“Kutubxona gurunglari”da yoshlar hayot va ijod saboqlarini olishdi
Urgut tumani Dehqonobod mahallasidagi Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasida “Kutubxona gurunglari” klubining navbatdagi uchrashuvida kitobsevarlar taniqli ijodkorlar, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, faxriy jurnalist Matlab Hasanov hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri G‘olib Hasanov bilan uchrashish va dildan suhbat qurish imkoniga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar Farmon Toshev she’rlaridan namunalar tinglab, muloqot qildilar. Hayot va ijoddan saboqlar olib, adabiyot va jurnalistikaning bugungi holati, uning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr almashdilar.
Ochiq osmon ostida kechgan samimiy suhbatlar davomida ijodkorlar kitobning inson kamolotidagi o‘rni, bilim va tafakkurimizni boyitib, hayot yo‘llarimizning nurafshon bo‘lishidagi beminnat xizmati xususida to‘xtaldilar. Yoshlarni kitob bilan do‘st bo‘lishga, undan o‘zlari uchun zarur bilim, ma’naviy ozuqa va ruhiy quvvat olishga chaqirdilar.
“Kutubxona gurunglari” endigina ijod olamiga kirib kelayotgan yoshlar uchun mahorat saboqlarini olish imkonini ham berdi. Yoshlar suhbat davomida adabiyot, ijod, kitob haqidagi mulohazalarini bayon etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni o‘rtaga tashladilar, qolaversa, o‘qigan kitoblari, yod olgan she’rlaridan namunalar o‘qib berdilar.
Tumandagi maktablardan kelgan o‘quvchilarning faol ishtiroki bu kabi ma’naviy tadbirlarning ahamiyati yuqoriligini yana bir bor namoyon etdi.