Nurobodda bayram - ezgu ishlar, yangi inshootlar, yuksak maqsadlar

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Nurobod tumanida bayramga munosib tuhfalar — aholi turmush farovonligi, salomatligi va yoshlar kelajagiga xizmat qiladigan qator yangi inshootlar foydalanishga topshirildi.

Jumladan, Mehnatkash va Sariko‘l mahallalarida zamonaviy oilaviy poliklinikalar o‘z faoliyatini boshladi. Mehnatkash mahallasidagi tibbiyot muassasasi 3 ming nafardan ortiq, Sariko‘ldagi yangi maskan esa 4 ming nafardan ziyod aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Eng muhimi, bu inshootlar zamirida inson salomatligi va qadrini ulug‘lashdek ezgu maqsad mujassam.

Bayram arafasida yoshlar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Sazag‘on mahallasidagi 11-sonli hamda Sariko‘l mahallasidagi 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari hududida zamonaviy sport zallari barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Endi o‘quvchilar yilning istalgan faslida qulay sharoitlarda sport bilan shug‘ullanib, musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘z iqtidorlarini namoyon etish imkoniga ega.

Sariko‘l mahallasida boshlangan yana bir ulkan bunyodkorlik loyihasi esa Nurobodning kelgusi qiyofasini belgilaydi. Samarqand–Qarshi yo‘nalishidagi A-378 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan mahallada tumanning zamonaviy tashrif markazini barpo etish ishlariga start berildi. Bu yerda zamonaviy jamoat makonlari, istirohat hududlari, xizmat ko‘rsatish va savdo ob’yektlari, yashil maydonlar, sport va veloyo‘laklar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Bir qarashda, bular turli yo‘nalishdagi inshootlar. Ammo ularni bir maqsad - inson uchun munosib sharoit yaratish, hududni obod etish va kelajak uchun mustahkam poydevor yaratish g‘oyasi birlashtiradi.
Bayram kunlari Nurobodda yangrayotgan shodliklar, yangi binolarga qadam qo‘yayotgan bolalar, zamonaviy tibbiyot maskanlarida xizmat olayotgan aholi, obod va ko‘rkam mahallalar — istiqlol yillaridagi bunyodkorlik siyosatining hayotiy natijalaridir.

Erkin Pardayev,
tuman hokimligi axborot xizmati rahbari.