Siyosiy sharh: Tuzoq
Tarixdan yaxshi ma’lumki, dunyodagi yirik mamlakatlarda sodir bo‘ladigan ahamiyatli ichki voqealar butunjahon siyosiy iqlimiga katta ta’sir o‘tkazadi. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Shu yil kuz oylarida AQSh va Rossiyada bo‘lib o‘tilishi kutilayotgan parlament saylovlari ham bundan mustasno emas.
Qo‘shaloq saylovlar
Aniq ishonch bilan aytish mumkinki, 20sentyabrda Rossiyada o‘tkaziladigan saylovlarning natijasi allaqachon hal bo‘lgan ko‘rinadi. Katta yoshdagi kishilarning yodida bo‘lsa, sho‘ro davrida saylovlar nisbiy tushuncha bo‘lib, xo‘jako‘rsinga o‘tkazilar edi. Tepadan tayinlangan nomzodlarga saylovchilar shunchaki ovoz bergan bo‘lib qo‘ya qolishardi. Ushbu an’ana sobiq ittifoqning ayrim respublikalarida hozirgacha davom etib kelmoqda.
Rossiyada Gorbachyov va Yelsinning rahbarlik davrida saylovlar birmuncha erkinlashgandi, biroq konservativ o‘ng firqalarning sa’y-harakatlari bilan eski arava yana o‘zining avvalgi iziga tushirildi. Masalan, yaqinda Rossiya Davlat Dumasiga o‘tkaziladigan saylovlarda mamlakatdagi yagona muxolifotchi Liberal-demokratik «Yabloko» partiyasi nomzodlari ro‘yxatga olinmaydigan bo‘ldi. Sababi: ular xorijdan noqonuniy moliyalashtirilgan emish. Darhaqiqat, firqaning ko‘pgina faol a’zolari hozirda muxolifatda bo‘lib, a’zolik badallarini xorijdan turib jo‘natgan bo‘lishlari mumkin. Ammo, bizning nazarimizda, «Yabloko» a’zolarining cheklab qo‘yilishiga asosiy sabab bu emas.
Ma’lumki, ushbu partiya boshidanoq rus-ukrain urushiga qarshi turib kelmoqda. Shu kunlarda ham ular Putinni harbiy harakatlarni to‘xtatib, sulh tuzishga da’vat etishmoqda. Biroq ularning ezgu harakatlari g‘alaba ishqida yonayotgan urush tarafdorlari va shaxsan Putinga mutlaqo yoqmayapti. Nega desangiz, urushni to‘xtatish hozirda rus imperialistlari uchun aniq mag‘lubiyat bo‘lib tuyulmoqda. Ular urushni oxirgi mantiqiy yakunigacha davom ettirishga qat’iy bel bog‘lagan. Kreml nazarida Donetsk viloyati batamom zabt etilsa, ana o‘shanda sulh haqida gapirish mumkin.
Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, rus ma’murlari hali to‘liq zabt etilmagan Zaporoje va Nikolayev oblastlariniyam Rossiya Konstitutsiyasiga kiritib qo‘yishibdi. Demak, bo‘lg‘usi muzokaralarda ana shu hududlar masalasi ham kun tartibida bo‘lishi aniq. Holbuki, Ukraina tomoni bu shartlarga mutlaqo ko‘nmaydi. Putin Tramp bilan bo‘lgan yaqin munosabatlariga tayanib, ukrainlarni bosqinchilik shartlariga ko‘ndirishga urinib ko‘rishi mumkin, biroq Eronda popugi pasayib qolgan Tramp uchun bu ikkinchi bir sharmandalik bo‘lar edi. Bu esa kutilayotgan Kongressning Vakillar palatasiga bo‘lg‘usi saylovda respublikachilar partiyasining aniq mag‘lubiyati demakdir.
Garchand Rossiyada “Yabloko”chilarni safdan chiqarish orqali saylov taqdiri hal qilingan esa-da, amerikaliklarda tartib sal o‘zgacha. Tramp Amerikadan demokratiyani yo‘q qilishga qanchalik urinmasin, u yerda liberal ozodlik taomillari shunchalik chuqur ildiz otganki, uni yo‘qotishga hatto prezidentning ham kuchi yetmaydi. Chunki AQSh ma’naviy krepostnoy qullarning emas, ozod fuqarolarning mamlakati hisoblanadi. Kelgusida tartib balki o‘zgarishi mumkin, ammo hozircha shunday. Biroq bu endi abadiy shunday bo‘lib qoladi degani emas.

Ogohlikka da’vat
1787 yili Filadelfiya shahrida AQSh bosh qomusi tasdiqlanib qabul qilinadi. Konstitutsion konvensiya o‘z ishini yakunlab, AQSh asoschilaridan biri Benjamin Franklin majlislar zalidan chiqayotgan chog‘ida shu shaharda yashovchi fuqaro - Elizabet Pauell degan ayol Franklinga savol beradi:
- Doktor, bizda respublika bo‘ladimi yoki monarxiyami?
Franklin unga shu zahotiyoq javob beradi:
- Respublika! Agar siz uni saqlay olsangiz!
Uning ushbu javobidan ko‘rinib turibdiki, ozodlik juda mo‘rt tushuncha. Qomusni, qonunlarni, har xil to‘g‘ri qoidalarni qabul qilish hali bu faqatgina boshlanishi, xolos. Uning ayolga «siz» deb murojaat qilishida ham chuqur ma’no bor. Respublika tuzumi vaziyat abadiy shunday bo‘lib qolishiga kafolat bermaydi. Uning saqlab qolinishi xalqdan faollik va donolikni talab qiladi.
Shu ma’noda Rossiya Federatsiyasida «Yabloko» partiyasining saylov tizimidan chiqarib tashlanishi mamlakatda respublika boshqaruvining nihoyasiga yetganligi va davlat batamom avtokratlar qo‘liga o‘tganini anglatadi. Aslida, bu jarayon hali Putin hokimiyat tepasiga kelmasidan ancha ilgari boshlangandi. 1996 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida kompartiya rahbari Zyuganovning qo‘li baland kelishini sezgan oligarxlar turli vositalarni ishga soldi, davlat rahbari Yelsin ham qayta saylanish uchun sho‘ro davrida sinovdan o‘tgan ma’muriy dastaklardan foydalandi va oqibat soxta bo‘lsa-da, yutib chiqdi.
Ba’zilar nega u hokimiyatni o‘z ixtiyori bilan Putinga topshirdi, deya ajablanadi. Sababi yana o‘sha: qayta saylanishidan umidi so‘nib, hafsalasi pir bo‘lgan edi. Aksincha bo‘lganida, har yo‘l bilan hokimiyatni saqlab qolishi mumkin edi. Hokimiyat tepasiga Vladimir Putin kelgach, qadam-baqadam demokratik institutlar ildizini qurita boshladi. Dastlab liberal OAVlar yo‘q qilindi. 2022 yilda arang jon saqlab turgan oxirgi erkin radioovoz -«Exo Moskvi» ham o‘chirildi. 2026 yilga kelib internet, telegram va boshqa shu singari ijtimoiy tarmoqlarning faoliyati cheklandi. Va nihoyat, demokratiyaning so‘nggi umidi, yagona demokratik partiya saylovdan chetlatildi.
Sababi: shu paytgacha bu firqa marginal guruh hisoblanib, demokratiyadan hafsalalari pir bo‘lgan rossiyaliklar unga deyarli e’tibor berishmas, saylovlarda ham uning nomzodlari arzimagan ovoz to‘plar edi. Urush avj olib, eshiklaridan mo‘ralagan rossiyaliklar birdan shunday partiya borligini eslab qolishdi.
Ana shu joyda Benjamin Franklinning aytgan fikri tamoman isbotlandi. Agar rossiyaliklar avval boshdan demokratik partiyalarni qo‘llaganlarida edi, vaziyat tamoman boshqacha bo‘lardi. Balki bugungi la’nati urush ham boshlanmasdi, deb o‘ylayman. Ular gaz va neftdan kelayotgan mo‘may dollarlarga, Qrimning jangsiz egallanishiga aldanib qolishdi.
Mana, ana endi millatchi populistik partiyalar chuqur ildiz otib, quyushqondan chiqib, xalq boshiga behisob qayg‘u va kulfatlar keltira boshlagach, Rossiya fuqarolarining ko‘zi ochila bormoqda. Biroq endi kech, imperialistik millatchi kuchlarga tinch yo‘l bilan bas kelib bo‘lmaydi. Rossiyaga endi yana yangi islohotchilar, inqilobchilar kerak. Afsuski, ularni qaytadan ataylab yetishtirib bo‘lmaydi.
Endilikda Kreml halokatli tanlov ostonasida turibdi. Yo xitoylik katta og‘aning yo‘rig‘iga yurib, urushni to‘xtatish yoki xalqaro maydonda mutlaqo yakkalanib qolishiga to‘g‘ri keladi. Chunki BMT Bosh Assambleyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Xitoy Xalq Respublikasi vakili Ukrainaning hududiy yaxlitligini himoya qilib, Moskvadan harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qildi. Bu xuddi Putinning boshiga bir chelak sovuq suv ag‘darilgandek bo‘ldi.
Rossiyalik urush tarafdorlari esa Putindan urushni davom ettirishni, kerak bo‘lsa, yadro qurolini ishga solishni talab qilishmoqda. Chorasiz Putin ikki o‘t orasida, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan odamdek bo‘lib qoldi. Ushbu hangomalardan o‘zini bir chetga olib kuzatuvchi bo‘lib turgan Xitoy eng manfaatdor tomon bo‘lib chiqmoqda.
Negaki, mabodo urushda Rossiyaning qo‘li baland kelib, Amerika va Yevropani zaiflashtirsa, «osmonosti mamlakati» biryo‘la ikkita raqobatchisidan qutuladi. Agar Yevropa va Amerikaga suyanib urishayotgan Ukraina g‘olib chiqsa, Rossiya Xitoyning chinakam xomashyo omboriga aylanadi. Har ikki holatda ham urush Xitoy foydasiga yakunlanadi.
Biroq uni achchiq ichakdek cho‘zilib ketishidan hech kim manfaatdor emas, hatto urushni boshlagan Moskva ham. Rossiyada Putinning obro‘si keskin tushib ketayotganligi ko‘rinib turibdi. Hozir xalqning uchdan ikki qismi urushga qarshi chiqmoqda. Yavlinskiy partiyasining saylovdan chetlashtirilishi bosh sababi ham shunga borib taqaladi.
Kelajakda davlat dumasida tinchlikparvar deputatlarning paydo bo‘lishi rus siyosiy-iqtisodiy elitasini cho‘chitib qo‘ymoqda. Siyosatchilar xalq nazarida beburd bo‘lishdan qo‘rqayotgan bo‘lsalar, oligarx-biznesmenlar davlat tomonidan berilayotgan mo‘may harbiy buyurtmalardan mahrum bo‘lishni istamayaptilar.

Ares bandalari
Yaqinda 2007 yilda bo‘lib o‘tgan tarixiy Myunxen sammiti va undan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumani materiallari bilan qayta tanishib chiqdim. Matbuot konferensiyasida jurnalistlardan biri Putinga quyidagi savolni berdi:
- Janob prezident, siz bir qutbli dunyoga qarshi chiqib, uning ko‘p qutbli bo‘lishini istayapsiz, unda nega mamlakatingizdagi siyosiy partiyalar bir qutbli?
Putin bunga javoban, Rossiyadagi siyosiy firqalar bir xil emasligi, masalan, kommunistlar bilan liberallar bir-biridan katta farq qilishi haqida batafsil gapirib berdi. Ammo keyinchalik vaqt shuni ko‘rsatib berdiki, tizimdagi firqalar tashqi rang-barangligiga qaramay, mohiyatan bir xil ekan. Bugun ularning barchasi «Yabloko» partiyasiga qarshi umumiy front atrofida birlashdi.
Shu o‘rinda bu partiya haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Uning «yabloko» (olma) deb atalishiga bu mevaning hech qanday aloqasi yo‘q. O‘tgan asrning 80-yillari oxirida siyosiy maydonga chiqqan bu firqaning asoschisi Grigoriy Yavlinskiy 1952 yilda Ukrainaning Lvov shahrida tug‘ilgan. Otasi rus millatiga mansub, onasi esa ukrainalik yahudiylardan bo‘lib, Yavlinskiy o‘zini rus millatiga mansub deb hisoblaydi. O‘sha davrda partiyaning nomi «Yavlinskiy bloki» deya nomlanib, keyinchalik qisqartirilib, «Yabloko» nomi bilan mashhur bo‘lib ketdi.
“Yabloko”chilar liberal-demokratik ko‘z-qarashdagi fuqarolar va ziyolilardan iborat bo‘lib, mamlakatda g‘arb andozasidagi demokratik tuzum o‘rnatilishi tarafdorlaridirlar. Shu paytgacha ularning Rossiya siyosiy hayotidagi o‘rni unchalik katta bo‘lmay, keyingi paytlarda obro‘si keskin ko‘tarilib bormoqda. Buning asosiy sababi: partiya urushga qarshi tashviqot olib borib, tobora xalq moyilligiga sazovor bo‘lmoqda.
Agar oldi olinmasa, erta Davlat Dumasiga bo‘lajak saylovda demokratlarning ko‘pchilik ovoz olib qo‘yish ehtimoli rasmiylarni chinakamiga cho‘chitib qo‘ydi va ular “Yabloko”ga qarshi jiddiy oyoqqa turdilar. Sababi: yuqorida yozganimizdek, rus elitasi orasida urushning davom etishini astoydil istaydigan odamlar behisob. Chunki ularning boshida urush xudosining bandasi Vladimir Putin turibdi.
Qadimiy yunon mifologiyasida shafqatsiz va qonxo‘r Ares (qadimiy Rimda Mars) timsoli bor. U o‘n ikki olimp xudolaridan biri bo‘lib, Zevs va Geraning o‘g‘li deyiladi. U oqil va donishmand Afinadan farq qilib, o‘ta badjahlligi va beshafqatligi bilan dong taratgan. Ares jang shiddatini, yaradorlarning ohu-nolasini va qotillik zavqini juda yoqtirgan. Shu bois uni hatto o‘z otasi Zevs ham yomon ko‘rgan.
Aresning ikki yonida Fobos (Qo‘rquv) va Deymos (Dahshat) ismli o‘g‘illari bo‘lgan. Ularga Erida (Adovat) nomli singillari madad berib turgan.
Shubhasiz, bizning zamonamizda ham Aresning ojiz bandalari uchrab turadi. Ulardan biri Ukrainada, ikkinchisi Eronda katta janjal chiqarib, ana endi bu qonli urushlarni to‘xtatolmay boshi garang. Davom ettiray desa, kundan kunga tinka madori qurib bormoqda. To‘xtatay desa, xudosiga shak keltirgan bo‘ladi.
Afsonaviy rivoyatlar o‘z yo‘lida-yu, hozir Trampning ham, Putinning ham holatiga havas qilib bo‘lmaydi. Ular o‘zi qo‘ygan tuzoqqa tushib qoldi. Undan bosh chiqarishning sira iloji yo‘q, tuzoq sirtmog‘i tobora qisib bormoqda. Buning sabablari haqida nasib qilsa, kelgusi maqolalarimizdan birida to‘xtalib o‘tamiz.
Xudoyberdi Komilov,
siyosiy sharhlovchi.