Uch oyda birgina Samarqand shahar iqtisodiy sudiga 800 dan ziyod da’vo ariza kelib tushdi
Joriy yilning birinchi choragida Samarqand shahar iqtisodiy sudiga yuridik shaxs va tadbirkorlik sub’yektlarining 816 ta da’vo arizasi kelib tushgan. Da’vo arizalardan 542 tasi ko‘rib chiqilib, tegishli sud hujjatlari qabul qilingan.
Xususan, 465 tasi ish bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilib, 49 tasi bo‘yicha talablar rad etilgan, 13 tasi bo‘yicha ariza ko‘rmasdan qoldirilgan. 15 ta iqtisodiy ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
Hisobot davrida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan 383 ta da’vo ariza elektron shaklda taqdim etilgan. Ko‘rilgan ishlar 2020 yilning so‘nggi choragi bilan solishtirganda ishlar soni 48 foizga kamayganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Umuman, joriy yilning 1-choragida shahar iqtisodiy sudi tomonidan da’vogarlar foydasiga javobgarlardan 45 milliard 304 million 50 ming so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan. Aybdor taraflardan respublika byudjetiga 1 milliard 838 million so‘m davlat boji undirilgan.
Hisobot davrida ko‘rilgan iqtisodiy ishlarni tahlili quyidagilarni ko‘rsatmoqda:
- 386 ta ish fuqarolik huquqiy munosabatlarga;
- 136 ta ish ma’muriy huquqiy munosabatlarga;
- 19 ta ish tashkilot va fuqarolarning bankrotligiga;
- 1 tasi korporotiv munosabatlarga oid ishlar.
Shuningdek, 1-chorak mobaynida Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa sub’yektlar manfaatlarini ko‘zlab 444 ta da’vo ariza kiritilgan. Shundan 43 ta da’vo arizasi qaytarilgan, 350 ta da’vo arizasi mazmunan ko‘rib chiqilib, 337 tasi qanoatlantirilgan, 7 tasi rad etilgan hamda 5 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
Samarqand shahar iqtisodiy sudiga tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa sub’yektlar manfaatlarini ko‘zlab adliya organlari tomonidan 2 ta, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan 1 ta da’vo ariza kiritilgan.
Kamoliddin To‘xtayev,
Samarqand shahar iqtisodiy sudi raisi.