Shaffof va adolatli boshqaruv barqaror iqtisodiyot kafolati

Viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi hududda sog‘lom investitsion muhitni shakllantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Zero, shaffof va adolatli boshqaruv tizimi investitsiyalar hajmining ortishi hamda hududning barqaror iqtisodiy rivojlanishida muhim omil hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda investorlarga yer ajratish jarayonlari tubdan takomillashtirilib, to‘liq raqamlashtirilgan tizimga o‘tkazilgan. Xususan, yer uchastkalari endilikda ochiq va shaffof onlayn auksion savdolari orqali ajratilmoqda. Ushbu tizim barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyat yaratadi, inson omilini keskin kamaytiradi, qaror qabul qilishdagi sub’yektivlik va korrupsion holatlarning oldini oladi.

Mazkur yondashuv nafaqat shaffoflikni ta’minlaydi, balki investorlar uchun eng muhim omil - ishonch muhitini shakllantiradi. Chunki investor uchun eng asosiy mezonlardan biri barqaror, adolatli va oldindan reja qilinadigan tizim mavjudligidir.

Boshqarmamiz tomonidan tadbirkorlar, investorlar va keng jamoatchilik bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolari bevosita eshitilmoqda. Har bir murojaat yuzasidan tezkor va shaffof choralar ko‘rilayotgani boshqarma faoliyatiga nisbatan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, boshqarma tarkibida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xodimlar faoliyati doimiy monitoring qilib borilmoqda. Etik me’yorlarga rioya etilishi qat’iy nazoratga olingan, qonunbuzarliklarga nisbatan esa murosasiz yondashuv qo‘llanilmoqda. Qolaversa, ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va rag‘batlantirish jarayonlari ochiq tanlov asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa tizimda halollik, shaffoflik va professionalizm tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, boshqarma va tizim xodimlari uchun korrupsiyaning oldini olish, xizmat faoliyatida halollik tamoyillariga qat’iy rioya etish hamda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida doimiy ravishda seminar va treninglar tashkil etilmoqda. 

O‘quv mashg‘ulotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlari, xizmat etikasi va halollik standartlari, zamonaviy komplayens nazorat tizimlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar muntazam ravishda oshirib borilmoqda. Natijada, viloyatda investitsion jozibadorlik ortib, halol va shaffof boshqaruv tizimi izchil shakllanmoqda. Eng muhimi, investorlar uchun ochiq, adolatli va ishonchli muhit yaratilayotgani viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Voxob PO‘LATOV,

boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari v.b.b.