Samarqandda attestatsiyadan o‘tolmagan 18 nafar o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi
Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchiga yana qayta topshirish imkoniyati beriladi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev. – Pedagog ikkinchi marta ham attestatsiya imtihonidan o‘tolmasa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. 2025 yilda 18 nafar o‘qituvchi qayta attestatsiya imtihonidan o‘tolmagani uchun ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Endi mazkur pedagoglar ishga tiklanishi uchun kasbiy sertifikat olishi kerak.
Shuningdek, 2025 yil davomida pedagog xodimlar uchun ikki marotaba attestatsiya jarayonlari tashkil etilgan. Ushbu jarayonlarga jami 37 783 nafar pedagog xodim jalb qilingan.
Attestatsiya natijalari tahliliga ko‘ra, 12 ming 739 nafar pedagog attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib, ijobiy natija qayd etgan bo‘lsa, 7 ming 366 nafari salbiy, 17 ming 678 nafar pedagog esa 56 balldan past natija bilan attestatsiyadan o‘ta olmagan.
Bundan tashqari, 876 nafar pedagog yuqori natijalarga erishib, 70 foizlik ustama olish huquqini qo‘lga kiritgan. Bu esa ta’lim tizimida mehnatni munosib baholash va pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Ayni paytda navbatdagi attestatsiya jarayonlari uchun hujjatlar qabul qilish ishlari boshlangan. Pedagog xodimlar tomonidan attestatsiyada ishtirok etish uchun arizalar joriy yilning 1 mart kuniga qadar qabul qilinadi.
Xurshida ERNAZAROVA.