Qanday ob’yektlar “1 so‘m” xarid qiymatida auksionga chiqariladi?
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 3 sentyabrdagi “Er uchastkalarini onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish va kadastr sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini takomillashtirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Ushbu qaror bilan elektron auksionlar orqali yer uchastkalarini sotish va kadastr sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini takomillashtirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko‘ra, kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolarga chiqarishda ushbu sanoat va tadbirkorlik zonalari direksiyalari buyurtmachi hisoblanadi.
Olis va cho‘l hududlarda tashkil etiladigan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi yer uchastkalari 2025 yil 5 sentyabrdan “1 so‘m” xarid qiymatida auksionga chiqarilishi belgilangan. Shuningdek, Soliq qo‘mitasining QQS to‘lovchi yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron axborot tizimi “E-auksion” elektron onlayn-auksion savdo platformasiga integratsiya qilinadi. Ko‘p kvartirali turarjoylar qurish uchun yer uchastkalari bo‘yicha auksion g‘oliblari ajratilgan yerda qurilish ishlarini boshlab uni foydalanishga topshirgunga qadar bo‘lgan jarayonlarni “Onlayn mahalla” elektron platformasida monitoring qilib borish tizimi yaratiladi. Shu bilan birga, “E-auksion” elektron onlayn-auksion savdo platformasi va Kadastr agentligining “UZKAD” kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi va bu auksionda realizatsiya qilingan yer uchastkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron platformada real vaqt rejimida mahallalar kesimida kuzatish imkonini beradi.
Qahramon EShONQULOV,
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ viloyat hududiy vakili.