Qonun - qog‘ozdan hayotga: Yangi O‘zbekiston islohotlari Nurobod misolida
Insoniyat tarixida davlat va huquq doimo muhim o‘rin tutgan. Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda tinchlik va barqarorlik qaror topadi. Inson huquqi ta’minlangan yurtda esa taraqqiyot uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda davlat-huquq va qonunchilik tizimi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. So‘nggi to‘qqiz yilda bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ularning markazida inson qadri turibdi.
Davlat organlarining xalq oldidagi mas’uliyati kuchaymoqda. Fuqarolarning murojaatlarini eshitish muhim vazifaga aylandi. Muammolarni xonadonma-xonadon o‘rganish amaliyoti kengaydi. Jamoatchilik va nodavlat tashkilotlarining ishtiroki ham ortmoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlarda belgilangan “inson – jamiyat – davlat” tamoyili ana shu o‘zgarishlarning mohiyatini ifodalaydi.

Islohotlar hudud hayotida
Bu jarayonlarni bir hudud misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Shu maqsadda o‘zim tug‘ilib o‘sgan Nurobod tumanida bo‘ldim. Turli kasb va toifadagi insonlar bilan suhbatlashdim. Ularning fikri bir jihatdan mushtarak. Ya’ni, islohotlar odamlar hayotiga kirib bormoqda.
Tumanda ta’lim va tibbiyot sohalarida o‘zgarishlar bor. Tadbirkorlik va bandlikka e’tibor kuchaygan. Sport, turizm va yoshlar siyosatida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Mahallalarda infratuzilma yangilanmoqda.
Yo‘llar obod bo‘lmoqda, yangi ijtimoiy ob’yektlar barpo etilmoqda. Eng muhimi, davlat siyosatida belgilangan vazifalar mahalla va oila hayotida o‘z ifodasini topmoqda.
Nurobodda mahalla instituti faoliyatiga ham yangicha yondashuv shakllanmoqda. Prezidentimizning 2026 yil 24 iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida mahalla raislari faoliyatini reyting asosida baholash yo‘lga qo‘yildi.
Respublikadagi eng namunaviy 100 ta mahalla qatoriga Samarqand viloyatidan 10 ta mahalla kiritildi. Ularning beshtasi Nurobod tumaniga to‘g‘ri keladi. Bular - Lolazor, Sharq yulduzi, Po‘latchi, Oqsoy va Buloqboshi mahallalari.
Tumanda tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. 470 gektar maydonda “Nurbuloq” sanatoriy-kurort shahrini tashkil etish taklifi ilgari surilgan. Bu loyiha yangi ish o‘rinlari uchun ham katta imkoniyat. U hudud iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Inson qadri - bosh mezon
Ta’lim sohasidagi o‘zgarishlarni Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nurobod tuman kengashi raisi, xalq ta’limi a’lochisi Erkin Abdusalomov ham alohida ta’kidlaydi.
- Bugun, vijdonan aytganda, yashaydigan zamon keldi, - deydi u. - Davlat insonni qadrlashga katta e’tibor qaratmoqda. Ta’lim sohasidagi sharoitlar va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar davlatga ishonchni oshirmoqda. Bu fikrlarim raqamlarda quyidagi ham ko‘rinadi: 2016 yilgacha tumanda 5 ta maktabgacha ta’lim muassasasi bor edi. Qamrov atigi 3,5 foizni tashkil etgan. Bugun muassasalar soni 29 taga yetdi. Qamrov darajasi esa 63,6 foizni tashkil etmoqda. Avval 10 ta maktabda sport zali bor edi. Hozir 37 ta maktab zamonaviy sport zallariga ega. Ayni paytda tumanda 79 ta maktab, 2 ta texnikum va 1 ta ixtisoslashgan maktab-internat faoliyat yuritmoqda.
Bu raqamlar ortida inson taqdiri bor. Har bir yangi maktab - yangi imkoniyat. Har bir sport zali - yoshlar salomatligi va tarbiyasi uchun yangi sharoit.
Tibbiyotdagi o‘zgarishlar
Nurobodning bugungi qiyofasini tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlarsiz tasavvur qilish qiyin.
Shifokor, “Shuhrat” ordeni, “ O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi Rohila Qilicheva tumanning kechagi va bugunini o‘z hayoti misolida baholaydi:
- Nurobodga 1978 yilda kelganman. O‘sha paytda bu yerda yashashni tasavvur qilishning o‘zi qiyin edi. Bugun esa tumanni tanib bo‘lmaydi. Ayniqsa, keyingi to‘qqiz yilda tibbiyotda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Ilgari markaziy shifoxonaning moddiy-texnik bazasi eskirgan edi. Binolar ta’mirga muhtoj bo‘lgan. Malakali kadrlar masalasi ham dolzarb edi.
Bugun vaziyat boshqacha. Shifoxonaning tug‘ruqxona, xirurgiya, kardiologiya, terapiya, tez yordam va reabilitatsiya bo‘limlari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Tumanda 24 ta yangi qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinika tashkil etilgan.
Laboratoriyalar yangilanmoqda. Sohada raqamlashtirish jarayoni ketmoqda. Mutaxassislar malakasini oshirishga ham e’tibor kuchaygan. Eng muhimi, tibbiy madaniyat ham o‘zgarmoqda. Xotin-qizlarni muntazam ko‘rikdan o‘tkazishga e’tibor oshdi. Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaydi.
Huquq va imkoniyat tadbirkorlikda
Islohotlarning yana bir muhim ko‘rinishi tadbirkorlik sohasida namoyon bo‘lmoqda.
“Sobirsoy” fermer xo‘jaligi rahbari Otabek Tilavov bugungi imkoniyatlar tadbirkor zimmasiga mas’uliyat ham yuklashini ta’kidlaydi.
- Davlat yaratayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish tadbirkordan katta mas’uliyat talab qiladi, deydi u. - Bu imkoniyatlar orqali nafaqat daromad olish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va jamiyatga foyda keltirish mumkin.
Xo‘jalik chorvachilik, dehqonchilik va tuyachilikka ixtisoslashgan. 2020 yilda oilaviy tadbirkorlik asosida “Eko Zamzar” kafesi ishga tushirilgan edi. Yaqinda “Davo Zamzar” xususiy sihatgohi ham tashkil etildi. U yerda 60 o‘rin yaratildi. 30 ta yangi ish o‘rni tashkil qilindi.
Bugun xo‘jalikda 50 nafar kishi mehnat qilmoqda. Bu - huquqiy imkoniyatning amaliy natijasi. Ayni paytda tadbirkorlikning ijtimoiy mas’uliyati ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar - yangi davr avlodi
Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni yoshlar hayotida yanada yaqqol ko‘rish mumkin. Nurobodda tug‘ilib o‘sgan Qamariddin Ilyasov bunga o‘z hayoti bilan misol bo‘la oladi. U Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetini davlat granti asosida tamomlagan.
Qamariddin sun’iy intellekt, robototexnika, dron texnologiyalari va muhandislikka qiziqadi. Talabalik davrida respublika va xalqaro tanlovlarda ishtirok etdi. “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovida ikki karra g‘olib bo‘ldi. Bugun u olgan bilimlarini Nurobod yoshlari bilan bo‘lishishni maqsad qilgan.
- Poytaxtda olgan nazariy va amaliy bilimlarimni Nurobodning uzoq qishloqlaridagi yoshlar bilan bo‘lishishim kerakligini angladim, - deydi u.
Bu oddiy fikr emas. Bu yangi avlodning dunyoqarashidagi o‘zgarishdir. Yoshlar o‘z kelajagini endi faqat shaxsiy manfaat bilan o‘lchamaydi. Ular o‘z taqdirini yurt va jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘lamoqda.
Qonun hayotda namoyon bo‘lganda
Nurobod misoli bir haqiqatni ko‘rsatadi. Davlat-huquq va qonunchilik tizimi faqat qonunlar va me’yorlar majmuasi emas. U insonning kundalik hayotida namoyon bo‘ladi: Yangi maktabda bo‘y ko‘rsatadi, zamonaviy shifoxonada ko‘rinadi, tadbirkorga berilgan imkoniyatda aks etadi, mahalladagi o‘zgarishlarda seziladi, yoshning o‘z kelajagiga ishonch bilan qarashida namoyon bo‘ladi.
Eng muhimi, fuqarolar o‘z huquqini anglashi bilan birga mas’uliyatini ham his qilmoqda. Davlat organlari esa xalq bilan muloqot qilishga yanada yaqinlashmoqda. Demak, huquqiy islohotlarning samarasi qonunlar soni bilan emas, ularning inson hayotiga ta’siri bilan o‘lchanadi. Nuroboddagi o‘zgarishlar ana shu jarayonning amaliy ifodasidir. Yangi O‘zbekiston g‘oyasining mohiyati ham shunda. Yagona Vatan, yagona xalq va umumiy maqsad atrofida yangi hayot barpo etish.
Bu yo‘lning bosh mezoni esa bitta - inson qadri.
Eshmuhammad Qodirov,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori.