Olimlar xurmodan mayiz, chipsi tayyorlayapti
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida yaponiyalik olimlar bilan birgalikda xurmoni quritish loyihasi ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Loyiha 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘tgan yili tajriba sifatida mahalliy, taxir ta’mli xurmodan mayiz tayyorlandi. Bu yil esa institut olimlari ushbu loyihani yanada kengaytirdi. Buning uchun institut hovlisida maxsus xurmoni quritish inshooti qurildi.
- Institutimiz olimlari aholi daromadini oshirish maqsadida ushbu loyihaga qo‘l urdi, - deydi institutning dorivor o‘simliklar va oziq-ovqat texnologiyasi kafedrasi dotsenti Hayitmurod Tilavov. – Loyiha doirasida taxir ta’mli, ya’ni limonli xurmodan mayiz, chipsi tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. Hatto xurmoning po‘stlog‘ini ham qayta ishlayapmiz. Biz bu loyihani o‘tgan yili oddiy issiqxonada boshlagandik. Bu yil "Agrobank" tomonidan institutga zamonaviy quritish inshooti qurib berildi.

Mavsumda ushbu inshootda 60 tonnagacha xurmoni quritib, undan mayiz tayyorlash mumkin. Olimlar tomonidan xurmoni quritish bo‘yicha patent olish ishlari ham davom etyapti. Tayyor mahsulot barcha tekshiruvlardan o‘tgan bo‘lib, inson organizmining xavfsizligiga to‘liq javob beradi.
- O‘tgan yili ozroq miqdorda xurmodan mayiz tayyorladik, - deydi H.Tilavov. – Mahsulotlarimizni asosan Yaponiyadan kelgan mehmonlar olib ketishdi. Qolganlari ichki bozorda sotildi. Bu yil ham o‘tgan yilgi savdo do‘konlari xurmo mayizini so‘rashyapti. Nasib bo‘lsa, joriy yil ko‘proq miqdorda quritilgan xurmolarni ichki bozorga chiqarmoqchimiz. Undan olinadigan daromad institut sarf-xarajatlariga sarflanadi.
Yaqinda institutimizga Germaniyadan kelgan mehmonlar ham quritilgan xurmolarga qiziqish bildirishdi. Sababi, xurmo mayizi tabiiy mahsulot bo‘lib, vitaminlarga boy. Xurmo mevasi vatanimizda tabiiy ravishda pishadi, unga hech qanday kimyoviy dorilar berilmaydi. Unga quritish jarayonida ham kimyoviy ishlanmalar qo‘shilmaydi. Shuning uchun ham sof tabiiy mahsulot deb ayta olamiz. Xurmo mayizining bahosi o‘z narxiga qaraganda uch-to‘rt baravar yuqoriligi bilan ham ahamiyatlidir.
Ayni kunda institutga Navoiy viloyatining Xatirchi va Surxondaryo viloyatining Uzun tumanlaridan xurmo mevalari olib kelingan. Yana xurmo mevalariga buyurtma berilgan. Shuningdek, institut olimlari yaqinda Uzun tumani aholisiga xurmodan mayiz tayyorlash texnologiyasi haqida seminar-trening o‘tkazishdi. Bunday tadbirlar xurmo ko‘p yetishtiriladigan aholi orasida tashkil etilyapti.

Institut talabalari xurmoni quritish jarayoniga amaliyotga jalb etgan bo‘lib, ular bevosita ushbu jarayonda qatnashyapti hamda xurmoning quritish usulini o‘rganyapti.
- Dastlab xurmolarni suvda yaxshilab yuvib olamiz, - deydi institutning dorivor o‘simliklar va oziq-ovqat texnologiyasi kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi Rahmatullo Tashmanov. – So‘ngra uning bandini saqlagan holda po‘stidan tozalaymiz. Xurmo bandi ip bilan bog‘lash uchun kerak. Po‘stidan tozalangan xurmolar ipga qator qilib bog‘lab chiqiladi va qaynab turgan suvda 3-5 soniya ushlab turiladi. Keyin ularni quritish joyiga ilib chiqiladi. Xurmolar taxminan bir oy mobaynida quritiladi. Tayyor bo‘lgan xurmo mayizlari institutda qadoqlanib, sotuvga chiqariladi.
Darhaqiqat, xurmoning po‘stlog‘i ham tashlab yuborilmaydi, aksincha ular maxsus quritish moslamasida quritib olinadi va undan un mahsuloti tayyorlanadi. Xurmoli un mahsulotini qandolatchilikda shakar o‘rnida foydalansa bo‘ladi. Olimlar inson organizmiga zararli bo‘lgan shakarning o‘rniga tabiiy mahsulotdan foydalanish maqsadida ushbu tadqiqotni yo‘lga qo‘ymoqchi.
Bundan tashqari, institutda xurmodan bolalar sevib iste’mol qiladigan chipsi mahsulotlari ham tayyorlanyapti. Xurmodan tayyorlangan chipsilar inson salomatligiga foydaligi bilan ahamiyatlidir. U ham xushxo‘r, ham foydali mahsulotligi bilan boshqa turdagi chipsilardan ajralib turadi. Ayniqsa, bolalarini turli zararli chipsilardan tiya olmayotgan ota-onalar uchun xurmoli chipsilar juda qo‘l keladi.
Bugun insonlarda yod yetishmasligi, buqoq kasalliklari avj olyapti. Xurmo mayizida yod ko‘pligini hisobga olsak, undan iste’mol qilgan kishilarda bunday kasallikka uchrash xavfi kamayadi. Ham daromadli, ham salomatlik uchun foydali bo‘lgan xurmodan mayiz tayyorlash yaqin kelajakda aholi orasida keng tarqalishiga ishonamiz. Ushbu loyiha kelajakda aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Xurshida Ernazarova,
Baxtiyor Mustanov (video).