Qalqonsimon bez kasalliklari qanday kelib chiqadi?

Qalqonsimon bez – inson organizmidagi eng muhim endokrin organlardan biri. U moddalar almashinuvini, organlarning o‘sishi va rivojlanishini boshqaradi, shuningdek, issiqlik hosil qilish, kislorod so‘rilishi va hujayra immuniteti kabi jarayonlarda muhim rol o‘ynaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 10-30 foizi qalqonsimon bez kasalliklaridan aziyat chekar ekan. So‘nggi yillarda bu kasallikning ko‘payishi ekologik muammolar, yod yetishmasligi, genetik omillar va zamonaviy hayot tarzi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Mamlakatimizda ham bu muammo dolzarblashib, aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir.

Charchoq, depressiya, mushak og‘riqlari...
Qalqonsimon bez kasalliklari, xususan, gipotireoz (gormon yetishmasligi) va tireotoksikoz (gormon ortiqchaligi) keng tarqalgan. Ayni kasalliklarning tarqalishiga bir qator omillar sabab bo‘ladi. Mintaqamizning ayrim hududlarida oziq-ovqat orqali yetarli yod olinmasligi ham qalqonsimon bez kasalliklarini keltirib chiqaradi. Zamonaviy hayot tarzida ko‘p uchraydigan stress, noto‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy harakatsizlik gormonal muvozanatni buzadi.
Qalqonsimon bez kasalliklarini erta tashxislashda jiddiy muammolar mavjud. Subklinik gipotireoz ko‘pincha aniqlanmay qoladi, chunki uning alomatlari aniq emas. Bemorlarda charchoq, depressiya, mushak og‘riqlari yoki bo‘g‘imlarda shish kabi belgilar bo‘lishi mumkin, lekin ular ko‘pincha boshqa kasalliklar bilan adashtiriladi. Masalan, gipotireoz alomatlari revmatologik yoki nevrologik kasalliklarga o‘xshab, tashxisni kechiktirishi mumkin. Gipotireozda 18-72 foiz bemorlarda polineyropatiya yoki bo‘g‘im artropatiyasi kabi asoratlar kuzatiladi, bu esa tashxisni yanada murakkablashtiradi.
Ko‘pincha bemorlar kasallikning og‘ir shakllari rivojlangandagina shifokorga murojaat qilishadi, bu esa davolashni qiyinlashtiradi. Masalan, og‘ir gipotireoz holatlarida yurak yetishmovchiligi yoki gipotireoid koma kabi hayotga xavf tug‘diruvchi asoratlar yuzaga kelishi mumkin.

Yodga boy mahsulotlar iste’mol qiling!
Mamlakatimizda bu kasallikni davolashda qiyinchiliklar mavjudligini qayd etish lozim. Boisi radioaktiv yod terapiyasi va zamonaviy jarrohlik usullari cheklangan miqdorda qo‘llaniladi, chunki bu usullar maxsus jihozlar va malakali mutaxassislar talab qiladi. Bundan tashqari, bemorlarning muolajaga rioya qilmasligi yoki moliyaviy qiyinchiliklar tufayli davolash jarayoni to‘xtab qolishi mumkin. Masalan, tireostatik dorilar bilan davolanish uzoq muddat talab qilsa-da, ba’zi bemorlar davolanishni erta to‘xtatadi va bu kasallikning qaytalanishiga olib keladi.
Qalqonsimon bez kasalliklarining oldini olish va erta tashxislash uchun bir qator choralar zarur. Avvalo, yod profilaktikasi muhim ahamiyatga ega. Yodlangan tuz, dengiz mahsulotlari, sut mahsulotlari va yodga boy oziq-ovqatlarni iste’mol qilishni kengaytirish kerak.
Bundan tashqari, aholining muayyan guruhlari, xususan, yoshi katta ayollar va genetik moyilligi bo‘lgan shaxslar uchun muntazam skrining dasturlari tashkil etilishi zarur. Bu dasturlar tireoid gormonlari darajasini tekshirish va ultratovush tekshiruvlarini o‘z ichiga olishi ayni muddao. Ekologik xavfsizlikni ta’minlash uchun nurlanish va kimyoviy ifloslanishni kamaytirish bo‘yicha davlat dasturlari joriy etilishi lozim. Masalan, sanoat chiqindilarini nazorat qilish va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash bu borada muhim qadam bo‘ladi.

Faqat tibbiy emas, ijtimoiy muammo
Zamonaviy tibbiyotda qalqonsimon bez kasalliklarini tashxislashda ilg‘or texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Yuqori aniqlikdagi ultratovush tekshiruvlari, immunogenetik testlar va molekulyar diagnostika usullari kasalliklarni erta aniqlash imkonini beradi. Shu bilan birga, individual davolash yondashuvlari, masalan, bemorning genetik profiliga asoslangan terapiya ishlab chiqilmoqda. Bu usullar kelajakda davolash samaradorligini oshirishi kutilmoqda.

Nodira ShONAZAROVA,
Madina ERGAShEVA,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti 3-son ichki kasalliklar kafedrasi assistentlari, PhD.