Iqtisodiy sudlarda 7500 dan ortiq ish ko‘rildi

Viloyat sudi raisi o‘rinbosari, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi X.Tursunov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 7585 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rib, hal etilgan. Shundan 7109 ta da’vo qanoatlantirilgan, 278 ta da’vo rad qilingan, 107 ta da’vo ariza ko‘rmasdan qoldirilgan, 91 ta da’vo ariza bo‘yicha ish yuritishdan tugatilgan.

– Ko‘rilgan iqtisodiy ishlarning 5085 tasi (67 foizi) ma’muriy huquqiy munosabatlarga, 291 tasi (31 foizi) fuqarolik-huquqiy munosabatlarga, 192 tasi to‘lovga qobiliyatsizlikka, 8 tasi hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq, 7 tasi korporativ munosabatlarga oid ishlarni tashkil qildi, – dedi X.Tursunov. - Viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati yuqori instansiyalarida 171 ta ish ko‘rilib, 124 tasi bo‘yicha sud hujjati o‘zgarishsiz o‘z kuchida qoldirildi, 26 tasi bekor qilindi va 21 tasi o‘zgartirildi. Yuqori instansiyalarda ko‘rilgan ishlarning 84 tasi apellyasiya instansiyasida, 44 tasi kassatsiya instansiyasida va 43 tasi taftish tartibida ko‘rildi. Shuningdek, birinchi instansiyada 29 ta ish ko‘rib tamomlangan.

Samarqand viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib hal etilib, da’vosi qanoatlantirilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 258 mlrd. 381 mln. 384 ming so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan. Tadbirkorlik sub’yektlari da’vogarligida jami 1056 ta ishlar ko‘rilib, 916 tasi qanoatlantirilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rilgan 644 ta ish bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar tomonidan respublika byudjetiga 1 mlrd. 567 mln. 91 ming so‘m davlat boji ixtiyoriy to‘langan, sud qaroriga asosan 9 mlrd. 523 mln.

319 ming so‘m davlat boji undirish belgilanib, MIBning hududlardagi bo‘limlariga 2444 ta sud ijro hujjatlari ijro qilish uchun yuborilgan.