradi
Ipak yo‘li mavzusini faqat karvonlar, ipak, ziravorlar va savdogarlar tarixi bilan cheklash noto‘g‘ri bo‘ladi.
Zamonaviy muzeyshunoslikda Ipak yo‘li madaniyatlar, g‘oyalar, dinlar, texnologiyalar, tillar, san’at uslublari va odamlar harakati tizimi sifatida talqin qilinadi. Masalan, xalqaro ko‘rgazmalarda ham Ipak yo‘li Osiyo, Afrika va Yevropa jamoalarini bog‘lagan murakkab tarmoq sifatida talqin qilinmoqda.
Samarqanddagi yangi muzey ham Ipak yo‘lini global aloqalar tarixi sifatida ko‘rsatishi maqsadga muvofiq. Bu yondashuv O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini yanada chuqur ochib beradi.
Davlatimiz rahbarining 2026 yil 21 apreldagi qarori bilan Samarqandda 9 gektar maydonda barpo etilishi rejalashtirilayotgan Ipak yo‘li muzeyi O‘zbekistonning xalqaro madaniy imijini kuchaytiruvchi yirik ilmiy-ma’rifiy markaz bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muzey ekspozitsiyasi arxeologiya, tasviriy san’at va amaliy san’atga oid 6 mingdan ziyod noyob eksponatni birlashtiradi. Unda doimiy va vaqtincha ko‘rgazmalar, 160 o‘rinli auditoriya, bolalar akademiyasi, konservatsiya va tadqiqot markazi hamda katta fond saqlov xonalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Muzey nafaqat Samarqandni, balki O‘zbekistonni Ipak yo‘li sivilizatsiyasini ilmiy asosda tushuntiradigan markaz sifatida namoyon etadi. Samarqand qadimdan savdo, diplomatiya, dinlar, tillar, hunarmandchilik, shaharsozlik va madaniy almashinuvlar chorrahasi bo‘lgan. Shuning uchun bu muzey birgina shahar yoki mamlakat tarixini emas, balki Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi keng aloqalar tarixini ko‘rsatishi lozim.
Agar loyiha to‘liq ilmiy konsepsiya asosida amalga oshirilsa, Ipak yo‘li muzeyi O‘zbekistondagi aksar muzeylardagi an’anaviy “eksponatlar joylashtirilgan zallar”dan farq qilishi tabiiy. Unda tarixiy buyumlar madaniy almashinuv, savdo yo‘llari, shaharlar, sulolalar, dinlar, elchilik aloqalari, hunarmandchilik maktablari haqida kompleks hikoya qilinadi.
Loyihada konservatsiya va tadqiqot markazi tashkil etilishi nazarda tutilgani juda muhim. Bu muzeyni oddiy tomosha maydonidan ilmiy muassasaga aylantiradi. Chunki Ipak yo‘li mavzusi ko‘plab fanlarning tadqiqot ob’yektidir. U arxeologiya, tarix, etnografiya, san’atshunoslik, numizmatika, manbashunoslik, restavratsiya, muzeyshunoslik, geografiya, iqtisodiy tarix va boshqa gumanitar fanlar bilan bog‘liq. Shu bilan birga, Samarqand kabi tarixiy shaharda barpo etiladigan Ipak yo‘li muzeyi O‘zbekistonning tarixiy merosini xalqaro miqyosda ishonchli, zamonaviy va ilmiy asosda namoyish etishi zarur. Bu muzey Samarqand uchun bir necha jihatdan muhim.
Birinchidan, u shaharning turistik salohiyatini oshiradi. Samarqandga kelgan sayyoh faqat Registon, Shohi Zinda, Amir Temur maqbarasi yoki boshqa diqqatga sazovor maskanlarni ko‘rish bilan cheklanmay, Ipak yo‘li tarixi haqida ilmiy tasavvurga ega bo‘ladi.
Ikkinchidan, muzey mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar uchun ilmiy baza vazifasini bajarishi mumkin. Agar fond saqlov xonalari, tadqiqot markazi va konservatsiya laboratoriyalari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, bu yerda arxeologik va san’atshunoslik tadqiqotlari, xalqaro seminarlar, ilmiy konferensiyalar va qo‘shma ekspeditsiya natijalari muhokama qilinadi.
Uchinchidan, muzey ta’lim sohasiga xizmat qiladi. Bolalar akademiyasi va 160 o‘rinli auditoriya muzeyni maktab o‘quvchilari, talabalar, magistrantlar, doktorantlar va gidlar uchun doimiy ta’lim maydoniga aylantirish imkoniyati yaratiladi.
To‘rtinchidan, muzey Samarqanddagi mavjud muzeylar va madaniy meros muassasalari faoliyatini birlashtiruvchi markazga aylanadi. Bu esa muzeylar o‘rtasida fond, ko‘rgazma, tadqiqot va raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni kuchaytiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Samarqandda barpo etiladigan Ipak yo‘li muzeyi O‘zbekiston muzeyshunosligida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. U tarixiy xotira, ilmiy tadqiqot, ta’lim, turizm va xalqaro madaniy muloqot markazi bo‘lishi kerak. Buning uchun muzey qurilishi bilan bir vaqtda uning ilmiy konsepsiyasi, kolleksiya siyosati, ekspozitsiya ssenariysi, tadqiqot dasturi, raqamlashtirish modeli va xalqaro hamkorlik strategiyasi ham puxta ishlab chiqilishi zarur.
Muhimi, Ipak yo‘li muzeyi O‘zbekistonning bugungi ilmiy va madaniy salohiyatini namoyon etishi lozim. Shunda u nafaqat sayyohlar uchun qiziqarli maskan, balki olimlar, talabalar, muzey xodimlari va yosh avlod uchun haqiqiy ilmiy-ma’rifiy markazga aylanadi.
Mahmudxon YuNUSOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, muzeyshunos.