Qatag‘on qurbonlari: Istat Usmonov taqdiri

1937 yil 7 oktyabr kuni Xorazm viloyat NKVDsi boshlig‘i Kalmikov quyidagi mazmundagi telegrammani oldi:

“Telegramma

1937 y. 7 oktyabr, Toshkent shahri.

Shovot tumani militsiyasi tezkor vakili Usmonov Istatni hibsga oling. Uni maxsus qo‘riqchilar bilan Toshkent qamoqxonasiga yuboring. Prokuror Reyxruder tomonidan sanksiya berilgan.

O‘zSSR NKVD ishchi-dehqon militsiya boshqarmasi boshlig‘i Romanov”.

1937 yilning 9 oktyabr kuni NKVDning Xorazm okrug militsiyasi boshlig‘i Ostanov Romanovga telegramma orqali topshiriq bajarilganini ma’lum qiladi.

Shu tariqa 1908 yilda Samarqandda tug‘ilgan va 1927 yildan buyon militsiya safida xizmat qilayotgan Istat Usmonov uni hibsga olish haqidagi orderda yozilganidek, “1936 yilda Toshkentdagi 3-militsiya maktabi kursanti paytida aksilinqilobiy “Milliy Ittihod” tashkilotining faol a’zolari Ro‘zi Yusupov, Narziqul Ibrohimov va boshqalar bilan yaqin aloqa o‘rnatib, kursantlar orasida millatchilik yo‘nalishida targ‘ibot olib borgan”, degan ayb bilan javobgarlikka tortilgan edi.

Shundan keyin NKVD xodimlari odatiy usulni qo‘llab, uning “aksilinqilobiy” faoliyatini fosh etuvchi hujjatlarni to‘plashga kirishdilar. Birinchilar qatori bunday ma’lumotlarni ilgari Istat Usmonov ishlagan Samarqand shahar 3-militsiya bo‘limi boshlig‘i taqdim etdi. Ushbu ma’lumotnomadan ayrim ko‘chirmalar:

“Samarqand shahar, So‘zangaron qismidagi 1-Yomini guzarida Pavranga ismli bosmachilikda shubhalanilgan shaxs yashardi. Uni 1934 yilda 4-bo‘lim tezkor vakili Qayumov qo‘lga olgan va Usmonovga tergov olib borishni topshirgan. Usmonov esa Pavranga bilan birodar bo‘lib qolib, uni butunlay ozod qilib yuborgan”.

“Qo‘shtamg‘ali qishloq kengashidagi kolxozlardan biridan chorva mollari o‘g‘irlangan. Unda shubhalanib ushlangan kishilarga nisbatan ham Usmonov chora ko‘rmagan”.

Lekin ana shu hujjatlar tagida boshqa izoh ham mavjud edi. Unda aytilishicha, bosmachilikda ayblangan Parvanga ismli shaxs 1934 yilda Toshkentda sud qilinib, otib tashlangan. Kolxoz chorvasini o‘g‘irlashda gumon qilinganlar ham sudga tortilib, biri o‘limga, qolganlari turli muddatga qamoq jazosiga hukm etilgan. Lekin tekshirish olib borayotgan NKVD xodimlarini asosan Istat Usmonov faoliyatidagi salbiy jihatlarni topish qiziqtirardi. Oqibatda bunday kichik harflar bilan yozilgan izohlarga e’tibor qilinmadi. Uning na Samarqandda, na Shovotda ishlagan davrda o‘g‘rilar, qaroqchilar va boshqa shu kabi shaxslar bilan kurashdagi biror-bir ijobiy ishi tilga olinmadi. U haqda NKVD to‘plagan ma’lumotlar va hujjatlar bilan tanishgan kishida Istat Usmonov militsiyaga ishga kirgan 1927 yildan buyon faqat buzg‘unchilik va boshqa salbiy ishlar bilan shug‘ullangan ekan, degan fikr uyg‘onishi muqarrar edi. NKVDga faqat shu kerak bo‘lgan.

Agar shunday bo‘lsa, nega 19 yoshda militsiyaga oddiy xodim bo‘lib o‘tgan yigit xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilib, Samarqandda o‘z sohasi bo‘yicha yaxshigina nufuzga ega bo‘lgan. Oxir-oqibat uni Toshkentdagi militsiya rahbar xodimlarini tayyorlash ikki yillik kurslariga o‘qishga yuborishgan.

 Istat Usmonovni militsiya maktabi kursantlariga o‘zining noo‘rin mulohazalari bilan salbiy ta’sir ko‘rsatganlikda ham ayblashgan edi. Buning sababi, u o‘qish va xizmat tashvishlari bilan band paytida xotini qattiq kasal bo‘lib qoldi. Uy-joyi yo‘qligi, turli xonadonlarga ko‘chib yurish muolajaga muhtoj ayolining ahvolini yanada og‘irlashtirdi. U maktab rahbariyatiga ham ruhiy, ham iqtisodiy qiyin ahvolga tushib qolganini aytib, ayolini davolashda yordam so‘raydi. Lekin kerakli ko‘makni ololmaydi. Oqibatda xotini vafot etadi. Shundan keyin maktabning ayrim kursantlari va xodimlari oldida militsiya rahbariyati haqida salbiy fikrlarni bildiradi. Bular militsiya maktabi boshliqlari tomonidan hisobga olingan va uning nomi “qora ro‘yxat”ga bitib qo‘yilgandi. Bu gap-so‘zlar NKVDning ishchi-dehqon militsiyasi bosh boshqarmasi rahbari, kapitan Romanovning ham qulog‘iga yetib borgandi.

Usmonov bilan bir paytda militsiya maktabi tinglovchisi Eshonxo‘jayevning sudda bergan ko‘rsatmasidan: “Menga shu narsa ma’lumki, ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasi boshlig‘i, kapitan Romanov militsiya maktabi kursantlariga kimlar salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aniqlash va bundaylarning yetakchisi deb bilgan Istat Usmonov ortidan alohida nazorat o‘rnatish haqida topshiriq bergan edi”.

Mana, nima uchun ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasida ishlagan R.Yusupov va militsiya maktabi o‘qituvchisi hamda tarjimoni N.Ibrohimov “Milliy Ittihod” tashkilotiga mansublikda ayblanib, qamoqqa olinishi bilanoq kapitan Romanov Xorazmga telegramma yo‘llab, I.Usmonovni ham hibsga olishga buyruq beradi? Chunki ular samarqandlik hamyurtlar sifatida bir-ikki uchrashganidan xabardor edi-da. Uning uchun Istat Usmonovni aksilinqilobiy faoliyatda ayblash va sudning qora kursisiga o‘tkazishning eng maqbul yo‘li topilgandi.

Unga “Milliy Ittihod” tashkiloti a’zosi bo‘lgani, o‘qish davomida aksilinqilobiy-millatchilik faoliyatini olib borganligi, shuningdek, “Milliy istiqlol” tashkilotiga a’zoligi ham ayb qilib qo‘yilgan edi. Bularni hech bo‘lmaganda qisman isbotlash uchun NKVD o‘z qo‘lidagi barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Avvalo, uning o‘sha paytda aksilinqilobiy-millatchilik faoliyatida ayblanib hibsga olingan Ro‘zi Yusupov va boshqalar bilan yaqin aloqada bo‘lganligiga oid dalillar izlandi. Shu maqsadda R.Yusupov va u bilan uchrashgan, birga ishlagan qator kishilar ham javobgarlikka tortilib, birin-ketin tergov qilina boshlandi. Ularning tergov jarayonlarida bergan javoblari bilan tanishar ekanmiz, Ro‘zi Yusupov va Narziqul Ibrohimov shaxsi nega xavfsizlik organlari e’tiborini bunchalik tortganligini anglab yetganday bo‘lamiz.

Istat Usmonov (1937 yil oktyabrda hibsga olingan):

- Men hech kim bilan sovetlarga qarshi fikr bildirib gaplashmaganman. Ro‘zi Yusupovning xonadonida Ibrohimov bilan birga bo‘lganman. U yerda palov tayyorlangan ekan. Tushlikdan so‘ng men bu xonadondan tezda ketdim. Chunki ishim bor edi. Keyinchalik men Ibrohimovdan Yusupov kimligini so‘radim. Shunda u Yusupovning Samarqanddan ekanligini va o‘z vaqtida yuqori amallarda ishlaganligini aytdi. Yusupovning uyida necha marta bo‘lganligimni eslolmayman. Ba’zan unikida buyumlarimni qoldirib ketar edim.

To‘lagan Mirazizov:

– 1931 yildan ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasiga qarashli 3-militsiya maktabida tarjimon bo‘lib ishlagan chog‘imda Ibrohimov bilan sovetlarga qarshi mavzularda suhbatlashmaganman. Militsiya maktabi rahbariyati mening o‘qishni davom ettirishimga va shu bilan bir paytda o‘qituvchilik ham qilishimga ruxsat bermadi. Iqtisodiy ahvolim og‘ir edi. Bularning barchasi meni g‘azabimni keltirardi. Ibrohimov bilan ana shular haqida gaplashganman.

Qahhor Azizov:

- Men Ibrohimovni yaxshi bilmayman. U bilan uch marta uchrashganman va bir gal mehmonda bo‘lganman. Birinchi marta uni 1930 yilda Samarqandda uchratganman. 1936 yilda Toshkentda men ikki nafar samarqandlik hamshaharimni uchratdim. Ular meni tushlikka taklif qilishdi. Biz birgalikda Narziqul Ibrohimovnikiga keldik. U yerda Yusupov va yana bir necha kishi bor ekan. Tayyorlangan oshni yeb bo‘lgandan keyin men uyga ketdim. Yusupov va Ibrohimovning aksilinqilobiy faoliyati haqida hech narsa bilmayman. Men hech qanday aksilinqilobiy-millatchilik tashkiloti safida bo‘lmaganman va sovet hokimiyatiga qarshi suhbatlarda ishtirok etmaganman.

Kamkor Umarov:

– 1933 yildan ishchi-dehqon militsiyasi safida xizmat qilganman. Hibsga olinguncha Samarqanddagi 4-militsiya bo‘limi boshlig‘ining yordamchisi bo‘lib ishlaganman. R.Yusupov, N.Ibrohimov haqida shuni aytishim mumkinki, men ularning aksilinqilobiy tashkilot a’zosi ekanligini umuman bilmaganman.

 Ota Yoqubov:

– 1931 yildan ishchi-dehqon militsiyasi safida xizmat qilganman. Ayblanayotgan Ibrohimovni, shuningdek, Istat Usmonovni ham 1935 yil oxirlaridan bilaman. Yusupovni men ko‘rganim ham yo‘q va tanimayman ham. Hech qachon aksilinqilobiy tashkilot a’zosi bo‘lgan emasman. Millatchilik ruhidagi suhbatlarda qatnashmaganman...

Istat Usmonovni jinoiy javobgarlikka tortishdan asosiy maqsad yuqorida nomlari keltirilgan Ro‘zi Yusupov va Narziqul Ibrohimovning “Milliy Ittihod” tashkiloti a’zosi sifatida ko‘proq kishilarni uning safiga jalb etishga intilganligini ko‘rsatish edi. Shu sababli ularning birga o‘tirib osh yeyishi ham ana shu maqsadga yo‘naltirilgan yig‘ilish, deb talqin qilindi. U paytlar NKVD uchun bu hol odat tusini olgan. Masalan, bir kishi aksilinqilobiy faoliyatda ayblansa, albatta uni tanigan, birga ishlagan kishilardan bir nechtasi uning hammaslagiga aylantirilar va o‘nlab bahonalar bilan ayblanuvchining safdoshi yoki qo‘llab-quvvatlovchisi tariqasida javobgarlikka tortilar edi. Istat Usmonov va yana bir nechta militsiya maktabi xodimlari boshiga shunday kunlar tushgandi...

1938 yil 16 mayda O‘zbekiston SSR Chegara va ichki qo‘shinlari harbiy tribunali uning ishini ko‘rib chiqa boshladi. Tribunal majlisida hatto bosh ayblanuvchilardan bo‘lgan N.Ibrohimovning I.Usmonov haqidagi ko‘rsatmalari ham inobatga olinmadi. Mana, uning aytganlari: “Usmonovni Yusupovnikidagi oshga men taklif qildim va militsiya maktabi kursanti sifatida tanishtirdim. O‘zbekcha odat bo‘yicha mehmonga aytilganda bir o‘zi emas, birorta tanish-bilishi bilan boradi. Bundan tashqari, men Usmonovni hech qanday tashkilotga jalb etgan emasman va bu haqda o‘ylaganim ham yo‘q”.

 Lekin harbiy tribunalda o‘tirganlarni bunday ko‘rsatmalar qiziqtirmasdi. 1938 yil 17 mayda unga nisbatan ashaddiy aksilinqilobchi va millatchi sifatida o‘lim jazosini tayinlash haqida hukm chiqardi. Keyinchalik uning Moskvaga yozgan shikoyati asosida SSSR Oliy sudining harbiy kollegiyasi ularning bu hukmini bekor qilib, I.Usmonovga o‘n yil qamoq jazosini belgiladi.

Uning jinoiy ishi hujjatlari orasida Toshkent hibsxonasi boshlig‘ining SSSR shimolida joylashgan Kargapol lagerlar boshqarmasi boshlig‘iga yozgan xati ham saqlanib qolgan. Unda I.Usmonov jazoni o‘tash uchun ularning ixtiyoriga yuborilayotgani aytilgan.

...Oradan yillar o‘tdi. Uning hali hayot bo‘lgan 75 yoshli onasi Salomat Usmonova Stalinning o‘limidan so‘ng, 1937-1938 yillarda “xalq dushmani”, “aksilinqilobchi” tamg‘asi bilan qamalganlarning tirik qolganlari qaytayotganligini eshitib, 1956 yildan boshlab turli idoralarga o‘g‘lining qismatini aniqlashda yordam berishlarini so‘rab murojaat qiladi.

1956 yil 10 aprelda Moskvaga, SSSR Bosh harbiy prokurori nomiga quyidagi xatni bitadi: “Menga 1908 yilda tug‘ilgan o‘g‘lim Istat Usmonovning taqdiri haqida xabar berishingizni iltimos qilaman. O‘g‘lim 1937 yilda hibsga olingan edi. Keyin unga 10 yil qamoq jazosi berishgan. O‘sha paytlar Xorazm viloyati Shovot tumani militsiyasida ishlayotgan edi. Oxirgi xatni undan 1941 yilda olgan edim. Shundan buyon xat-xabar yo‘q. O‘g‘limning bor yoki yo‘qligi haqida xabar berishingizni o‘tinib so‘rayman”.

Shundan keyin bu xat Turkiston harbiy prokuraturasiga yuboriladi. Ularning so‘rovlari tufayli 1958 yil avgust oyida nihoyat Istat Usmonovning keyingi taqdiriga aniqlik kiritiladi.

Javob xati ham I.Usmonovga tegishli hujjatlar orasida saqlanib qolgan ekan: “Sizning so‘rovnomangizga javoban shuni ma’lum qilamizki, mahbus I.Usmonov 1943 yil 26 noyabrda Arxangelsk viloyati Yersevo stansiyasidagi qamoqxonada vafot etgan”.

Bu mudhish javob o‘sha paytlar Samarqand shahri G‘allaorol ko‘chasi, 1-tor ko‘cha, 7-uyda yashagan onasi Salomat Usmonovaning qo‘liga tekkanmi-yo‘qmi, bizga qorong‘u...

 Muzaffar Muqimov,

 SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.