Saklarning bronza qozoni payariqliq fuqarodan sotib olingan

“Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida keyingi yillarda “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi aholidan bir necha eksponatlarni xarid qildi.

- 2022 yilda muzey-qo‘riqxonamizga Payariq tumanidagi Muhammadi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Anvar Shog‘dorov xonadonida sak qabilalariga tegishli bronza qozon saqlanib kelinayotganligi xususida ma’lumotlar kelib tushgach, muzeyimiz ilmiy xodimlari ushbu xonadonga ekspeditsiya uyushtirib, bronza qozonni 13 million so‘mga sotib oldi, - deydi "Samarqand" davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Bo‘riyev. - Aslida ushbu noyob ashyo bundan 29 yil oldin topilgan. Faqat uni topib olganlar uning noyobligini bilishmagan va uy–ro‘zg‘or ishlarida foydalanib kelishgan. Qozonning balandligi 37 santimetr, og‘iz qismining diametri 52 santimetrni tashkil etadi.

Qozon Yettisuv vohasi sak qabilalariga oid bo‘lib, miloddan avvalgi II-I asrlarga oid. Qozon 1993 yilda fuqaro Anvar Shog‘dorov tomonidan Qaroqchi tog‘i va Teshiktepa arxeologik yodgorligi oralig‘idagi adirdan kanal qazish vaqtida topib olingan.

Bronza qozonlar bugunga qadar Shimoliy Xitoydan Dunay daryosi bo‘yigacha bo‘lgan hududlarning deyarli barcha yerida topib o‘rganilgan bo‘lib, qozonlarni saklar, skiflar, sarmat va savromatlar kabi ko‘chmanchi qabilalarning degrez ustalari ming yillar davomida quyib kelishgan va qimmatbaho buyum sifatida qadrlashgan.

Fazliddin Ro‘ziboyev.