Jomboy suv ta’minotida quyosh energiyasidan foydalanilmoqda

Bu haqda “Samarqand suv  ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati va uning tuman, shahar filiallari tomonidan 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Jamiyat rahbari Tolib Boboyevning qayd etishicha, bugungi kunda tizimda muqobil energiya manbalaridan foydalanish, suv va oqova inshootlariga quyosh panellari o‘rnatish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda.

– Viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida quyosh panellari orqali olingan elektr energiyasidan foydalanish va buning natijasida toza ichimlik suvi va oqova uchun elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishni asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilaganmiz, – deydi Tolib Boboyev. – Bu borada o‘tgan yil Jomboy tumanida tajriba-sinov tarzida  barcha suv inshootlarimizda quyosh panellari va zarur uskunalar o‘rnatdik. Buning uchun o‘z mablag‘imiz ham kredit hisobidan qariyb 1 milliard so‘m sarflandi. Natija juda yaxshi bo‘ldi va iste’molchilarga ichimlik suvi yetkazib berish va oqova xizmatlari uchun sarf bo‘ladigan elektr energiyasi sarfi kamaydi. Eng muhimi, xizmat ko‘rsatish sifati oshdi. Endi boshqa tuman va shaharlarni ham shu tarzda navbati bilan to‘liq muqobil energiya manbalariga o‘tkazish bo‘yicha ish olib boryapmiz.

Jamiyat rahbarining qayd etishicha, o‘tgan yil “Samarqand suv ta’minoti” korxonasi xizmatidan foydalanadigan iste’molchilar soni qariyb 20 ming nafarga ko‘payib, viloyat bo‘yicha 376 ming nafarga yetdi. Iste’molchilarning debitor qarzdorligi esa 2025 yil boshida 42 milliard 647 million so‘mni tashkil etgani holda yil yakuni bilan 11 milliard 870 million so‘m (28 foiz)ga kamayishiga erishildi. Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 262 milliard 627 million so‘m mablag‘ undirilib, undiruv darajasi 106 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga jamiyat tomonidan muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni undirish maqsadida sudlarga 2715 ta (19 milliard 684 million so‘mlik) da’vo arizalari kiritilgan.

Viloyat aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida yil davomida shahar va tumanlarda 59,3 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 8 ta suv inshooti qurilib, 4 tasi rekonstruksiya qilindi hamda 51,6 kilometr yangi ichimlik suv tarmoqlari tashkil etildi. Suv inshootlariga 104 dona yangi nasoslar uskunalar o‘rnatildi.

O‘tgan yilgi eng katta o‘zgarishlardan biri shu paytgacha soatbay suv bilan ta’minlangan Samarqand shahrida yashovchi 42 ming aholining tunu kun uzluksiz toza ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrab olinishi bo‘ldi.

Matbuot anjumanida jamiyatning joriy yilga mo‘ljallangan rejalari haqida ham ma’lumotlar berilib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.