Muzey ashyolarini raqamlashtirish xorijda qanday? Bizda-chi?
Jarayonning qulayligi, kamchiliklari va yechimi xususida
Muzeylar mamlakatning madaniy merosini saqlaydi. Raqamlashtirish ushbu merosni keng jamoatchilikka yanada qulayroq yetkazadi va muzey xodimlarining ishini osonlashtiradi. Dunyoda muzeylarni raqamlashtirishdan asosiy maqsad ko‘proq tomoshabinlarni jalb etish, tadqiqotchilar uchun qulayliklar yaratish hamda eksponatlarni o‘z holicha saqlab qolish. Yaqinda Buyuk Britaniyadagi uchta katta muzey faoliyati bilan tanishib, bunga amin bo‘ldim. Quyida mazkur muzeylarda raqamlashtirish jarayoni va mamlakatimiz muzeylarida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalamiz.
Britaniya muzeyida eksponatlar o‘g‘irlab ketilmasligi uchun raqamlashtirilmoqda
Britaniya muzeyi dunyoda tashkil etilgan birinchi muzey bo‘lib, 1759 yildan faoliyat yuritib keladi. Eksponatlarining noyobligi jihatidan dunyoda yetakchi.
Britaniya muzeyi xavfsizlikni yaxshilash, tadqiqotchilar va jamoatchilikka axborot olishni osonlashtirish va buyumlarni vataniga qaytarish chaqiruvlarining oldini olish maqsadida butun kolleksiyasini raqamlashtirishni maqsad qilgan. Bu jarayon muzeyda 2021 yilda yuz bergan o‘g‘irlikdan keyin jadallashgan. O‘shanda muzey xodimi tomonidan 2 mingta ashyo o‘g‘irlangan va ularning 350 donasi muzeyga qaytarilgan.
Birlashgan qirollikning barcha muzeylarida eksponatlarning raqamlashtirilishi markazlashtirilmasdan, muzeylarning o‘zi tomonidan mustaqil hal etiladi. Britaniya muzeyi kolleksiyalarini raqamlashtirish muzey vakillari tomonidan taxminan 10 million funt-sterling (12,2 million AQSh dollari) deb baholangan. Muzey bu loyihani amalga oshirish uchun xususiy xayr-ehsonlar va investitsiyalarni jalb qilishni rejalashtirgan.
Britaniya muzeyida yuz bergan o‘g‘irliklar munosabati bilan YuNESKO o‘g‘irlangan madaniy ob’yektlarning virtual muzeyini yaratish rejasini e’lon qilgan va bu loyiha uchun 2,5 million dollar sarflashni rejalashtirgan. Moliyalashtirishning birinchi bosqichi Saudiya Arabistoni tomonidan taqdim etilgan. Ushbu raqamli muzeyni yaratish rejalari birinchi marta 2022 yil sentyabr oyida e’lon qilingan edi. Ayni paytda ishlar davom etmoqda va 2025 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.
Viktoriya va Albert muzeyida raqamlashtirish kolleksiyalarni tadqiq qilish bilan teng
Viktoriya va Albert muzeyi 1852 yilda qirolicha Viktoriya va shahzoda Albert sharafiga dastlab amaliy san’at ashyolari ko‘rgazmasi sifatida tashkil etilgan. Uning to‘plami qadimgi davrdan hozirgi kungacha bo‘lgan Yevropa, Shimoliy Amerika, Osiyo va Shimoliy Afrika xalqlari madaniyatiga oid 5000 yillik tarixni o‘z ichiga olgan amaliy san’at namunalarini qamrab oladi.
Muzey dastlab 2009 yilda o‘z kolleksiyalarining onlayn katalogini yaratgan. 2021 yilda yangi raqamli platformani ishga tushirgan. Natijada o‘tgan davrda Yevropadagi eng qadimgi va dunyodagi eng yirik dekorativ-amaliy san’at muzeyi kolleksiyasidan 1,2 milliondan ortiq eksponatlar raqamlashtirilgan.
Muzeyning elektron ma’lumotlar bazasidan eksponatlarning texnik ma’lumotlari, zamonaviy va arxiv fotosuratlari, shuningdek, muzeyning o‘z video yozuvlari va sharhlarini yuklab olish mumkin. Ularning bir qismi bepul, bir qismi pullik tarzda taqdim etiladi. Muzey olimlari eksponatlarni raqamlashtirish jarayonini “kolleksiyalarni tadqiq qilish” (Explore The Collections) deb nomlashgan.
Britaniya tabiiy tarix muzeyi global iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda
Ushbu muzey 1963 yilda Britaniya muzeyidan ajralib chiqqan va 1992 yilgacha “Britaniya (tabiat) muzeyi” deb nomlangan. Muzey olimlarining fikriga ko‘ra, muzey kolleksiyalarini raqamlashtirish global iqtisodiyotni rag‘batlantirishga yordam beradi. Buyuk Britaniyaning tabiiy tarix muzeyi kolleksiyalarida yuzlab yillar davomida to‘plangan 130 milliondan ortiq buyumlar mavjud. Ushbu kolleksiyalar yerning iqlimi va biologik xilma-xilligi turli davrlarda qanday bo‘lganligi haqida qimmatli ma’lumot manbaidir.
Muzey kolleksiyalarining raqamlashtirilishi olim va tadqiqotchilar uchun yengillik beradi. Biroq hozirgi vaqtda Buyuk Britaniyaning tabiiy tarix muzeyi kolleksiyalarining atigi 6 foizi global bioxilma-xillik axborot jamg‘armasi (GBIF) ma’lumotlar bazasiga kiritilgan. Bu tadqiqotchilar imkoniyatini cheklaydi, ularni muzeyga kelib ishlashga majbur qiladi. Eksponatlarning barchasi raqamlashtirilsa, ularni har kim, istalgan joyida va istalgan vaqtida ko‘rishi va o‘rganishi mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat britaniyalik tadqiqotchilarning o‘zi hozirda mamlakat muzeylarida mavjud bo‘lgan raqamli namunalardan foydalangan holda vaqt va sayohat xarajatlaridan 1,4 million funt-sterlingdan ko‘proq tejashgan.
Muzeyda tadqiqotchilar uchun qulay bo‘lishini ta’minlash uchun kolleksiyalarni ommaviy raqamlashtirish 10 yil oldin boshlangan. Muzey raqamlashtirishda eksponat haqidagi ilmiy ma’lumotlarni va fotosuratlarni ommaviy ma’lumotlar portaliga yuklaydi. Hozirgacha tabiiy tarix muzeyida 5,6 milliondan ortiq eksponatlar raqamlashtirilgan, bu butun kolleksiyaning taxminan 7 foizini tashkil qiladi.
O‘zbekiston muzeylarida raqamlashtirish jarayoni qanday ketyapti?
Yuqorida dunyodagi uchta mashhur muzeyda raqamlashtirish haqida to‘xtaldik. Xo‘sh, yurtimiz muzeylarida bu jarayon qanday olib borilyapti?
Mamlakatimizda muzey ashyolarini raqamlashtirish 2011 yilda markazlashgan holda boshlangan. Dastlab madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan muzey ashyolari va jamlanmalarining “SKM-MUZEY” elektron baza dasturi ishga tushirildi. Biroq ushbu dasturning dasturiy ta’minotida kamchiliklar bo‘lganligi bois kutilgan natijani bermadi. Xususan, dastur mahalliy tarmoq uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uni global tarmoqqa ulashning texnik imkoniyatlari ishlab chiqilmadi. Shuningdek, dasturga kiritilgan muzey ashyolari haqidagi ma’lumotlarni izlash tizimi ishlamadi. Mazkur kamchiliklar bois “SKM-MUZEY” elektron baza dasturi 2015 yilga kelib muomaladan chiqarildi. O‘zbekiston muzeylari tomonidan bir necha ming ashyolar haqidagi ma’lumotlar “SKM-MUZEY” elektron bazasiga kiritilgan edi. Jumladan, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari tomonidan ham mazkur davrgacha jami 29 mingta ashyo “ SKM-MUZEY” elektron bazasiga kiritilgandi. Biroq izlash tizimi ishlamaganligi tufayli kiritilgan ashyolar haqidagi ma’lumotlar saqlanib qolmadi.
Bu borada keyingi yillarda davlat tomonidan muzey ashyolari va kolleksiyalarini raqamlashtirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2019 yilda Madaniyat vazirligi tomonidan goskatalog.uz platformasi ishga tushirildi. Mazkur elektron bazaga oksgoskatalog.uz sayti orqali ashyolar kiritiladi. Kiritilgan ashyolarni goskatalog.uz sayti orqali kuzatish, izlab topish mumkin.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 7-ilovasida “2021-2023 yillarda davlat muzeylaridagi muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini elektron identifikatsiya qilish maqsadli ko‘rsatkichlari” keltirilgan. Unga ko‘ra, 2023 yilgacha O‘zbekistondagi barcha muzeylarda eksponatlar raqamlashtirilishi va elektron bazaga kiritish tugallanishi lozim edi. Biroq 2021-2023 yillar davomida muzeylar Madaniyat vazirligidan Turizm va sport vazirligi tizimiga o‘tkazilishi, keyin esa alohida Madaniy meros agentligi tashkil etilib, uning tasarrufiga o‘tishi munosabati bilan dasturning serverini ko‘chirish ishlari olib borildi. Ushbu jarayonda dastur ishlamadi. Ayni paytda ham dasturning ishlashida uzilishlar kuzatilmoqda.
Hozirda respublika muzeylari xodimlari tomonidan eksponatlar haqidagi asosiy ma’lumotlar va ularning fotosuratlari bazaga kiritilmoqda. Biroq ba’zi hollarda ashyolar haqidagi ma’lumotlar xato kiritilishi hollari kuzatilyapti. Bu ayrim muzeylarda malakali mutaxassislarning yetishmasligi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, elektron bazaga sifatsiz fotosuratlar yuklanmoqda. Buning sababi O‘zbekiston muzeylarida ashyolarning fotosurati muzey ilmiy xodimlari tomonidan olinadi. Muzeylarda fotograf shtati yo‘q. Aksariyat hollarda ashyolarning fotosurati fotoapparatlar yetishmasligi oqibatida xodimlarning qo‘l telefonida olinmoqda. Buni goskatalog.uz elektron bazasiga dunyoning istagan joyidan turib, xohlagan kishi kirib ko‘rishi mumkin. Keng omma uchun mo‘ljallangan barcha saytlarda muharrir bo‘lgani kabi mazkur bazadagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va yuklanayotgan fotosuratlarning sifati ham nazorat qilinishi kerak.
Muzey ashyolarini raqamlashtirishda davlat tomonidan rejalar ishlab chiqilishi, muddatlar belgilanishi va nazorat qilinishi tabiiy hol. Ammo muzey ashyolarini raqamlashtirish har bir muzey tomonidan mustaqil tarzda, alohida loyiha sifatida olib borilishi maqsadga muvofiq. Hozirda goskatalog.uz elektron bazasiga kirib, aytaylik, Xorazm amaliy san’atiga oid ashyolar haqidagi ma’lumotlarni olmoqchi bo‘lsangiz, sohaga oid barcha ashyolarni qarab chiqishingizga to‘g‘ri keladi va ashyolar haqidagi ma’lumotlar juda qisqa. Bu esa kelajakda muzey xodimlarini eksponat haqidagi ma’lumotlarni qayta tahrir qilishga majbur bo‘lishini bildiradi. Ashyolarning fotosuratlari haqida ham shunday deyish mumkin.
Mahmudxon Yunusov,
muzeyshunos, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.