Faqat jazo choralarini kuchaytirish bilan YTHlarning oldini olib bo‘lmaydi

Viloyat sudida yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qonunbuzarliklar, ularning kelib chiqish sabablari hamda sudlar tomonidan qo‘llanilayotgan jazo choralari tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
 
Dastlab viloyat sudi raisi o‘rinbosari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Jahongir Arslonov sud-huquq sohasidagi islohotlar, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

- Bugun viloyatimizda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish eng ustuvor vazifalardan biri, - dedi J.Arslonov. – Ammo viloyat sudlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yo‘l harakati sohasidagi huquqbuzarliklar statistikasi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi (transport vositalarini mastlik holatida boshqarish) bilan viloyat sudlari tomonidan 995 nafar shaxsga nisbatan jazo qo‘llanilgan. 198 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq tayinlanib, 712 nafari haydovchilik huquqidan mahrum etilgan.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi, jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki moddiy zarar yetkazish holatlari bo‘yicha 1656 ta ish ko‘rilgan. Achinarlisi, huquqbuzarlarning 61 nafarini ayollar, 6 nafarini voyaga yetmaganlar, 90 nafarini 60 yoshdan oshganlar va 5 nafarini chet el fuqarolari tashkil etdi.

Albatta, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy jazo choralari - muayyan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish va ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlanmoqda. Yo‘l harakati bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklar faqat jazolash uchun emas, balki aholi o‘rtasida ogohlikni oshirish maqsadida bevosita mahallalarda, korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislari shaklida ko‘rib chiqilyapti.

Jazo choralarini kuchaytirish bilangina yo‘llardagi fojialarning oldini ololmaymiz. Buning uchun keng jamoatchilik, OAV vakillarining targ‘ibot ko‘magi orqali aholining yo‘llarda harakatlanish, transport vositalarini boshqarish madaniyatini oshirish kerak.

Anjuman davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Narpay va Nurobod tumanlari sudining tergov sudyalari, viloyat yo‘l-patrul xizmati ma’muriy amaliyot bo‘limi mutasaddilari sud-huquq va yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish borasida Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar haqida ma’lumot berishdi.

Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.