Har bir kunimiz tarix

35 yillik zarvaraqqa muhrlanadigan shonli o‘tmish

Shu kunlarda, aziz va ulug‘ bayram, istiqlolning 35 yilligi arafasida turli sohalarda uzoq yillar davomida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” ko‘krak nishonlari topshirilmoqda. Viloyat hokimligida o‘tgan tantanada viloyat ommaviy axborot vositalari, madaniyat, turizm sohasi vakillarining bir guruhiga ushbu ko‘krak nishonlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni ushbu aziz va ulug‘ bayram bilan tabrikladi.

- Bugun har bir kunimiz tarixga yoziladigan darajada shiddat va o‘zgarishlar bilan o‘tmoqda, - dedi Rustam Qobilov. – Mana shu o‘zgarish va yangilanishlarda, mamlakatimiz taraqqiyoti pillapoyalarini barpo etishda Siz, azizlarning ham hissangiz bor. Barchamiz shu shiddatu yangiliklarga tajriba, bilim va iqtidorimiz bilan munosib bo‘lishga harakat qilyapmiz. Aynan ana shu munosiblik yo‘lida harakatimiz bardavom bo‘lishini tilayman.

Shundan so‘ng ishtirokchilarga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” ko‘krak nishonlari tantanali tarzda topshirildi.

- 30 yildan ortiqroq vaqt mobaynida viloyat televideniyesida faoliyat yuritaman, - deydi viloyat teleradiokompaniyasi teleoperatori Sherzod Qahhorov. - Shu vaqt mobaynida televideniye ijodkorlari bilan hamkorlikda mustaqillik yillari qahramonlari, shu davr yoshlari-yu, ulug‘larimizning fikrlari, erishayotgan natijalari, yutuqlarimiz, kamchiliklarimiz - barchasini boricha kameraga muhrlab kelganman. Ba’zida kamera ko‘z ilg‘amaydigan narsalarni ifodalaydi, montaj xonasida tasvirga tushirgan nigoh va manzaralaringizdan o‘zgacha ma’nolar olinadi. Ayni damda ushbu nishonni olar ekanman, kameram xotirasidagi manzaralar xayolimdan o‘tdi, jadid bobolarimiz yurt ozodligi, ma’rifati uchun kurashi, shu yurt tinchligi, taraqqiyoti uchun fidoyilik bilan mehnat qilayotgani bugungi yurtdoshlarimiz qiyofasi ketma-ket ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi.