Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Payariqda 7 mingdan ortiq kitob jamlangan ma’naviyat maskani ochildi

Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, zamonaviy kutubxonalar faoliyatini kengaytirish hamda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ana shunday ezgu tashabbuslar davomi sifatida Payariq tumani Xo‘ja Ismoil mahallasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Asadullo Shukurov kutubxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limlari hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Saidg‘ani Nasriddinov, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev hamda tashkilotchilar so‘zga chiqib, kutubxonaning foydalanishga topshirilishi hududda kitobxonlik harakatini yanada rivojlantirish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish va ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.

- Asadullo Shukurov kutubxonasi bugungi kunda o‘zining boy kitob fondi bilan ajralib turadi, - dedi tadbirda F.Toshev. - Unda o‘zbek, rus, tojik, ingliz, nemis, hind va boshqa tillardagi 7 mingdan ortiq badiiy, ilmiy hamda ma’rifiy adabiyotlar jamlangan. Kutubxonada klassik adabiyot, bolalar adabiyoti, diniy-ma’rifiy adabiyotlar, ilmiy-texnik adabiyotlar va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘limlar tashkil etilgan. Bu esa turli yosh va qiziqishdagi kitobxonlar, ilm-fan va adabiyot ixlosmandlari uchun keng imkoniyat yaratadi.

Yangi kutubxona nafaqat kitob mutolaasi uchun, balki ijodiy uchrashuvlar, ilmiy-ma’rifiy suhbatlar, adabiy kechalar va turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan maskan sifatida ham faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar kutubxonada yaratilgan sharoitlar, kitob fondi va bo‘limlar bilan tanishdilar. So‘ngra kutubxona fondini yanada boyitish maqsadida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 500 dona, shuningdek, viloyatimizdagi bir qator korxona-tashkilot, muassasalar hamda ijodkorlar 600 ga yaqin sara kitoblar sovg‘a qilishdi.

Tadbir yakunida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildilar.