Zilzila vaqtida o‘zingizni qanday tutishni bilasizmi?

Shu yilning 20 oktyabridan 27 oktyabriga qadar mamlakatimizda “Aholini zilzilaga tayyorlash" haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Haftalik doirasida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Samarqand turizm va madaniy meros texnikumida profilaktik tadbir tashkil etildi.

Texnikum talabalari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda zilzilaning turlari, ularning kelib chiqish sabablari, sodir bo‘lish mexanizmi, shuningdek, inson hayoti va infratuzilmalarga ta’siri haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga zilzila vaqtida o‘zini tutish qoidalari, xavfsiz joyni tanlash, binolardan evakuatsiya qilish tartibi, birinchi yordam ko‘rsatish usullari va boshqa muhim ehtiyot choralari haqida amaliy ko‘rsatmalar namoyish etildi.

Uchrashuvda noxush hodisalar sodir bo‘lgan paytda vahimaga berilmaslik, osoyishtalikni saqlagan holda, avvalo, bolalar, keksa va nogironlarga yordam ko‘rsatish zarurligini, fuqarolarning hushyorligi o‘z hayoti hamda boshqalar xavfsizligi uchun muhim ekani eslatib o‘tildi.

Tadbir yakunida talabalar zilzila xavfi yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.

Ilhom Boqiyev,

viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i.