Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bobomning aybi - buyuk bo‘lgani edi

Yoshim 84 da. Men tug‘ilgan 1937 yilning dekabrida bobom - ma’rifatparvar olim, jurnalist, tarjimon Saidrizo Alizoda siyosiy chaquv natijasida hibsga olinadi. 8 yil Samarqand-Toshkent-Tobolsk-Vladimir turmalarida o‘tirib, 1945 yil 24 dekabrda kasallik tufayli vafot etadi.

Bobom vafot etgan yilda esimni tanigan edim. Shundan buyon qatag‘on qilinganlar haqida o‘ylasam, etim junjikib ketadi. 2001 yil - O‘zbekistonda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni, deb belgilangandan buyon har yili bobom xotirasi uchun nimadir topaman, izlanaman.

***

... 1957 yilda harbiy xizmatdan kelgach, ikki yil oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun harakat qildim. Ammo omadim kelmadi. 1959 yilda Ozarbayjonga, Bokuda yashaydigan tog‘amnikiga yo‘l oldim.

Ibrohim tog‘amnikida 20-25 kun turib, Kaspiy dengizida neft-gaz qaziydigan dengizda neft va gaz izlash bilan shug‘ullanadigan “GRK v more” korxonasiga oddiy ishchi bo‘lib ishga kirdim. Shu bilan birga Boku davlat universitetining geologiya fakultetiga hujjat topshirdim. Meni 1-kursga qabul qilishdi.

Kaspiy dengizida 10 yilga yaqin vaqt mehnat qildim. Maoshim yaxshi, chunki dengizda neft-gaz qazib chiqaradigan ishchilarga yaxshi oylik to‘lar edi. Shu muhitda ishlab yurgan edim, bir kuni Samarqanddan xat oldim. Xatni rahmatli otam yozgan ekanlar.

“O‘g‘lim, meni qatag‘on va urush yillarida tortgan azob-uqubatlarim yana qo‘zg‘agan, mazam yo‘q, bobong ham shu sovuqdan tuberkulyoz bo‘lib, Vladimir turmasida 58 yoshda vafot etgan edi... Agar imkoning bo‘lsa, vatanga qayt”.

Xatni o‘qib, ertagayoq Samarqandga otlanishim kerakligini angladim. Hujjat va kiyim-kechaklarimni yig‘ishtirar ekanman, negadir bobom Saidrizo Alizodaning suratlarda ko‘rganim - siymosi ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi va otam ko‘p takrorlaydigan gapi yodimga tushdi: «1938 yilni boshida otamni Samarqanddan Sibirga jo‘natishgan. Bu haqda bizga bir qog‘ozchada yozib, turmadan ozod bo‘lganlar orqali berib yuborgan. Qog‘ozda “Meni NKVD xodimlari Rossiyaning qamoqxonalariga yuboryapti, menga telpak va paxtalik shim hamda yo‘lga biroz yeyishga yegulik olib kelinglar”, deb yozgan ekanlar. Ertasi kuni rahmatli onam bilan Sharofatbegim ammam aytgan narsalarni turmaga olib borganlar – onam 40 kunlik chaqaloq meni ham ko‘tarib borgan.

Bobomni turma darvozasi yoniga ikki nafar militsiya xodimi, yetaklab olib keladi. Shunda darvoza tirqishidan bobom “Farhodjonning kichik barmoqchasini menga uzating, kelin”, deydilar. Onam barmog‘imni uzatganda bobom o‘pib ko‘zlariga surtib yig‘laganlar va onamga “Kelin, shu nevaramni avaylab katta qilinglar, zamonlar o‘tib ro‘shnolik keladi. O‘shanda shu nevaram haqiqatni dunyoga chiqaradi” deb ko‘zyosh qilgan ekanlar.

Bu gapni onam menga ko‘p aytar edilar. Bokuga borayotganimda otam ham shkafdan bir oq qog‘oz chiqarib bergan edilar. Qog‘ozni o‘qisam, “Otam va ikki amakim begunoh qamalgan, bularni tuhmatchilar qamatgan”, deb yozilgan edi.

O‘sha kundan yuragimda bu nomardlarga nafrat toshi osilgan edi. Bokudan Samarqandga qaytgandan keyin Toshkentga borib, «Su-11 Promburvod» nomli trestga ishga kirdim va bobomni oqlash, pok nomini yuzaga chiqarish, xalq uchun qilgan amaliy va ijodiy ishlarini keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilish uchun harakatga tushdim. Allohga behisob shukur, yillar davomida bu ezgu maqsadimga erishdim. Bugungi kunda bobom – Saidrizo Alizoda nomi xalq uchun qadrli. Ta’lim, tarbiya, jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha qoldirgan merosi ommaga naf beryapti.

Darvoqe, men ushbu xotiralarni qog‘ozga tushirayotgan bugun tongda Prezidentimiz Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi. Shavkat Mirziyoyev bu yerda “Katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, o‘qituvchilar qatag‘on qilingan. Ular xalqimizning eng sara vakillari edi. Mustabid tuzumga millat ko‘zini ochadigan, unga o‘zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi - buyuk bo‘lgani”, dedi.

Farhod Alizoda.