Samarqandda “Yosh soliqchi – 2026” forumiga start berildi
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Yosh soliqchi – 2026” forumi o‘z ishini boshladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 30 iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda ilgari surgan “Yoshlar ligasi”ni tuzish tashabbusi ijrosi yuzasidan tashkil etilgan forumda yurtimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahar soliq idoralarining 200 nafarga yaqin yosh xodimlari ishtirok etmoqda.
Forumning rasmiy ochilish marosimida Respublika soliq qo‘mitasi raisi F.Po‘latov videokonferensaloqa orqali ishtirok etib, bugungi kunda mamlakatimiz soliq idoralarida faoliyat olib borayotgan yoshlarning bilim va mahorati soha rivojida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Ilk bor tashkil etilgan forum yosh xodimlarning o‘zaro tajriba almashishi, yangi tashabbus va g‘oyalarni bildirishi uchun qulay maydon ekanligini qayd etib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so‘ng Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J.Abdiyev, qo‘mitaning inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish departamenti direktori T.To‘rayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi yoshlar parlamenti raisi O.Sobitov va boshqalar yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar, xususan, soliq tizimida yosh xodimlarning o‘rni haqida so‘z yuritdilar.

– Forumdan ko‘zlangan maqsad yosh xodimlarning bilimi, tashabbuskorligi, yetakchilik qobiliyati va kasbiy salohiyatini xolis baholash, eng munosiblarini aniqlash hamda ularga keyingi rivojlanish yo‘lini ochib berish, – deydi Soliq qo‘mitasi inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish departamenti direktori To‘rabek To‘rayev. – Binobarin, inson resurslarini boshqarish xodimlarni ishga qabul qilish yoki biror lavozimga tayinlash bilan cheklanmaydi, bu avvalo, iqtidorni o‘z vaqtida ko‘ra bilish, uni to‘g‘ri yo‘naltirish, salohiyatini natijaga aylantirish va har bir xodim uchun kasbiy o‘sish muhitini yaratishdan iborat. Prezidentimizning “Yoshlar ligasi”ni tuzish tashabbusini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan forumimiz shu maqsadga qaratilgan.
Forum qatnashchilari to‘rt kun davomida davlatimiz rahbarining “Yoshlar ligasi”ni tuzish tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha taqdimot, yetakchilik va loyihalarni boshqarish bo‘yicha mahorat darsi, “Yandex” kompaniyasi vakillari ishtirokida soliq ma’murchiligini raqamlashtirish bo‘yicha sessiya, psixolog ishtirokida jamoa ahilligi va motivatsiyasi bo‘yicha treningda qatnashadilar. Shuningdek, hududlardan kelgan jamoalar dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsion takliflarini taqdim etadilar, “Blits-so‘rov” va “Zakovat” intellektual o‘yinlarida bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazadilar.
– Bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarda bo‘lgani singari soliq tizimida ham inson omili aralashmagan raqamli texnologiyalar, sun’iy intellektdan keng foydalanilmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi axborot kommunikatsion texnologiyalar shu’basi boshlig‘i Davron Muhiddinov. – Biz ham mazkur forumga o‘zimizning “soliq start” mobil ilovasi yaratish hamda istiqbolli yosh soliqchilarni xorijga tajriba almashishga yuborish loyihalarimiz bilan ishtirok etib, ular haqida taqdimotlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. O‘ylaymanki, Samarqandda yosh hamkasblarimiz bilan muloqotlarimiz bilim va ko‘nikmalarimizni oshirishga katta turtki beradi.
Forum yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi hamda “Eng yaxshi yosh soliqchi”, “Eng yaxshi yosh lider”, “Eng yaxshi hududiy jamoa”, “Eng yaxshi startap-tashabbus”, “Eng intellektual jamoa”, “Forumning eng faol tashkilotchisi”, “Eng faol va tashabbuskor qiz” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi.