Qo‘mita a’zolari Samarqandda qonun ijrosini o‘rgandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Samarqand viloyatida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun ijrosi o‘rganilib, uning natijasi bo‘yicha tegishli mutaxassislar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Viloyat, shahar va tuman hokimliklarining mas’ul xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda davlat organlari faoliyati haqidagi axborotni jamoatchilikka o‘z vaqtida va tushunarli yetkazish, rasmiy veb-saytlar va axborot resurslariga ochiq ma’lumotlarni kiritish, fuqarolar hamda jurnalistlarning axborot olish imkoniyatlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishga qadar qo‘mita a’zolari tomonidan viloyat hokimligida qonun normalari ijrosi o‘rganildi. Viloyat faoliyatiga oid asosiy ma’lumotlar rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgani, jumladan, rahbariyat, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari, davlat xaridlari, aholi murojaatlari va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida axborotlar ochiq taqdim etilayotgani ma’lum bo‘ldi. Byudjet jarayoniga oid choraklik ma’lumotlar, kapital qo‘yilmalar va moliyaviy hisobotlar ham rasmiy veb-saytda joylashtirib borilmoqda.
Shuningdek, ochiq majlislar va jamoatchilik uchun muhim tadbirlar haqida axborot berish tartibi ham o‘rganildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, majlisning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi haqidagi ma’lumotlar kamida uch kun oldin e’lon qilinib, fuqarolar va jurnalistlarning ishtirok etishi uchun sharoit yaratilgan.
Axborot olish bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash amaliyoti ham tahlil qilindi. Xususan, oxirgi bir yilda hokimlikka jami 51 ta axborot so‘rovi kelib tushgan bo‘lib, ularning barchasiga qonunda belgilangan muddatlarda javob berilgan.
– Yig‘ilishda ushbu yo‘nalishdagi mavjud yondashuvlarni muhokama qilib, ochiqlikni yanada ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirdik, deydi qo‘mita a’zosi Diyop Husanov. – Shu bilan birga, ma’lumotlarni sodda va qulay shaklda taqdim etish hamda axborot xizmatlarining jamoatchilik bilan samarali muloqotdagi rolini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdik. Ochiqlikni yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar berdik. Xususan, ma’lumotlarni yagona standart asosida shakllantirish va e’lon qilish uchun “Ochiqlik axborot reyestri”ni joriy etish, murakkab statistik va moliyaviy ma’lumotlarni infografika, jadval va interaktiv formatlarda taqdim etish, rasmiy veb-sayt hamda ijtimoiy tarmoqlar o‘rtasidagi kontent aloqadorligini kuchaytirishni taklif qildik.
Muhokamalar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ochiqlikni ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish va qonun talablarini amaliyotga to‘liq tatbiq etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar umumlashtirilib, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash va fuqarolarning axborot olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.