Robotlar ko‘paymoqda, oilalar-chi? Texnologik taraqqiyot insoniyatni yolg‘izlik sari yetaklaydimi?

Insoniyat tarixida har bir buyuk ixtiro hayotni yengillashtirish uchun yaratilgan. G‘ildirak, elektr, telefon, internet... Bugun esa navbat sun’iy intellekt va inson bilan hissiy muloqot qila oladigan robotlar zamoniga keldi.

Yaqinda Xitoyda insonni hissiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan sun’iy intellektli robotlar sotuvga chiqarilganini dunyo bildi. Avvalroq Janubiy Koreya va Yaponiyada ham shunday harakatlar boshlangani haqida eshitgandik. Endi bu “matoh” ommaviy sotuvga chiqarilgan. Istalgan kishi buni sotib olishi mumkin, degani bu. Ishlab chiqaruvchilarning aytishicha, ularning asosiy vazifasi - yolg‘iz insonlarga hamroh bo‘lish, keksalar bilan suhbatlashish, ruhiy tushkunlikni yumshatish va insonning emotsional ehtiyojlarini ma’lum darajada qondirishdan iborat. Juda ezgu g‘oyadek, bu. (Atom bombasi ham aslida ezgu maqsadlarda kashf qilingan).

Xitoyda so‘nggi yillarda yolg‘iz yashovchilar soni keskin oshgan. Yaqinginada “Bir oila - bir farzand” tamoyili asosida yashagan jamiyat bugun tobora keksayib bormoqda. Yoshlar kech turmush quradi, ayrimlari esa umuman oila qurishni istamaydi. Oila qurganlar uchun farzand ko‘rish katta xarajat talab etadigan ortiqcha tashvishdek. Ish, karera, iqtisodiy bosim va shaxsiy erkinlik birinchi o‘ringa chiqdi. Buni bozor juda tez angladi va kechagina o‘yinchoq hisoblangan robotlar bugun millionlab dollarlik biznesga aylandi. Reklamani kuchini tan olish kerak - "Sizni tushunadi". "Hech qachon janjal qilmaydi". "Har doim yaxshi kayfiyatda". "Sizni eshitadi." Bu har qanday kishi e’tiborini tortadi va bu robotlar xaridorgir bo‘lib boraveradi.

Bular Xitoyda bo‘lyapti, bizga ta’siri yo‘q, desangiz adashasiz - o‘sha kunlar albatta, bizning ham boshimizga keladi.

Biz shu kungacha oilaviy qadriyatlarimiz bilan butun dunyoga haqli ravishda maqtanib kelgan millatmiz. Bizda oila - muqaddas qadriyat sanaladi. Oilada erning, xotinning, bolalarning va kattalarning o‘z o‘rni bor. Lekin bu qarashlar ayni kunda xavf yoqasida, deb bemalol aytish mumkin. Negaki, bir-ikki avlod almashishi bilan bu qadriyatlarni saqlash mushkulga o‘xshab boryapti. Yaqin atrofni kuzatsak, bunga amin bo‘lamiz.

Jamiyatda o‘ziga xos obro‘-e’tiborli tanish ayolning yolg‘izgina o‘g‘li bor, yoshi 30 lar atrofida, shekilli. Qizini allaqachon uzatib yuborgan, 2 nafar nabirasi ham bor, qizidan ko‘ngli to‘q. Ammo har safar o‘g‘lidan noliydi, bechora. “Agar turmush o‘rtog‘im erta vafot etib ketmaganida, shu o‘g‘limni allaqon uylantirib, nevara quchib o‘tirgan bo‘lardim, buni nima qilish kerak! Hech kimning gapi o‘tmaydi, uylanmaydi  - it yotish - mirza turish!”, deydi doim bir gapni takrorlab. Adashmasam, bu gaplarni dastlab eshitganimga ham 3-4 yillar bo‘lib qoldi.

Yigitning  yaxshi ishi bor – dasturchi. Puli yetarli, onasining aytishicha, hamma havas qiladigan pul topadi. Uyga keladi, ishga ketadi. Doim taksida yuradi. Mashina minishni ham istamas ekan.  Yaqinda uni ko‘rgandim - rosa semirib, tarvaqaylab ketibdi. Onasining gapiga ko‘ra, hech kim bilan tuzuk gaplashmas, do‘stlashmas ekan, “kompyuteri” bilan gaplashib o‘tirarkan, ko‘pincha.

Tushundim va tasavvur qildim...

"Salom, kuningiz qanday o‘tdi?", deb so‘raydi algoritm. Choy tayyorligini eslatadi. Musiqa qo‘yadi. Dardini eshitadi. Tug‘ilgan kunini eslatadi, tabriklaydi. Hatto "Men sizni tushunaman", deydi.

Endi kishi haqiqiy inson bilan munosabat qurishga ehtiyoj sezmay qo‘yadi. Chunki robot xafa bo‘lmaydi, tanqid qilmaydi, talab qo‘ymaydi.

Insoniy munosabatlar esa ongli mas’uliyat talab qiladi. Oila   sabr talab qiladi.

Psixolog Z.Kamilovaning aytishicha, inson ehtiyojlarining eng yuqori bosqichlaridan biri - mehr, yaqinlik va haqiqiy emotsional munosabatlardir. Robot insonning ovozini tahlil qilishi mumkin, yuz ifodasini aniqlaydi, kayfiyatni taxmin qiladi, ammo u his qilmaydi. U faqat algoritmni, yuklatilgan dasturni bajaradi.

Sotsiologlar esa bu masalaga kengroq nuqtai nazardan qaraydi. Ularning fikricha, sun’iy intellektli hamrohlar yolg‘izlik muammosining sababi emas, balki jamiyatdagi o‘zgarishlarning mahsulidir. Biroq ular yolg‘izlikni vaqtincha yengillashtirishi bilan birga, insonning jonli muloqotga bo‘lgan ehtiyojini ham kamaytirishi mumkin.

Bugun yoshlar O‘zbekistonda eng ko‘p ommalashgan sun’iy intellekt modeli - ChatGPT bilan shaxsiy muammolari  bo‘yicha “dardlasha” boshlagani ham ayni haqiqat-ku.

Yoki katta yoshlilarni misol qilish mumkin - mobil telefoni bo‘lgan har qanday kishi bugun “ijtimoiy tarmoqlar”da bo‘sh vaqtini o‘tkazadi. Internet istalgan ma’lumotni sizga bir zumda topib beradi, vaqtingizni o‘g‘irlaydi, band qilib qo‘yadi. Yaqinda “Feysbuk”da ko‘zim tushgandi. Taniqli jurnalistlardan biri hazil tariqasida bir post qo‘ygan. Mazmuni - u kechasi bir narsa haqida xayol qiladi. Ertasi kuni qarabsizki, o‘sha ma’lumotlar peshma-pesh oldidan chiqaveradi, u hali bu haqida qidiruv bermagan, qizig‘i. “Internet bizning fikrlarimizni ham o‘qib olyaptimi?” degan mazmundagi post edi u.

  Yoki kattalar uchun yana bir misol. Kulgili, shu bilan birga achinarli vaziyat. Hamkasbimiz 70 yashar otasiga zamonaviy telefon sovg‘a qilibdi. Otasi arab tilini o‘rganmoqchi va Qur’oni Karimdan saboq olishni niyat qilgan ekan. Biroz vaqtdan so‘ng onasi shu kishiga qattiq tanbeh beribdi. “Otangni aynitding”, debdi. Onasining aytishicha, otasi vaqtini faqat internetda o‘tkazarkan. Namozlariyam chala qoladigan bo‘libdi. “Umraga borib kelgan odamni yo‘ldan ozdirding, endi telefonidan bo‘lar-bo‘lmas videolar ko‘rib, vaqtini o‘tkazyapti, dunyo bilan ishi yo‘q”, debdi onaxon. Hamkasbim buni kulib, hikoya qilib bergandi. Lekin bunga kulib bo‘ladimi?

Oilaviy ajrim muhokamalarida ishtirok etsangiz, er yoki xotin “telefonidan” bo‘shamasligini bot-bot takrorlaydilar, bir birini ayblab. Keyin buni ortidan xiyonat kelib chiqadi va boshqa sabablar. Baloning boshlanishi - ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq.

Endi ham Xitoyning kuni bizning boshimizga tushmaydi, deb ayta olasizmi? Biz ham asta-sekinlik bilan o‘sha “tomonga” harakatlanyapmiz, bosqichma-bosqich, faqat zinaning pastrog‘idamiz.

Albatta, taraqqiyotni, zamonaviy texnologiyani butunlay inkor etish ham adolatdan emas. Deylik, farzandlar xorijda. Otaxon yo onaxon kun bo‘yi uyda yolg‘iz. Shunday insonlar uchun robot dori vaqtini eslatsa... Qon bosimini nazorat qilsa... Suhbatlashsa... Tez yordam chaqirsa... Bunday holatda robot inson o‘rnini emas, insonga ko‘makchi vazifasini bajaradi. Bu -  taraqqiyotning ijobiy tomoni.

Ammo yoshlar uchun-chi? Eng tashvishli jihat ham shu yerda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda bunday robotlarga qiziqish keksalardan ko‘ra yoshlar orasida yuqori. Nega? Chunki haqiqiy munosabat qurish qiyin.

Bugun dunyoning ko‘plab davlatlarida tug‘ilish darajasi pasaymoqda. Nikoh yoshi kechikmoqda. Yolg‘iz yashovchilar ko‘paymoqda. Buning sabablari ko‘p. Iqtisod, karera, uy-joy muammosi, erkin va mas’uliyat talab etmaydigan, hech kimga hisob berish shart bo‘lmagan turmush tarzi va hokazolar. Shu bois ham yoshlar turmush qurishni ortiqcha boshog‘riq sifatida ko‘ra boshladi. Variant bo‘lgach, hamma arzon va qulay usulni tanlashi, tabiiy hol.

Taraqqiyot insoniyat halokatini tezlashtiryaptimi? -  masala shunda... Biz tezkor zamonda inqilobiy kashfiyotlarni qarshi olgan avlod bo‘ldik – щtgan asrning 90-yillarida mobil telefonlar paydo bo‘ldi, 2000 yillarda internet va ijtimoiy tarmoqlar, bugun esa inson hissiyotlarini takrorlay oladigan sun’iy intellekt modellari... 30 yil ichida hayotimizga kirib kelgan bu yangiliklarni hazm qilishimiz oson bo‘lmayapti. Taraqqiyotni to‘xtatib bo‘lmaydi. Robotlar yanada aqlli bo‘lib boraveradi. Sun’iy intellekt yanada rivojlanadi. Ammo bir haqiqat ayon - insonga inson kerak. Hech qanday algoritm ona allasining o‘rnini bosolmaydi.  Hech qanday robot farzandning "dada" degan birinchi so‘zini his qilolmaydi. Hech qanday dastur oilaning mehrini qayta yarata olmaydi. Texnologiya hayotni yengillashtirar, ammo inson qalbini to‘ldirolmaydi. Agar bir kun kelib ular insonning eng yaqin suhbatdoshiga aylansa, bu texnika yutug‘i bo‘lishi mumkin.

Lekin insoniyat uchun bu eng og‘riqli mag‘lubiyatlardan biriga aylanishi ham ehtimoldan xoli emas. Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy kuchi sun’iy intellektda emas, mustahkam oila, mehr-oqibat va tirik insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda namoyon bo‘ladi.

Xavotirimiz ham shundan. Nima dedingiz?

Gulchehra Berdiyorova,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.