Suvda cho‘kish tasodif emas

Viloyatda besh yilda 80 nafardan ziyod fuqaro belgilanmagan joyda cho‘milib halok bo‘lgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili 310 ming kishi suv havzalarida cho‘kib halok bo‘ladi. Bu har soatda 30 kishi suvda vafot etadi degani.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan “Suv havzalarida xavfsizlik oyligi” doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazmali o‘quv-seminarida viloyatda suvda cho‘kish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, suv havzalarining bugungi holati, cho‘milish taqiqlangan hududlar, qutqaruv brigadalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Ahrorovning ta’kidlashicha, viloyatda 30 dan ziyod cho‘milish suv havzasi ro‘yxatdan o‘tgan. Bugungi kunda viloyatda maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi tarkibida qutqaruv g‘avvoslar brigadasi mavjud bo‘lib, ularda 16 nafar g‘avvos faoliyat olib bormoqda. Suvda qutqarish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha barcha yetarli texnika va asbob-anjomlar mavjud va shay holatga keltirilgan.

Suvga cho‘kish holatlarining aksariyati suv harorati doimiy past va oqim tez bo‘lgan cho‘milish ruxsat etilmagan joylarda qayd etilgan, - deydi U.Ahrorov. - Xususan, so‘nggi besh yilda viloyatda 71 holatda 84 nafar fuqaro belgilanmagan suv havzalarida cho‘milib yoki turli baxtsiz hodisalar oqibatida suvda halok bo‘lgan. Bunday joylarga Samarqand, Ishtixon, Paxtachi, Narpay tumanlaridagi kanallar, Kattaqo‘rg‘on, Qoratepa suv omborlari, Zarafshon, Oqdaryo va Qoradaryo daryolari kiradi. Mazkur suv ob’yektlari qishloq xo‘jaligida melioratsiya tadbirlari uchun suv yetkazib berish maqsadida barpo etilgan. Cho‘milishga mo‘ljallanmagan va cho‘milish tavsiya etilmaydi.

Chunki suvning gigiyenik holati talabga javob bermaydi, oqim juda tez, ba’zi joylarda keskin, chuqurlik tik va botiq, suv osti notekis va noma’lum, ko‘rish darajasi juda past, qirg‘oqlari beqaror. Eng yomoni, bunday joylarda yordam berishga shay turadigan qutqaruvchilar yoki qutqaruv asbob-anjomlari bilan jihozlanmagan bo‘ladi. Ayni paytda oylik doirasida belgilanmagan cho‘milish havzasiga yaqin joylashgan hududlar, mahallalar, o‘quv muassasalari va suv xo‘jaligi ob’yektlarida xodimlarimiz tomonidan profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.
Tadbir davomida mutaxassislar suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga rioya etish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, cho‘kish holatlarining oldini olish hamda qutqaruv xizmatlarining faoliyati bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

Seminarda ichki ishlar, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahallalar uyushmasi, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O.Nabiyev, Urgut tumani FVB FVPB kichik inspektori.