Sakkizinchi mo‘’jiza - taraqqiyotga yetaklovchi kuch

1912 yilda Atlantika okeani qa’riga Titanik kemasi bilan birga judayam qimmatbaho yuk cho‘kib ketadi. U - oltin, olmos yoki gavhar emas u - kitob edi.
O‘sha kitob Umar Xayyomning ruboiylar to‘plami bo‘lib, inson tafakkuri va tamaddunining shonli ramzi bo‘lgan beqiyos ma’naviy meros edi. Aslida tarixdan ham kitob eng qimmatbaho boylik, ular insoniyat bilan mudom yashaydigan ruhiy meros hisoblangan. O‘tmishda har bir taraqqiyot poydevorida qalam va kitob turgan. Millatlar kitob bilan yuksalgan. Yevropa aristokratiyasi fenomeni ham kitob hisoblangan.
Lekin shunday bo‘lsa-da, keyingi paytlarda raqamlashayotgan hayot tarzi, smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar va qisqa formatdagi videolar orqali ma’lumot olishning osonligi kitobga bo‘lgan ehtiyojni so‘ndirib qo‘ymoqda. Aynan shu holat yoshlarni yuzaki fikrlash, tayyor ma’lumotlarga suyanib yashashga olib kelmoqda. Ammo kitob o‘qimaydigan odamning nutqi zaif, fikri bir yoqlama va tahlil qobiliyati cheklangan bo‘ladi. Inson qayerda bo‘lmasin, qo‘lida kitob bo‘lsa, u yolg‘iz emas. Kitob varaqlari - ular orasida inson o‘zini anglaydi, o‘ziga qaytadi, undan nafaqat bilim, balki tasalli va ibrat ham topadi. Qo‘lingizga kitob olarkansiz, uning har bir sahifasini ehtiyotkorlik bilan varaqlarkansiz, qog‘ozning o‘ziga xos ifori, harflar orasidagi sukunat va satrlar olib kirgan olam sizni o‘z domiga tortadi.
Susaygan kitobxonlik – jamiyat oynasining g‘ubori edi
Bugungi kunda mamlakatimizda ma’naviyat, ma’rifat, ta’lim va tarbiya sohalaridagi islohotlar markazida inson, ayniqsa, yosh avlod turibdi. Bir necha yillar davomida kitobxonlik madaniyatida ma’lum bir tanazzul kuzatilgani hech kimga sir emas. Texnika asri kashflariga, elektron mo‘’jizalarga bosh urilib, qog‘ozli kitoblar chetga surildi, ayniqsa bolalar uchun mo‘ljallangan badiiy adabiyotlar yetarli emas edi. Olis tumanlar aholisi asosan maktab yoki kollejlardagi kutubxonalardan foydalanar edi. Ammo 200 ming aholisi bor tumandagi 60 ta maktabda badiiy adabiyotlar soni 2 mingtadan bo‘lsayam, aholi bosh soniga bir donadan ham kitob to‘g‘ri kelmasdi.
Shuningdek, adabiy ta’limning sifatsizligi, kitob do‘konlarida bolalar uchun qiziqarli, tarbiyaviy qimmatga ega asarlarning kamligi, kutubxonalar faoliyatining pasayishi singari og‘riqli nuqtalar tutashuvida insonlarni ma’naviy to‘yina olmay qolayotgan edi.
O‘shanday sharoitda ko‘pchilik ma’lumotlarga qisqa va oson to‘yinish usulini ma’qul ko‘rib, televizor va telefon sensori ekranlari tobeligida, internet girdobida qolgan edi. Allaqachon ikkinchi planga o‘tib qolgan kitob varaqlashga bo‘lgan e’tibor susayayotgan bir davrda insonlarni qaytadan kitobga qaytarish, o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun jiddiy harakat, kuchli tashabbus talab etilar edi.
Kitobga qaytish
Aynan shunday bir sharoitda, mamlakatimizda Prezidenti tashabbusi bilan kitobxonlikni targ‘ib qilish, ma’naviyatni yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Bu faqatgina kitoblar nashri, kutubxonalar qurilishi emas, balki jamiyatda kitobga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan ma’naviy uyg‘onish jarayoni edi.
Jumladan, Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aholini samarali axborot-kutubxona xizmati bilan ta’minlash tizimini yaratish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilangan bo‘lib, bu sohani yangi rivojlanish bosqichiga o‘tishiga xizmat qildi hamda ijtimoiy-axborot madaniyati darajasini yuksalishida kutubxonalarning rolini kuchaytirdi, shuningdek, zamonaviy innovatsion ta’lim texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish imkonini berdi.
Umuman, ushbu qaror ko‘pchilikning mudroq ongini tebratgan katta voqelik bo‘ldi. Qarordan so‘ng, mamlakat bo‘ylab katta islohotlar boshlandi. Har bir tuman va shaharda zamonaviy kutubxonalar qurildi. Yoshlarni jalb etish uchun "Yosh kitobxonlar", "Bir oila - bir kitob", "Kitobxon maktab" kabi tashabbuslar joriy etildi. Milliy va jahon adabiyotiga oid yuzlab asarlar qayta nashr etildi, ba’zilari ilk bor o‘zbek tilida chop etildi. Kutubxonachilarning mehnati qadrlandi, kitobxonlik tanlovlari an’anaviy tus oldi.
Sharoitlar yaratilishi fonida yoshlarga shunchaki “kitob o‘qing”, degan chaqiriq, quruq da’vatlar emas, balki amaliy harakat, moddiy rag‘bat, tanlovlar, mukofotlar, grantlar, maxsus o‘quv dasturlari joriy etildi. Eng yaxshi kitobxonlar - mashina, velosiped, noutbuklar bilan taqdirlandi. Kitob o‘qigan bola birinchi marta jamiyat ko‘z o‘ngida alohida e’tiborga loyiq shaxs sifatida tan olindi. U endi oddiy o‘quvchi emas, balki bilim va madaniyat elchisiga aylandi. Albatta, kimdir aytishi mumkin: kitob uchun moddiy rag‘bat shartmi, deb, ammo real hayotda har qanday fazilat, avvalo, tan olinishi, rag‘batlantirilishi, qadrlanishi kerak. Bu - inson psixologiyasining o‘ziga xos ehtiyoji.
Yana bir imkoniyat - onlayn kutubxona platformalari yaratilishi - kitobxonlikda yangi davrni boshladi. Bu tashabbus tufayli kitobxonlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Endi zamonaviy texnologiyalar yordamida istalgan kitobni turli elektron platformalar orqali topish, o‘qish va hatto yuklab olish imkoni yaratildi. Uydan chiqmagan holda kitob varaqlash imkoni, kitobxonlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Yana bir jihat: avvallari kutubxonadan bor kitobni tanlashga majbur bo‘lgan o‘quvchi, bugun dunyo adabiyotining eng nodir, sara namunalarini internet orqali mustaqil tanlash va o‘qish imkoniga ega bo‘ldi. Minglab resurslar orqali istalgan asarni topish oddiy kitobxon uchun qo‘l yetadigan imkoniyatga aylandi. Kutubxonalar endi to‘rt devor orasida emas - ular global, cheksiz, zamon va makondan mustaqil ilm manbaiga aylandi...
- Har qanday sohaning rivoji uchun, avvalo, unga to‘siq bo‘lmaslik, ikkinchidan esa uni qo‘llab-quvvatlash kerak. Masalan, 2018 yildan buyon nashriyotlar faoliyati uchun litsenziya talab etilmaydi. Bu – oldinlari muammoli masala edi, - deydi «Asaxiy.uz» internet do‘koni asoschisi, tadbirkor Firuz Allayev. - Bizning nashriyotimiz tomonidan o‘tgan yili 5 million 500 mingdan ortiq kitob sotildi. 7-8 yil oldin cho‘lning o‘rtasiga yoki tog‘ning tepasida internet orqali kitob buyurtma qilib, 48 soat ichida olish mumkin deb tasavvur qilish qiyin edi. Hozir esa bu amaliyot odatiy holga aylandi.
Kitobxonlikning o‘sishi uchun ikki muhim omil bor: birinchisi – so‘z erkinligi. Ya’ni, jamiyatda erkin fikrlash muhiti bo‘lsa, odamlar serial ko‘rib vaqt o‘tkazmay, hayot haqida o‘ylay boshlaydi, savol beradi, podkast tinglaydi, hujjatli filmlar ko‘radi va kitob o‘qishga intiladi. Ikkinchisi – iqtisodiy farovonlik. Agar bilimli insonlar yaxshi daromad qilib, o‘z kasbini yuksaltirsa, aholida ham ta’limga bo‘lgan qiziqish ortib boradi. Ota-onalar bolalarini qo‘shimcha to‘garak va darslarga, xususiy maktablarga yetaklab boryapti, bu - mamlakatda ta’limga bo‘lgan umumiy talab oshganini ko‘rsatadi.
O‘z navbatida, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini ommalashtirishga, aholida kitob o‘qishga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otish va barcha uchun kutubxona va axborot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, yosh kitobsevarlar sonini 5 millionga yetkazish, har yili 100 ta badiiy asar va bolalar hamda o‘smirlar uchun 50 ta kitob yaratish, “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” ko‘p jildlik va “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 100 jildligini o‘zbek tilida nashr etish hamda qariyb 40 millionga yaqin kitob fondini raqamlashtirish ishlari ham “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida belgilangan vazifalardir. Bundan tashqari, nashriyot va matbaa korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etmoqda. Ya’ni, 60 dan ortiq viloyat, tuman va shahar axborot-kutubxona markazlarida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, 18 ta yangi axborot-kutubxona markazi qurilgan.
Kitobxonlik oiladan boshlanadi
Achchiq haqiqat shuki, bugungi shiddatli zamonda bolalarimizni internet girdobidan, faqatgina kitob degan ma’naviyat kemasi qutqarib qolishi mumkin. Kitobxonlik oilada shakllanadi. Kitob o‘qigan ota-ona tarbiyasida ulg‘aygan bola uchun kitob o‘qish vazifa emas - odat, zarurat, hayot tarziga aylanadi. Kitob o‘qigan bola so‘z boyligiga ega bo‘ladi, fikrlaydi, tushunadi, farqlaydi. Bu esa uning hayotidagi har bir qaror, tanlov va harakatda namoyon bo‘ladi. Kitobdan bebahra bola esa internet oqimida shaxsiyatini yo‘qotishi, axborot va axloqda “bir kunlik” qarashlardan ta’sirlanishi ehtimoli yuqori.
Shuning uchun har bir oilada shaxsiy kichik kitob javoni bo‘lsa, kechqurun 30 daqiqa birgalikda kitob o‘qishga odatlansa, farzandga kitob sovg‘a qilish an’anaga aylansa, o‘qilgan kitoblar ustida suhbat qilish ham bola tafakkurini ochadi. Shunday ekan, har bir ota-ona o‘z farzandiga kitobga mehrni erta ekishi kerak. Chunki bu mehr nafaqat bolani, balki kelajakni ma’rifat nurida tarbiyalaydi.
Eng yaxshi sovg‘a
Ayni paytda, kitob har kimning qo‘lidan keladigan, arzon, biroq ma’naviy qimmati juda yuksak sovg‘a. Bu - to‘yda ham, bayramda ham, hatto oddiy mehmondorchilikda ham uzatish mumkin bo‘lgan ma’rifat ramzi. Samarqandlik bolalar shoiri To‘lqin Siddiq aytadi: ”Keyingi paytlarda maktablarda ota-onalar tomonidan, farzandlarini tug‘ilgan kuniga tort yoki shirinlik olib borish urfga kirgan. Bir safar farzandim tug‘ilgan kunida, men ham maktabga xuddi shunday tort qutisidan ko‘tarib bordim. Borsam o‘qituvchi tort tarqatishga jihozlar hozirlab qo‘yibdi. Bolalar intiq qutiga qaraydi. Shunda quti to‘la sovg‘alar - kitoblarni ularga tarqatdim. Zora, bu ishim boshqa ota–onalarga o‘rnak bo‘lsa. Bugun kitobni sovg‘a qildikmi - ertaga uni o‘qiguvchi bola, yuksak fikrlaydigan, mas’uliyatli insonga aylanadi. U yangi g‘oyalar, yangi tashabbuslar bilan yurtga foyda keltiradi. Kitobni sovg‘a qilish - ma’naviyat ulashish. Bu bilan birgina ota-ona emas, balki millat yutadi”.
Kitob - do‘st
Bugungi tezkor axborot asrida do‘st tushunchasi qiymati va qadri arzonlashib borayotgan bir davrda, kitobni faqat do‘st deb atash kam. U - dunyoga ko‘z ochishimizda boshlovchi ustoz, taraqqiyotga yetaklovchi yo‘lboshchi, ma’naviy qashshoqlikka qarshi qalqon, millat kelajagining asosiy suyanchig‘idir. Kitobsiz inson - g‘oyasiz, yo‘nalishsiz inson. Kitobsiz jamiyat - ruhsiz, mazmunsiz jamiyat. Shuning uchun kitob o‘qishni individual ehtiyoj emas, balki ijtimoiy mas’uliyat deb qabul qilish vaqti keldi. Kitob bilan do‘st bo‘lgan yurt - hech qachon mag‘lub bo‘lmaydi.
Zotan, dunyoning sakkizinchi mo‘’jizasi, deb e’tirof etiluvchi kitobning har sahifasi, har bir satri - zehn charog‘ida miltiragan nur, zulmat sarhadining daxliy sohibqironi, ko‘ngil maylining mayog‘i, oliy idrokning ibtidosi va intihosi.
Albatta, bu iddaolar - zamonlar osha kelayotgan inkorsiz aksioma.
Shuhrat Normurodov.