Payariqdagi “ofis”: Ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazib kelayotgan shaxslar qo‘lga olindi

“Xavfsiz va sog‘lom yurt" tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Payariq tumani IIB xodimlari tomonidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam 5 marotaba sudlangan fuqaro o‘zining jinoiy sherigi - 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro bilan birga jinoiy yo‘l bilan moddiy daromad orttirish maqsadida fuqarolarga turli tuhmatlar uyushtirib, ularga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazib kelayotganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olingan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida Jahongir Abdurahimov o‘ziga tegishli MChJ binosida “ofis” qilib olib, tumanda yashovchi fuqarolarni turli tuhmatlar bilan ushbu ofisga olib kelib, ularni yalang‘ochlab, urib-do‘pposlab, holatni videotasvirga olganligi, ushbu videotasvirlarni turli ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborish bilan taxdid qilib, jabrlanuvchilarni qo‘rqitib kelganligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qo‘lga olingan fuqaro Bobur Abidovning yonida og‘irligi 3 grammga yaqin bo‘lgan giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, hujjatlashtirib olingan. Shuningdek, unga tegishli bo‘lgan telefon apparati xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, telefon xotirasida Abdurahimov va Abidovlar tomonidan fuqarolarni zanjirlar bilan urib, tahqirlangan holati yozib olingan videotasvir mavjud ekanligi aniqlandi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, Abdurahimov ham qo‘lga olindi. Uning “ofisi” ko‘zdan kechirilganda, bu yerda fuqarolarni qiynash uchun saqlab kelingan metall zanjir va boshqa vositalar mavjudligi aniqlanib, daliliy ashyo tariqasida olindi.

Holat yuzasidan Payariq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 112, 276 hamda 277-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.