Iqtisodiy sudlarda ishni ko‘rib chiqish tartibi o‘zgardi. Jismoniy va yuridik shaxslarga qulaylik bormi?

Davlatimiz rahbari tomonidan sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan bir qator protsessual qonun normalariga, shu jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun imzolandi.

Mazkur qonun asosida protsessual qonun normalariga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, viloyat sudlari vakolatidan kassatsiya tartibida ish yuritish instituti chiqarib tashlanib, faqat apellyasiya tartibida ish yuritish vakolati qoldirildi.

Kassatsiya tartibida ish yuritish vakolati esa Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazildi. Shu bilan birga Oliy sudda ishlarni nazorat tartibida ko‘rish tugatilib, viloyat sudlarida apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha berilgan kassatsiya shikoyatlarini ko‘rishi belgilandi.

Qonunga ko‘ra, shikoyat berish muddatlari ham uzaytirildi, ya’ni ilgari apellyasiya shikoyati berish muddati ishda ishtirok etgan yoki ishtirok etmagan taraflar uchun bir xil hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar 30 kun edi. Endi agar taraf ishga qatnashmagan bo‘lsa yoki uning ish bo‘yicha huquqlari va majburiyatlariga aloqador qaror qabul qilingan bo‘lsa-da u ishga jalb etilmagan taqdirda, taraf mazkur hal qiluv qaroridan xabardor bo‘lgan kundan boshlab, 30 kun mobaynida shikoyat berishi mumkin.

Mazkur holatda taraf bir yildan so‘ng xabardor bo‘lsa ham apellyasiya tartibida shikoyat qilish huquqi cheklanmasligi belgilandi.

Apellyasiya instansiyasining qarori e’lon qilingan kundan boshlab, bir yil ichida Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish mumkin. Agar taraf kassatsiya shikoyati berish muddatini o‘tkazib yuborgan bo‘lsa ham uch oy ichida unga shikoyat berish muddatini tiklash haqida iltimosnomasini ilova qilsa, muddat tiklanishi mumkin.

Shuningdek, Oliy sudning sudloviga tegishli ishlar jumlasiga investitsiya va raqobatga oid nizolar ham kiritildi. Mazkur holatda, yirik investorlar o‘rtasidagi investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlar bo‘yicha taraflarning xohishiga binoan mazkur ishlar bevosita Oliy sudda yoki viloyat sudlarida birinchi instansiya sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin. Qolgan yirik bo‘lmagan investitsiyaviy nizolar taraflarning xohishiga binoan javobgar joylashgan joydagi tuman, shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlar yoki viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yildi.

Bu mamlakatimizda investitsiya va investorlarining huquqlari qonun bilan himoya qilinishi, investitsiya bilan bog‘liq nizoli holatlar yuzaga kelgan taqdirda, nizolar Oliy sud sudlov tarkibi tomonidan ko‘rib chiqilishi, chet ellik investorlarning huquqlari eng yuqori odil sudlovning himoyasida ekanligini anglatadi.

Oybek Asatov,

Samarqand viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi.