Samarqanddan Koreyagacha: 1400 yillik tarixiy rishtalar ko‘rgazmasi
Samarqand shahridagi “Afrosiyob” muzeyida «5120 kilometr: tarixiy rishtalarni qayta bog‘lash» nomli ko‘rgazma o‘z ishini boshladi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida madaniy merosni asrab-avaylash, ilmiy o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan bo‘lib, Koreyaning Madaniy meros jamg‘armasi tomonidan ODA (Official Development Assistance) dasturi asosida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Koreya Respublikasi milliy merosni rivojlantirish agentligi konservatsiya fanlari mutaxassisi O Minjining ta’kidlashicha, ekspozitsiyada ikki davlat mutaxassislari ishtirokida amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar, ilmiy-tadqiqot ishlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda sohada erishilgan muhim natijalar namoyish etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida madaniy meros sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tajriba almashish va ikki xalqning boy madaniy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda, - deydi “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Samariddin Mustafoqulov. - Ko‘rgazmaning asosiy g‘oyasi qariyb 1400 yil avvalgi tarixiy aloqalarni bugungi zamonaviy hamkorlik bilan bog‘lashdan iborat.
Afrosiyob devoriy suratlarida qadimgi Koreya yarimorolidan kelgan deb talqin qilinadigan elchining tasviri saqlanib qolgan. Bu tasvir VII–VIII asrlarda Samarqandning Buyuk Ipak yo‘li orqali Koreya yarimoroli va boshqa hududlar bilan diplomatik hamda madaniy aloqalar olib borgan muhim markaz bo‘lganini ko‘rsatadi.
“5120 kilometr” ikki mamlakat o‘rtasidagi ramziy masofani anglatadi. Qadimda bu masofani elchilar va savdogarlar bosib o‘tgan bo‘lsa, bugun ushbu tarixiy yo‘l ilmiy tadqiqot, arxeologiya, konservatsiya, raqamli texnologiyalar va mutaxassislar tajribasi almashinuvi orqali qayta bog‘lanmoqda.
Qizlartepa qo‘shma tadqiqotlar markazida
Ko‘rgazmaning muhim qismlaridan biri Samarqand shahrining Bog‘ibaland mahallasida joylashgan Qizlartepa yodgorligida olib borilgan qo‘shma arxeologik tadqiqotlarga bag‘ishlangan. Koreya va O‘zbekiston mutaxassislari 2023–2025 yillarda besh bosqichda qo‘shma arxeologik qazishma ishlarini amalga oshirdi. Dastlab tepalikning yuqori qismida 12 ta nuqtada sinov qazishmalari o‘tkazildi. Shundan so‘ng 9 ta nuqtada me’moriy inshoot qoldiqlari aniqlanib, keng qamrovli tadqiqotlar davom ettirildi.
Tadqiqotlar natijasida Qizlartepadan 12 ta xona, ularni bog‘lovchi yo‘laklar hamda to‘rt tomondan kirish joylariga ega markaziy yo‘lakdan tashkil topgan So‘g‘d davri me’moriy majmuasi aniqlandi, - deydi O‘zbekiston - Koreya madaniy meros sohasi rivojlanish bo‘yicha rasmiy ko‘mak – ODA (Official Development Assistance) loyihasi kordinatori Abduaziz Jabborov. - Inshootlar paxsa va xom g‘ishtdan barpo etilgan bo‘lib, yodgorlikdan sopol buyumlar, shisha mahsulotlar, nefrit halqa parchalari, uzuk va taqinchoqlar, tangalar hamda boshqa arxeologik ashyolar ham topildi.
lar orasida So‘g‘d tangasi, ossuariy va boshqa noyob topilmalar alohida ahamiyatga ega. Ayrim inshootlarning vazifasi hali to‘liq aniqlanmagan. Ilmiy talqinlarga ko‘ra, ular zodagonlar qabulxonasi, bojxona yoki diniy maqsadlarda foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Shu bois ularning vazifasi haqidagi xulosalar hozircha ilmiy taxmin sifatida baholanadi. Qizlartepadagi tadqiqotlar zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan ham uyg‘unlashtirildi.
Yodgorlik aerosuratga olish va 3D skanerlash orqali raqamli hujjatlashtirildi. 97 ta ashyo 3D skanerdan o‘tkazilib, ularning parcha kesimlari solishtirildi va virtual qayta yig‘ish ishlari amalga oshirildi.
Konservatsiya natijasida tarix asl holatiga yaqin saqlanmoqda
Ko‘rgazmaning yana bir muhim yo‘nalishi madaniy meros ob’yektlarini konservatsiya qilishga bag‘ishlangan. Ta’kidlanishicha, loyiha doirasida Samarqand arxeologiya instituti huzurida ilmiy tadqiqot va konservatsiya ishlarini olib borish uchun maxsus markaz tashkil etilgan. Markaz 2024 yil mart oyidan faoliyat boshlagan bo‘lib, bu yerda 7 ta funksional xona va tadqiqot, tahlil hamda konservatsiya uchun 52 turdagi uskuna mavjud.
Markazda mikroskopiya, rentgen orqali buzmasdan tekshirish, P-XRF element tahlili, sopol va metall buyumlarni konservatsiya qilish, fotosuratga olish, hujjatlashtirish hamda muhit monitoringi kabi ishlar amalga oshiriladi. Hamkorlikning muhim jihati shuki, loyiha doirasida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, ularga yangi texnologiyalar bilan ishlashni o‘rgatish va mustaqil faoliyat yuritish salohiyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, 2022–2026 yillarda 263 nafar tadqiqotchi tinglovchi turli kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan va mahalliy mutaxassislarning o‘zi keyingi bosqichlarda boshqa tadqiqotchilar va mutaxassislarga bilim berish darajasiga yetgan. Misol uchun, 2025 yilda “Yosh arxeologlar maktabi”da 12 nafar yosh tadqiqotchi 12 kunlik kursni tamomlagan bo‘lsa, 15 nafar trenerning 13 nafari mahalliy markaz mutaxassislari bo‘lgan. Shuningdek, Qozog‘iston milliy muzeyining uch nafar mutaxassisi Samarqandda malaka oshirish bo‘yicha ta’lim olgan bo‘lsa, mahalliy markazning ikki nafar mutaxassisi Koreya Milliy meros universitetida magistratura bosqichida o‘qigan. 2024 yilda tayyorlangan “Konservatsiya fani nazariyasi” o‘quv qo‘llanmasi 58 ta muassasaga tarqatilgan.
Madaniy merosni raqamlashtirish
Loyihaning zamonaviy yo‘nalishlaridan yana biri madaniy meros ob’yektlarini 3D va GIS texnologiyalari asosida hujjatlashtirishdir. Bunday texnologiyalar yodgorlik va arxeologik buyumlarni yuqori aniqlikda raqamli ma’lumot sifatida saqlash, ularni ilmiy o‘rganish, konservatsiya qilish, ta’lim jarayonida foydalanish va turizm kontenti yaratish imkonini beradi. Qizlartepadan topilgan 97 ta ashyoning 3D modeli yaratildi. Bu orqali buyumlarning parchalarini virtual ravishda birlashtirish, ularning dastlabki shaklini aniqlash va zarur hollarda 3D nusxalar tayyorlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Ayni paytda Samarqanddagi qariyb 800 ta madaniy meros ob’yekti haqidagi ma’lumotlarni standartlashtirish, yuqori aniqlikda qayd etish va GIS platformasini shakllantirish ishlari ham olib borilmoqda.
Ko‘rgazma 3 sentyabrgacha davom etadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.