Iqtisodiy taraqqiyotning yangi ufqlari yoxud kichik biznes o‘sishi yo‘lidagi tarixiy burilish
Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Global iqtisodiy jarayonlar, bozorlardagi raqobat va zamon talablari har bir davlatdan moslashuvchan, dadil va uzoqni ko‘zlagan islohotlarni talab etmoqda. O‘zbekiston o‘z mustaqilligi va taraqqiyotining yangi bosqichida mana shunday shiddatli karvonning eng oldingi saflaridan joy olishga intilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 26 mayda imzolangan «Kichik biznes sub’yektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmon yurtimizda ishbilarmonlik muhitini mutlaqo yangi bosqichga olib chiquvchi, biznesga yanada qulaylik beruvchi hujjat bo‘ldi.
Masalan, ko‘p yillar davomida kichik biznes vakillari ma’lum bir aylanma mablag‘ chegarasiga yetganda, o‘z faoliyatlarini sun’iy ravishda to‘xtatishga, firmalarni bo‘lib yuborishga majbur bo‘lardi. Nega? Chunki umumiy soliq tizimiga o‘tish kichik biznes uchun juda katta ma’muriy yuk va moliyaviy zarba bo‘lib tuyulardi. Ya’ni, biznes «o‘sishdan qo‘rqardi».
Yangi farmon mana shu sun’iy qo‘rquvga barham bermoqda. joriy yil 1 iyundan soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdorining 12 000 baravari etib belgilandi.
Bu nima beradi? Bu endi tadbirkorlar o‘z aylanmalarini bemalol oshirishlari mumkin, degani. Yirik korxonaga aylanish jarayonida tizim ularni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab, «yumshoq o‘tish» imkoniyatini taqdim etadi.
Agar siz ko‘chadagi oddiy qahvaxona, milliy taomlar maskani yoki kichikroq mehmonxona egasi bo‘lsangiz, kundalik faoliyatingizda qanchalik ko‘p mayda-chuyda, ammo tinkani quritadigan byurokratik qoidalarga bo‘lganini yaxshi bilasiz. Farmonning uchinchi bo‘limi aynan mana shu soha vakillari uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
Mehmonxona va restoranlarda alkogol va tamaki mahsulotlari sotilayotganda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga rasman ruxsat berildi. Bundan tashqari, alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu maskanlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb hisoblanadi. Ya’ni, ortiqcha hisobotlar, «u kod unday ketdi, bu kod bunday ketdi» qabilidagi asabbuzarliklar chekkaga suriladi.
Restoran va umumiy ovqatlanish sohasining eng katta muammolaridan biri - ishchi kuchining tez-tez o‘zgarib turishi, ayniqsa, to‘y-hashamlar, mavsumiy tadbirlar paytida qo‘shimcha ofitsiant yoki xizmatchilarni qisqa muddatga jalb qilish edi. Ularni rasmiylashtirish, soliq va mehnat daftarchasini yuritish soatlab, kunlab vaqt olardi. Endi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali shu kunning o‘zida, soddalashtirilgan tartibda va muayyan muddatga rasmiylashtirish mumkin.
Ish haqini to‘lash va hisob-kitob qilish tizimi ham maksimal darajada osonlashtirildi. Bu yashirin iqtisodiyotga barham berish bilan birga, minglab yoshlarning qonuniy daromad topishiga yo‘l ochadi.
Yana bir muhim yangilik, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismini qaytarib berish tizimi tushumning naqd pulsiz shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi. Bu biznes ixtiyorida katta aylanma mablag‘ qolishini va bu mablag‘ xizmat sifatini yaxshilashga, ish haqini oshirishga yo‘naltirilishini anglatadi.
Aslida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) dunyo miqyosida ham, bizda ham eng murakkab hisob-kitob qilinadigan soliq turlaridan biri sanaladi. Uni to‘g‘ri hisoblash, hisobga olish va hisobot topshirish kichik tadbirkor uchun ko‘pincha og‘irlik qilardi. Bu masalada shunchaki yengillik emas, balki haqiqiy muqobil tizim taklif qilinmoqda. Jumladan, 2026 yil 1 iyundan 2030 yil 1 yanvarga qadar umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxonalar (davlat ulushi bor korxonalar va yirik soliq to‘lovchilardan tashqari) ixtiyoriy ravishda QQS to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlashlari mumkin.
Ko‘pchilik ishbilarmonlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladigan masala - bu soliq idoralari tomonidan turli guvohnomalarni to‘xtatib qo‘yish, asossiz tekshirishlar va pullarni qaytarishdagi sansalorliklar edi. Yangi farmon ushbu tizimni tubdan isloh qilib, korrupsiya va byurokratiyaning ildiziga bolta urmoqda.
Ilgari QQS guvohnomasining vaqtincha to‘xtatib qo‘yilishi tadbirkorlik faoliyatini falaj qilib qo‘yardi. Endilikda QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi butunlay bekor qilindi. Bu guvohnoma faqatgina hisob-kitob yuritish maqsadida beriladi va u hech qachon biznesga nisbatan ta’sir chorasi yoki jazo quroli bo‘la olmaydi.
Shuningdek, import qiluvchi kichik korxonalar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy ravishda QQS to‘lovchisi deb e’tirof etish tartibi ham bekor qilindi.
«Xato qilmagan odam - ishlamagan odam». Ayniqsa, kichik biznesda hisob-kitob, hujjat ishlarida kichik xatoliklar o‘tib ketishi tabiiy hol. Ilgari bunday xatoliklar zudlik bilan jarimalar va moliyaviy sanksiyalarga sabab bo‘lardi.
Yangi hujjat bilan 2028 yil 1 yanvarga qadar kichik biznes sub’yektlariga «Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» avtomatlashtirilgan dasturi orqali aniqlangan xatoliklarni mustaqil ravishda, hech qanday jazosiz tuzatish imkoniyati berilmoqda.
Yaratilayotgan bunday beqiyos qulayliklar, o‘z navbatida, tadbirkorlar zimmasiga ham ulkan ijtimoiy mas’uliyat yuklaydi. Endi biznes vakillari «soya»dan chiqib, shaffof ishlashi, o‘z xodimlariga munosib mehnat sharoitlari yaratishi va davlat bilan teng huquqli, halol sherik sifatida hamkorlik qilishi lozim.
Bir so‘z bilan aytganda, iqtisodiy islohotlarning yangi to‘lqini boshlandi. Bu to‘lqin O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan, biznes uchun eng jozibador mamlakatlari qatoriga olib chiqishi shubhasiz.
Davron RAVShANOV,
viloyat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari.