Qatag‘on qurbonlari: Mulla G‘ulomning ayanchli taqdiri
Bundan uch oy avval bizga Samarqand arxitektura-qurilish instituti talabasi Behruz Rajabov katta bobosi G‘ulom Rajabov 1937-1938 yillarda qatag‘onga uchrab, hibsga olingani, taqdiri noma’lumligi haqida xat yozib, u kishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni topishda yordam berishimizni so‘ragan edi.
Ancha izlanishlardan so‘ng Mulla G‘ulom Rajabov haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati arxividan topishga muvaffaq bo‘ldik.
G‘ulom Rajabovga oid hujjatlar bilan tanishar ekanman, o‘sha qatag‘on yillari insonlar taqdiri, hayoti NKVD va boshqa jazo idoralari uchun hech qanday qiymatga ega bo‘lmagan tushunchaga aylanib qolganligiga yana bir karra guvoh bo‘ldim.
Voqea bunday kechgan edi. 1938 yil mart oyining boshida NKVDning Samarqand shahar militsiyasi boshqarmasi xodimlari Muhsinov va Norovga rahbarlari tomonidan 3-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasida yashayotgan Rajabov Mulla G‘ulom ismli kishini hibsga olish haqida ko‘rsatma beriladi. Ular buyruqni bajarish uchun Mulla G‘ulom Rajabovning xonadoniga kelishganda u istiqomat qilayotgan ko‘cha 2-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasiga qarashli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Bundan tashqari, yoshi ham orderda ko‘rsatilganidek 67 yoshda emas, balki o‘g‘lining aytishicha 70 dan oshgan ekan. Qolaversa, qamoqqa olish to‘g‘risidagi qarorda Rajabov G‘ulom ismi yozilgan, orderda esa negadir Yusupov G‘ulom deb ko‘rsatilgan edi. Xullas, qog‘ozlardagi chalkashliklardan shubhalangan militsionerlar bu haqda qaror va orderni bergan tergovchiga aytishganda u “3-Yo‘ng‘ichqaariq”ni “2-Yo‘ng‘ichqaariq” deb, orderdagi Yusupov familiyasini Rajabov qilib o‘zgartirib beradi. Shu tariqa 1938 yil 8 mart kuni 2-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasi, Dovul ko‘chasi 58/25-uyda yashovchi Mulla G‘ulom Rajabov hibsga olinadi.
Uni nimada ayblashayotgan edi? G‘ulom Rajabovga Eron hududiga 1928 va 1929 yillarda yashirincha o‘tgan va odamlar o‘rtasida diniy targ‘ibot olib borgan, degan ayb qo‘yilgandi. Shunisi ajablanarliki, uning ishi yuzasidan tergov nihoyatda qisqa muddatda, 6-7 kunda o‘tkazilib, 1938 yil 18 martda O‘zbekiston SSR NKVDsi huzuridagi “uchlik” tomonidan Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi bilan ayblanib, 70 yoshli Mulla G‘ulom Rajabov o‘n yilga qamoq jazosiga hukm qilinadi. Jazoni o‘tash uchun O‘rta Osiyo lagerlar boshqarmasining “Boyovut” qamoqxonasiga yuboriladi.
Hech qachon madrasa ko‘rmagan, masjidlarda imomlik qilmagan kishining nega Mulla G‘ulom (to‘liq ismi G‘ulomhusayn) deb atalishining sababini bu ish bo‘yicha guvoh sifatida tergov qilingan Fozilov degan odamning ko‘rsatmalaridan anglasa bo‘ladi: “Mulla G‘ulom deb atalishining sababi shuki, madrasa ko‘rgan boshqa odamlar qolmaganligi sababli mahallada bo‘lgan bir-ikki ta’ziyada marhumlarning janozasini yoshi katta odam sifatida u kishi o‘qigan. Shundan keyin odamlar uni Mulla G‘ulom, deb aytadigan bo‘lishdi”.
Lekin NKVDning jazo tegirmoni ishga tushgach, uni to‘xtatish qiyin edi. Ayniqsa, 1937-1938 yillardagi “katta qirg‘in” davrida. (Balki 3-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasida yashovchi Mulla G‘ulom (yana bir familiyasi Yusupov bo‘lgan) ham hibsga olingandir. Lekin bu haqdagi hujjatlarni uchratmadik. Nima bo‘lganda ham bir tergovchining sovuqqonlik bilan yo‘l qo‘ygan xatosi tufayli 2-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasida yashovchi Mulla G‘ulom Rajabov (qilmagan ishi uchun) 10 yil muddatga qamalib ketdi.
Uning katta farzandi, maktabda o‘quv bo‘limi mudiri bo‘lib ishlayotgan Hasan Rajabov otasini noto‘g‘ri hibsga olinganini bayon qilib, O‘zSSR prokuraturasi, NKVDning Samarqand viloyat boshqarmasi, respublika Ichki ishlar vazirligiga 1938, 1939, 1940, 1941 yillarda qator shikoyatlar yozdi. Ularning hammasi arxiv hujjatlarida saqlanib qolgan. Lekin o‘g‘ilning otasini hech qanday aybi yo‘qligini isbotlash uchun qilgan barcha harakatlari samarasiz qolavergan. Bu shikoyatlarni chuqur tekshiradigan na biror-bir tashkilot, na odam topildi.
Yoshi 72-73 larda bo‘lgan G‘ulom Rajabov sog‘ligi yomonlashgach, “Boyovut” qamoqxonasidan Toshkent viloyatining Orjonikidze tumanida joylashgan nogironlar hibsxonasiga o‘tkaziladi. Faqat Hasan Rajabovning SSSR NKVDsi rahbari nomiga yozgan shikoyati bo‘yicha O‘zSSR NKVDsi uning ishini qayta ko‘rishni boshlaydi.
Mana o‘sha shikoyatdan ayrim parchalar:
“SSSR Ichki ishlar xalq komissari o‘rtoq Beriyaga Samarqand shahar, 2-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasi, Dovul ko‘chasi, 58/25-uyda yashovchi Rajabov Hasan Husayinovich tomonidan ARIZA
Bu arizani yozishdan maqsadim shuki, mening otam Rajabov G‘ulom, (uni ko‘pincha “Mulla G‘ulom” laqabi bilan atashadi) xuddi shunday ismi-sharifli, yoshi 66-67 da bo‘lgan, 3-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasida istiqomat qiluvchi, hozirgi paytda Voroshilov nomli kolxozda ishlaydigan Rajabov G‘ulom o‘rniga noto‘g‘ri hibsga olinganligini bildirishdir. Bu kishining 3-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasida oziq-ovqat hamda go‘sht sotiladigan do‘konlari bo‘lgan. O‘zi inqilob yillari boshida bir necha marta chet ellarga borib kelgan. Hozirgi paytda chegaradan o‘tib chet ellarga borganlarning deyarli hammasi qamalgan.
Otamning yoshi 72-73 da. U kishi madrasada o‘qimagan. Diniy targ‘ibot bilan shug‘ullanmagan.
Otamni hibsga olish uchun kelgan militsionerlar Muhsinov va Norovning aytishicha, G‘ulom Rajabovni hibsga olish uchun hujjatlar ularning qo‘liga ikki kun avval berilgan. Lekin bu militsionerlar qo‘lidagi qaror va orderda ismi-shariflar har xil yozilgan. Qarorda Rajabov G‘ulom, orderda esa Yusupov G‘ulom nomi aytilgan. Bundan tashqari, manzil 3-Yo‘ng‘ichqaariq deb ko‘rsatilgan. Lekin otam hech qachon 3-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasida yashamagan. U yerda istiqomat qiladigan Rajabov G‘ulomning ikkinchi otasining familiyasi Yusupov bo‘lgani uchun u ham goh Rajabov, goh Yusupov deb yozilgan...”
Shu yerda 2-Yo‘ng‘ichqaariq mahalla qo‘mitasi tomonidan Mulla G‘ulom Rajabovga uni yoqlab berilgan bir dalolatnomani ham e’tiboringizga havola qilmoqchimiz.
Dalolatnoma
“Bu dalolatnoma Rajabov Mulla G‘ulomga shu haqda berildiki, u haqiqat ham Samarqand shahar 2-Yo‘ng‘ichqaariq mahallasi 58/25-uyda istiqomat qiladi. Uni Mulla G‘ulom deb chaqirishadi. Lekin hech qachon mullalik qilmagan, diniy targ‘ibot bilan shug‘ullanmagan. G‘ulom Rajabov biror marta chegaradan o‘tib, boshqa davlat hududiga ham bormagan. Inqilobga qadar choy qadoqlash fabrikasida ishlagan. Boylarning qo‘lida qorovul-bog‘bon bo‘lib xizmat qilgan. 1917 yildan so‘ng militsioner ham bo‘lgan. Bularning barchasini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud.
Ushbu dalolatnoma tegishli idoralarga taqdim etish uchun berildi.”
Bu hujjatga mahalla raisidan tashqari u yerda aytilganlarni tasdiqlab yana 11 kishi imzo qo‘ygan. Lekin NKVDning xodimlari uchun o‘z mahalladoshlarini yoqlab, uning aybi yo‘qligini bildirib yozilgan bu dalolatnoma ham hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmadi.
Barcha hujjatlarni o‘rgangan, Mulla G‘ulom Rajabovni hibsga olishda ishtirok etgan militsiya inspektori Ashraf Muhsinov, oddiy militsioner Norov, guvohlar Alirizo Zaripov, G‘ulom Fozilov va boshqalarni qayta tergov qilgan O‘zSSR NKVDsining maxsus bo‘limi tergovchisi Murodov “Tekshirishlar natijasida shu narsa aniqlandiki, Mulla G‘ulom Rajabov haqiqatan ham adashib hibsga olingan ekan. Uning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli O‘zSSR NKVDsi huzuridagi “uchlik”ning 1938 yil 18 martdagi qarorini bekor qilishni so‘rab SSSR NKVDsi qoshidagi Alohida Kengashga murojaat qilish kerak, deb hisoblayman”, deya xulosa berayapti 1940 yil aprel oyida.
Bu xulosani o‘qigan odam “Kech bo‘lsa-da haqiqat yuzaga chiqibdi-ku”, deb o‘ylashi mumkin. Afsuski unday bo‘lmadi. Chunki ishi qayta tekshirilib, uning aybsizligi yaqqol isbotlangandan keyin ham, oradan yana ikki yil o‘tgan bo‘lsa-da G‘ulom Rajabov qamoqda qolaverdi. Buning sababini aniqlash uchun yana hujjatlarni varaqlayman. Uning tergov davomidagi bir savolga javobi e’tiborimni tortdi. “Men, - degan edi u, - 1917 yil fevraldan keyin yangi tuzilgan militsiyaning qorovullik bo‘limiga ishga kirdim. 1917 yil oktyabr inqilobidan so‘ng sovet militsiyasi safida yana bir yil xizmat qildim”.
G‘ulom Rajabovning ishini nazorat tartibida ko‘rgan O‘zbekiston SSR Prokurorining yordamchisi Vashchinskiy aynan shu holga e’tibor qaratib, “1940-41 yillar davomida G‘.Rajabov ishi bo‘yicha qayta tergov natijasida uning chet elga yashirincha o‘tganligi va odamlar o‘rtasida diniy targ‘ibot olib borganligi isbotlanmadi. Ammo Mulla G‘ulom Rajabov Oktyabr inqilobidan oldin ham chor politsiyasida xizmat qilganligini hisobga olib, uni jamiyatimizga ijtimoiy-begona shaxs deb ta’riflash mumkin. Shu sababli o‘g‘lining shikoyatlari o‘rinsiz, deb topilsin”, deya xulosa berib, ishni yana chalkashtirib yuborgan. Bu xulosani u 1942 yil 12 noyabrda beryapti. Demak, yoshi 73 ga kirgan keksa kishi hech aybsiz holda qamoqxonada 4-5 yil qolib ketavergan. Nahotki Vashchinskiy 1917 yil fevraldan keyin “chor politsiyasi” qolmaganligini, bu paytda hokimiyat Muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tganligini bilmagan bo‘lsa? Nega bu xulosada G‘ulom Rajabovning Oktyabr inqilobidan keyin yana bir yil sovet militsiyasida xizmat qilganligi haqida lom-mim deyilmagan? Qatag‘on avj olgan mudhish 1937-1938 yillari O‘zbekiston SSR NKVDsining rahbari bo‘lib ishlagan D.Apresyanning “Bizning tashkilotimiz qo‘liga tushgan har qanday odam bu yerdan osonlikcha chiqib keta olmasligini bilishi kerak”, degan ko‘rsatmasi respublikadagi jazo organlari uchun bir qo‘llanma sifatida 1942 yilda ham amalda ekan-da...
Mulla G‘ulom Rajabovning ayanchli taqdiri qanday yakun topdi dersiz? Arxiv hujjatlaridan shuni bilsa bo‘ladiki, u 1943 yil boshlarida ham qamoqxonada saqlangan. Bu hibsxona vrachining yanvar oyida G‘.Rajabovni kasalligi tufayli sanitariya bo‘limiga o‘tkazish kerakligi haqida qamoqxona boshlig‘iga yozgan xatidan ma’lum. 1943 yil mart oyida esa ana shu vrach uning yurak xurujidan vafot etganligi haqidagi dalolatnomani imzolagan...
... Shu tariqa hech bir aybsiz besh yil davomida qamoqlar azobini boshidan o‘tkazib, 73 yoshida farzandlari, oilasi bag‘ridan olisda sovet tuzumi qatag‘onining yana bir qurbon hayotdan ko‘z yumgan edi.
Muzaffar Muqimov,
Sharof Rashidov nomidagi SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi hududiy muzeyi direktori.