Tadbirkorlar foydasiga 68 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ undirilgan
Bu haqda Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan brifingda viloyat iqtisodiy sudi raisi vazifasini bajaruvchi Orifjon Nurimov aytib o‘tdi.
Hisobot davrida birinchi instansiyada viloyat va tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tomonidan xususiy tadbirkorlik sub’yektlari da’vogarligida 1090 ta ishlar ko‘rib chiqilib, da’vogarlar foydasiga 68 milliard 868 million so‘m undirilgan.
Viloyat, tuman, shahar hamda tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 9 oy davomida 5278 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib, hal etilgan. 2358 ta ish sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.
Ushbu ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 198 milliard 405 million so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan. Shuningdek, Respublika byudjeti hamda sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 6 milliard 667 million so‘m davlat boji undirilgan. Da’vogarlar tomonidan Respublika byudjeti hamda sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 1 milliard 190 million so‘m davlat boji ixtiyoriy to‘lanishiga erishilgan.
Iqtisodiy ishlarni ko‘rish davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 8 ta, mulkiy javobgarlikka tortish yuzasidan 36 ta, intizomiy javobgarlikka tortish yuzasidan 52 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.