12 tur, 12 asar, 1 chempion: Qo‘shrabot tajribasi
Qo‘shrabot tumanida kitobxonlikni targ‘ib etishning o‘ziga xos va qiziqarli formati yo‘lga qo‘yildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda Yoshlar ishlari bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan «Qo‘shrabot kitobxonlari–2026» musobaqasi futbol chempionati tizimi asosida o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatli.
Tanlov 12 turdan iborat bo‘lib, har bir tur uchun bittadan badiiy asar tanlangan. Har oy yakunida ishtirokchilar o‘qilgan asar yuzasidan kompyuter orqali test sinovidan o‘tadi. Har bir turda to‘plangan ochkolar umumiy jadvalga qo‘shib boriladi. Yil yakunida eng ko‘p ochko jamg‘argan maktab jamoasi chempion deb topilib, taqdirlanadi. Shuningdek, har bir turda eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar alohida nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantiriladi.
Testlar orqali o‘quvchilarning mutolaa madaniyati, asar mazmunini tushunish, qahramonlar va voqealarni eslab qolish, mantiqiy fikrlash hamda tahlil qilish ko‘nikmalari baholanadi.
Hozirga qadar musobaqaning 6 ta turi o‘tkazilib, ularda 4100 nafardan ortiq o‘quvchi qatnashdi. 24 nafar ishtirokchi «Turning eng yaxshi kitobxoni» nominatsiyasi bilan taqdirlandi.

Musobaqaning dastlabki olti turida o‘quvchilar Antuan de Sent-Ekzyuperining «Kichkina shahzoda», Sobir O‘narning «Chambilbelning oydalasi», Tohir Malikning «Alvido, bolalik», G‘afur G‘ulomning «Shum bola», Ernest Xeminguyeyning «Chol va dengiz» hamda O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» asarlarini mutolaa qilib, bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Musobaqani sifatli tashkil etish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan. Uning tarkibiga oliy toifali ona tili va adabiyot o‘qituvchilari, yozuvchi-ijodkorlar, jurnalistlar hamda soha mutaxassislari jalb qilingan. Ular tomonidan musobaqa nizomi va o‘qiladigan asarlar ro‘yxati ishlab chiqilgan. Tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassislari esa har bir tur uchun maxsus test savollarini tayyorlab bormoqda.
«Qo‘shrabot kitobxonlari–2026» kitobxonlik musobaqasi mutolaani ommalashtirishda samarali tajribaga aylanmoqda. Futbol chempionati formati o‘quvchilarni yil davomida muntazam kitob o‘qishga, o‘z ustida ishlashga va sog‘lom raqobat muhitida bilimini sinashga undamoqda. Eng muhimi, kitob o‘qish bir kunlik tadbir emas, balki uzluksiz intellektual bellashuvga aylandi.
Shahobiddin Ravshanov,
Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi.