Xalqaro hamkorlik: Samarqand kasbiy ta’lim tizimida Malayziya tajribasi o‘rganiladi
Malayziyaning Universiti Poly-Tech Malaysia (UPTM) hamda Kolej Poly-Tech MARA (KPTM) ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov hamda viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i A.Nasimov ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Malayziya tajribasini o‘rganish va uni Samarqand viloyati kasbiy ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Jumladan, «1+1» va «2+2» qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalarga xalqaro ta’lim va malaka olish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, sun’iy intellekt (AI), Cyber Security, Data Analytics, Multimedia va Design, Business Management hamda Tourism kabi zamonaviy va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda hamkorlik qilish taklif etildi.
Professional sertifikatlash dasturlari, raqamli ta’lim texnologiyalari, zamonaviy o‘qitish metodikalari hamda «Smart Classroom» tizimlarini joriy etish bo‘yicha Malayziya tajribasini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tomonidan bildirilgan takliflarni atroflicha o‘rganish, ularning amaliy jihatlarini tahlil qilish hamda o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishish belgilab olindi.