Odil sudlov sari "yo‘l" qisqaradi 

Sudga murojaat qilish — insonning buzilgan huquqini tiklash yo‘lidagi eng muhim huquqiy imkoniyatlardan biridir. Biroq oddiy fuqaro yoki tadbirkor uchun sudga yetib borish, ariza tayyorlash, ish qaysi sudga tegishli ekanini aniqlash, sud hujjatlaridan xabardor bo‘lish yoki qarordan norozi bo‘lsa, uni qayta ko‘rib chiqtirish har doim ham oson kechmaydi.

Shu nuqtai nazardan, Prezident farmoni bilan belgilangan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi faqat sud tizimini ichki jihatdan isloh qilish emas, balki fuqaroning adolatga yetib borish yo‘lini soddalashtirishga qaratilgan muhim qadamdir. Farmonda inson qadrini ulug‘lash, huquq va qonuniy manfaatlarni sud orqali himoya qilishni yangi bosqichga ko‘tarish, sud protsessiga zamonaviy huquqiy mexanizmlarni joriy etish maqsadi belgilangan.
Farmonda 2030 yilga qadar sud binolarining kirish qismida “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislarini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish taklifi ma’qullangan.

Ushbu ofislar aholiga zarur axborotlarni bir joyning o‘zida taqdim etish, protsessual murojaatlar yuzasidan tashkiliy yordam ko‘rsatish singari vazifalarni bajarishga xizmat qiladi.
Farmonda iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish, tadbirkorlik sub’yektlari va investorlarning vaqti hamda xarajatlarini tejash maqsadida 2028 yil 1 yanvardan “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etilishi belgilangan. Unga ko‘ra, sudya ishlarni ko‘rish jarayonida juz’iy formal kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish majburiyatiga ega bo‘ladi.

Tadbirkor uchun suddagi har bir kun muhim. Nizo cho‘zilsa, shartnoma ijrosi to‘xtaydi, mablag‘ aylanmasi sekinlashadi, ishonch susayadi. Shu bois iqtisodiy ishlarda sudning proaktiv roli nizoni tezroq va samaraliroq hal qilishga xizmat qiladi.
Proaktiv boshqaruv degani sudya taraflar o‘rniga ish yuritadi degani emas. Bu — sudya ishni ortiqcha formal to‘siqlarsiz, aniq, maqsadli va samarali boshqaradi, degani. Natijada tadbirkorlik muhiti uchun ham huquqiy barqarorlik oshadi.

Odil sudlovga erishish faqat sud zalida boshlanmaydi. Ayniqsa, jinoyat protsessida shaxsning huquqlari dastlabki bosqichda — ushlash, gumon qilish, ayblov e’lon qilish, protsessual majburlov choralarini qo‘llash paytidayoq jiddiy ta’sir ostida bo‘ladi.
Farmonda 2027 yil 1 iyuldan boshlab “asosli gumon” xalqaro standartiga muvofiq tergov sudyasiga protsessual majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshirish vakolatlari berilishi nazarda tutilgan.

Farmonda 2027 yil 1 avgustdan boshlab yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini ochiq e’lon qilish va yangilab borish amaliyoti — “Pretsedentlar” reyestrini joriy etish belgilangan. Shuningdek, yagona sud amaliyotini shakllantirish jarayoniga ilmiy doiralar, malakali mutaxassislar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb qilish maqsadida ekspertlar kengashlari tashkil etiladi.

Bu tadbirlar sud qarorlarining oldindan taxmin qilinishi mumkin bo‘lgan, barqaror va asosli amaliyotga tayanishini kuchaytiradi. Advokatlar, tadbirkorlar va fuqarolar uchun ham bu muhim: ular o‘z nizosi bo‘yicha amaliyot qanday ekanini ko‘rib, huquqiy pozitsiyasini aniqroq shakllantira oladi.
Farmonda 2027 yil yakuniga qadar odil sudlov sifatini baholash indikatorlari tizimini ishlab chiqish va har yili O‘zbekistonda odil sudlov sifati indeksini e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritish belgilangan.

Bu ham muhim yangilik. Chunki islohot natijasini faqat umumiy gaplar bilan emas, aniq mezonlar bilan baholash kerak. Sudga murojaat qilish qanchalik osonlashdi? Ishlar qanchalik tez ko‘rilmoqda? Qarorlar sifati qanday? Yuqori instansiyada bekor qilinayotgan qarorlar ulushi qanday? Fuqarolar sud xizmatidan qay darajada qoniqmoqda?
Shunday savollarga javob beradigan indeks sud tizimi faoliyatini ochiq baholash imkoniyatini yaratadi.
Farmondagi odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga oid choralarning asosiy g‘oyasi shunday: inson sudga moslashmasligi, aksincha, sud tizimi inson ehtiyojiga moslashishi kerak.

Bu yangi yondashuv bir nechta amaliy yo‘nalishda namoyon bo‘ladi: birinchidan, chekka hududlarda sud himoyasi yaqinlashadi. Ikkinchidan, sud binolarida “yagona darcha” fuqaroga birinchi qadamdayoq yordam beradi. Uchinchidan, my.sud.uz va mobil ilova orqali raqamli murojaat imkoniyatlari kengayadi. To‘rtinchidan, ariza noto‘g‘ri sudga berilsa, fuqaro qaytarilmaydi, ariza tegishli sudga o‘tkaziladi. Beshinchidan, formal xatolar sabab ish to‘xtab qolmasdan, sud ko‘magida bartaraf etiladi. Oltinchidan, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda xolislik va samaradorlik oshadi. Yettinchidan, sud amaliyoti ochiqlanib, huquqiy aniqlik kuchayadi.

“Odil sudlov – 2030” strategiyasini amalga oshirish bilan bog‘liq choralar sud tizimini fuqaroga yaqinlashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va buzilgan huquqlarni o‘z vaqtida tiklash imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Endilikda sudga murojaat qilish yo‘lidagi asosiy to‘siqlar - masofa, formal xatolar, ma’lumot yetishmasligi, raqamli xizmatlardan foydalanishdagi qiyinchiliklar va qayta ko‘rishdagi xolislikka oid shubhalar bosqichma-bosqich bartaraf etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Adolat faqat qonunlarda yozilgan huquq emas. Adolat - fuqaro unga yetib bora olgandagina haqiqiy kuchga ega bo‘ladi. Shu ma’noda mazkur Strategiyaning eng muhim vazifasi sud tizimini insonga yaqin, murojaatni oson, qarorni asosli, jarayonni shaffof va himoyani ishonchli qilishdir.
Zero, odil sudlovga yetishish imkoniyati kengaygan jamiyatda inson huquqi qog‘ozda emas, hayotda himoya qilinadi.

Islom Hamroqulov,
Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudining raisi.