Samarqandning asosiy kutubxonasiga rahbar tayinlandi
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida viloyat hokimligi, jamoatchilik vakillari, shahar va tuman axborot-kutubxona markazlari rahbarlari ishtirokida tizim xodimlari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva olib borgan yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi.
Ushbu maskan - Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida uzoq yillardan buyon rahbar o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Nargiza Saidmurodova markaz rahbari etib tayinlandi.
- Samarqand ma’naviy muhitida viloyatdagi asosiy kutubxonaning ahamiyati katta, - dedi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Mamlakat miqyosida Samarqand viloyat kutubxonasi faoliyati, undagi shart-sharoitlarga ko‘ra top uchtalikka kiradi. Ya’ni, qaysidir ma’noda ushbu kutubxona hududdagi ma’naviy jarayonlarni, kitobxonlikka bo‘lgan mamlakat miqyosidagi e’tibor natijalarini ko‘rish mumkin. Bugun mamlakatimiz rahbarining shaxsan tashabbuslari bilan kitobga, kutubxona tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, Samarqand salohiyati, bu yerda mavjud imkoniyatlarni hisobga olgan holda kutubxonalar reytingini, undagi xodimlar darajasini oshirib borishda ko‘plash ishlar amalga oshirilishi kerak.

Tadbir davomida bugun kutubxona tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, xodimlar oldidagi vazifalar xususida aniq fikr va tushunchalar berib o‘tildi.