ChatGPT nega vrach bo‘la olmaydi?
Keyingi paytda ko‘p vrachlar ham, bemorlar ham ChatGPTdan tibbiy savollar so‘rab ko‘ryapti.
Hamma hayron: “Neyron tarmoqlar USMLE’ (AQShda tibbiyot tizimida ishlash uchun lozim bo‘ladigan murakkab imtihon)ni a’lo darajada topshirayotgan bo‘lsa, nima uchun vrachning o‘rnini bosolmaydi?”.
Javob oddiy: Tibbiy imtihon — bu test. Haqiqiy tibbiyot — bu noaniqlik.
Bir misol, siz vrachga kelasiz va “Mana bu yerim og‘riyapti. Kecha kechqurun osh yegan edim…”, deganingizdan so‘ng, vrach siz bilan gaplashadi, kuzatadi, analiz qiladi.
ChatGPT esa shunday vaziyatda hali ham “internet markazida yashaydi”.
Yaqinda juda qiziq tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Olimlar 10 ta eng kuchli modelni (ChatGPT, Claude, DeepSeek, Gemini va b.) 750 ta real klinik vaziyat bilan tajriba-sinovdan o‘tkazishdi. Natijalar esa kutilgandek emas: hech bir model tajribali vrach darajasida natija ko‘rsata olmadi.
“Mantiqiy fikrlaydigan” modellar esa aksincha, eng yomon natijani ko‘rsatishdi.
Ular o‘z-o‘zini “ishontirib”, keskin +2 yoki -2 xulosa chiqaradi, vrach esa ehtiyotkor +1 yo 0 deydi. Bunday holat “kompetentlik illyuziyasi” deyiladi.
Nima uchun bu xavfli?
Vrachlarning bilimi faqat darsliklarga tayanib qolmagan. Vrachlar har bir bemorning anamnezni tinglaydi, bemorning tashqi ko‘rinishi, holati, nafas olishi titrog‘igacha ko‘radi, har bir ehtimolni sinchkovlik bilan baholaydi. O‘zining 10 yillik, balki undan ortiq tajribasiga suyanadi va eng muhimi, javobgar qaror qabul qiladi.
ChatGPT esa shunchaki matn tuzadi.
Xulosa
Tibbiyotdan xabardorlik va klinik mushohada hamda fikrlash — ikki xil kasb.
ChatGPT - bu har qanday mutaxassisning yordamchisi bo‘la olishi mumkin. Lekin vrachlik - ulkan mas’uliyat, tajriba va inson taqdirini hal qila olishi mumkin bo‘lgan noaniqliklarni boshqarishdek murakkab vazifalardan iborat.
ChatGPT vrachning o‘rnini bosa olmaydi.
Gulzoda NEGMATOVA,
viloyat endokrinologiya dispanseri bosh shifokori.